Mamlakatimizda “Prezident archasi” bayram tantanalari boshlandi
30.12.2009

archa.gifPrezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida farzandlarimizni hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar etib tarbiyalash, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoyalash, ta’lim-tarbiya olishi, salomatligini mustahkamlashi yo‘lida g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning pirovard maqsadini tashkil etadi. Yangi yil arafasida yurtimizda an’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi “Prezident archasi” bayram tantanalari buning amaldagi yana bir tasdig‘idir.

29 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida ana shunday tantanalar boshlandi. “Sen Yolg’iz Emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirga shahardagi barcha Mehribonlik uylari, SOS – Bolalar shaharchasi, maxsus maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, serfarzand oilalarning o‘g‘il-qizlari taklif etildi.

Yurtimizda mutlaqo yangicha, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy yangilik va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol topayotgan ma’naviy va jismoniy yetuk yoshlarni tarbiyalashning mukammal tizimi yaratilgan. Hayotga izchil joriy etilayotgan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlar, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yosh avlodning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib voyaga yetkazish, qiziqishi va layoqatiga monand kasb-hunar egallashiga yaqindan ko‘maklashish, ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish imkonini bermoqda.

Ayni paytda ota-ona mehridan bebahra, ijtimoiy, tibbiy ko‘makka muhtoj, murakkab sharoitda qolgan bolalarga alohida mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyatga integratsiyalashuvi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish davlatimizning doimiy diqqat markazida. Bu jihatlar Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, maxsus maktab-internatlar, bolalar ijtimoiy reabilitatsiya markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish, zarur texnika, mebel, o‘quv-uslubiy, kompyuter jihozlari bilan ta’minlash, inklyuziv ta’limni izchil rivojlantirish, pedagoglar, ijtimoiy-pedagogik ko‘mak xizmati mutaxassislari mehnatini munosib qadrlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishda namoyon bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Barkamol avlod yili» deb e’lon qilingan 2010 yilda bu yo‘nalishdagi ezgu chora-tadbirlar ko‘lami yanada ortadi. Yoshlar kamoloti va istiqboli yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan bunday ishlar xalqaro miqyosda ham samarali islohotlar sifatida tan olinmoqda.

– Bizning ta’lim-tarbiya maskanimiz yaqinda o‘tkazilgan «Eng yaxshi Mehribonlik uyi» respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘ldi, – deydi poytaxtimizdagi 21-Mehribonlik uyi direktori Malik Ro‘ziqulov. – Yuz nafarga yaqin o‘g‘il-qiz tarbiyalanayotgan ushbu dargohda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga milliy qadriyatlarimiz asosida tarbiya berish, ta’limning kelgusi bosqichi bilan qamrab olish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud. Bularning bari davlatimizning yoshlar kelajagi yo‘lida ko‘rsatayotgan e’tiborining amaldagi yorqin tasdig‘idir.

– Bunday katta bayramda birinchi marta ishtirok etdim, – deydi poytaxtimizdagi 31-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Sevara Ortiqova. – Prezidentimizning Yangi yil sovg‘asini olish bolalar uchun katta quvonch. Biz, bolalarga shunday quvonch hadya etayotganlari uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.

Musiqa yangraydi. Qorbobo, Qorqiz, turli ertak qahramonlari kichkintoylarni jo‘rovozlikda qo‘shiq kuylashga, sho‘x-shodon raqsga tushishga chorlaydi. Archa atrofida bolalarning beg‘ubor kulgusi yangraydi. Bayram tadbirida san’atkorlar, ijrochi yoshlar, sirk ustalari, bolalar badiiy jamoalari ishtirokida “Mo‘jizalar olamiga sayohat” mavzuida teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi.

Tantanada qatnashgan barcha kichkintoylarga Prezident sovg‘alari topshirildi. «Prezident archasi» bayram tantanalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham bo‘lib o‘tmoqda.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 21.02.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati