O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot
16.04.2010

2010 yil 16 aprelda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yil birinchi choragidagi yakunlari ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan respublika hukumatining 2010 yil 29 yanvardagi majlisida belgilab berilgan 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

Majlisda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari, makroiqtisodiy muvozanatlilikni, iqtisodiyotni yuksaltirishning barqaror sur’atlarini ta’minlash, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha eng muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilishini jadallashtirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi har tomonlama ko‘rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi.

Qayd etib o‘tildiki, iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarining, 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturi tadbirlarining tizimli va izchil amalga oshirilishi tufayli nafaqat jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi salbiy ta’sirining oldini olish, balki makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sishning yuqori va barqaror sur’atlari ham ta’minlanmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 7,6 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, shu jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 8,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 6,1 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 12,2 foizga, qurilish ishlari hajmi 20,1 foizga ko‘paydi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi, inflatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmadi.

Eksport salohiyatini oshirish va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini yangi tashqi bozorlarga chiqarish yuzasidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar eksport hajmlarining 22,1 foizga o‘sishini va tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha salmoqli ijobiy saldoga erishishni ta’minladi.

Joriy yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 2,6 baravar ko‘p o‘zlashtirildi. Texnik jihatdan modernizatsiyalash bo‘yicha 29 ta loyihani amalga oshirish tugallandi, 118 ta yangi ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi.

Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish jarayonida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmlari ko‘payishini ta’minlaydigan strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi. 2010 yilda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga doir 418 ta loyiha bo‘yicha obyektlarning foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanganligi ta’kidlab o‘tildi.

Nooziq-ovqat iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ular bilan ichki iste’mol bozorini to‘ldirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish masalalari har tomonlama tahlil qilindi. Qayd etib o‘tildiki, mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sohasiga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalarining o‘sishi tufayli joriy yilning birinchi choragida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 8,9 foizga, shu jumladan, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 9 foizga ko‘paydi.

Majlisda muhokama qilish davomida «O‘zbekengilsanoat» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi rahbarlari faoliyatiga tanqidiy baho berilib, ular zimmasiga respublika yengil sanoatini yanada rivojlantirish, shu jumladan, sifatli, raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, eksport assortimentini kengaytirish, yangi istiqbolli bozorlarni izlash, tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Aholi bandligini ta’minlash hamda shu bilan bog‘liq bo‘lgan aholi daromadlarini ko‘paytirish va hayot sifatini yaxshilash muammolarini hal etish eng muhim va asosiy vazifalar jumlasidandir. Shu munosabat bilan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan 2010 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining amalga oshirilishi mufassal tahlil qilindi.

Qayd etib o‘tildiki, tizimli va aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida joriy yil boshidan buyon respublikada 215,4 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi, shundan 150,1 mingtadan ko‘prog‘i yoki qariyb 70 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.

Kasanachilikni va xalq hunarmandchiligini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi choragida qo‘shimcha ravishda 53,1 mingta ish o‘rni tashkil etilishini ta’minladi.

Muhokama davomida yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi mavjud zaxiralarni safarbar etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Kasanachilikni, eng avvalo, sanoat korxonalari bilan kooperatsiyalashuv asosida rivojlantirish, joriy yilning birinchi choragida 135,4 mingta ish o‘rni tashkil etilishini ta’minlagan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmatlar ko‘rsatish va servis sohasi rivojlanishini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Majlisda mamlakatimizda sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi tadbirlarining amalga oshirilishi muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning birinchi choragida Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirishga 1,4 trillion so‘m va 25,4 million AQSH dollari yo‘naltirildi.

Onalarning reproduktiv salomatligini va bolalarni himoya qilishni yanada yaxshilash, ustuvor ravishda profilaktikaviy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, sog‘lom avlodni shakllantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ta’lim muassasalari va bolalar sporti obyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy adabiyotni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

O‘quv jarayoniga yangi axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, shu jumladan, 1551 ta maktabni kompyuter texnikasi bilan, shuningdek, qishloq joylardagi 316 ta maktabni o‘quv-laboratoriya anjomlari bilan jihozlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida yoshlar uchun 106,8 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Yosh oilalarning turar-joy sharoitini yaxshilash maqsadida ularga 23,8 mlrd.so‘m miqdoridagi imtiyozli ipoteka kreditlari ajratildi.

Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbarlarining e’tibori qat’iy ma’naviy-axloqiy e’tiqodga va uyg‘un dunyoqarashga ega bo‘lgan, chetdan bo‘ladigan g‘oyaviy va ma’naviy tahdidlarga, turli illatlarga qarshi turishga qodir bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashga doir ishlarni yanada kuchaytirish muhimligiga qaratildi.

Shu bilan bir qatorda, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga Davlat dasturida nazarda tutilgan har bir tadbirning amalga oshirilishini jadallashtirish yuzasidan aniq vazifalar yuklandi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va respublikadagi yirik korxonalar hamda viloyatlar hokimliklari rahbarlari so‘zga chiqdilar. Respublika hukumati majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ularda 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 29.03.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati