OTBning Toshkent anjumani: rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik
03.05.2010

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 3 may kuni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 43-yillik majlisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizning Osiyo taraqqiyot banki bilan kengayib borayotgan hamkorlik aloqalarini yuksak qadrlaymiz, so‘nggi yillarda ham kredit portfeli hajmi bo‘yicha, ham Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik doirasida yetakchi xalqaro moliya institutiga aylangan mazkur bank muhim strategik sheriklarimizdandir, deb ta’kidladi.

Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kuroda o‘z chiqishida Prezident Islom Karimov va O‘zbekiston xalqiga OTBning mazkur forumi – bank Boshqaruvchilar kengashining Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan majlisini tashkil etishda ko‘rsatgan katta yordami uchun minnatdorlik izhor etdi. OTBning asosiy vazifasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarga iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlanishda ko‘maklashish, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, inson resurslarini rivojlantirish, ekologik muammolar, jumladan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda yordam berishdan iboratdir.

1966 yilda tashkil etilgan Osiyo taraqqiyot banki bugungi kunda katta moliyaviy va texnik imkoniyatlarga ega. 67 davlat, jumladan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 48, Yevropaning sanoati rivojlangan qator mamlakatlari, shuningdek, Kanada va AQSH mazkur bankning a’zolari hisoblanadi. Bank rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikka oid loyihalarni moliyalashtirish hamda ushbu sohalarda texnik ko‘mak berish bilan birga aholining milliy salohiyati va turmush sifatini oshirishga yo‘naltirilgan, puxta o‘ylangan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratmoqda.

OTBning O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va samarali hamkorligi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Mamlakatimiz 1995 yildan buyon ushbu yirik xalqaro moliya tashkilotining teng huquqli a’zosidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan mashhur besh tamoyilga asoslangan, jahonda rivojlanishning «o‘zbek modeli» deb keng e’tirof etilgan islohotlarni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish samarasida O‘zbekistonda makroiqtisodiy muvozanat va barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanmoqda.

Shu bois ushbu nufuzli xalqaro moliya tashkilotining bunday muhim forumini aynan Toshkentda o‘tkazishga qaror qilindi. Mamlakatimizning Prezident Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish borasidagi tajribasi jahonda keng o‘rganilmoqda.

2009 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8,1 foizni tashkil etgani O‘zbekistonda o‘z vaqtida qabul qilingan inqirozga qarshi kompleks choralar samaradorligining amaliy natijasidir.

O‘tgan yilda milliy iqtisodiyotimizga jalb qilingan investitsiyalar umumiy hajmi qariyb 26 foizga, jumladan, xorijiy investitsiyalar 68 foizga ko‘paydi. Bu esa, o‘z navbatida, xorijlik ishbilarmon doiralarning mamlakatimizga, bu yerda yaratilgan qulay investitsiya muhitiga ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 2010 yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,6 baravar ko‘p o‘zlashtirildi. O‘zbekiston moliya siyosatining o‘ziga xos jihati shundaki, xorijiy kreditlar, jumladan, OTBning kredit liniyalari bo‘yicha mablag‘lar uzoq muddatli asosda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturiga kiritilgan strategik investitsiya loyihalarini moliyalash, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida jalb etilmoqda.

OTB mamlakatimiz bilan kredit hamkorligi bo‘yicha xalqaro moliya institutlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Ushbu hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, transport infratuzilmasini takomillashtirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda strategik ahamiyatga ega qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotir.

O‘zbekiston va OTB avtomobil hamda temir yo‘llar tarmog‘ini kengaytirish, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi transport yo‘lagining bir qismi bo‘lgan O‘zbekiston milliy avtomagistralini rivojlantirish uchun faol hamkorlik qilmoqda.

Qiymati 300 million dollarlik “Suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida multitranshli moliyalash dasturi” 2009 yildan amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biridir. Ilgari qabul qilingan ana shunday loyihani amalga oshirish doirasida Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarining 170 aholi punktida quvurlar o‘tkazilmoqda hamda mavjud uskunalar holati yaxshilanmoqda.

O‘zbekistonning OTB tomonidan ajratilgan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarayotgani jahon moliya bozorlarida mamlakatimizga bo‘lgan ishonchni yanada oshirmoqda. Ta’kidlash joizki, global inqiroz sharoitida ko‘plab sarmoyadorlar nafaqat ayrim banklar, balki qator mamlakatlarning to‘lovga layoqatsizligiga duch keldi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida eng barqaror hisoblangan bank-moliya tizimi yuqori darajada ishonchliligi alohida ahamiyat kasb etadi. Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida ushbu tizimni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar keyingi ikki yilda respublikamiz tijorat banklarining jami kapitalini 2 baravarga ko‘paytirish imkonini berdi. Ushbu banklarda kapitalning yetarlilik darajasi 23 foizdan oshadi. Bu Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlardan qariyb uch baravar ko‘pdir. Ayni vaqtda mamlakatimiz bank tizimining joriy umumiy likvidligi tashqi to‘lovlar bo‘yicha banklarning joriy majburiyatlaridan 10 baravar ortiqdir.

OTB forumining ochilish marosimida bankning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarda uzoq muddatli iqtisodiy va ijtimoiy dasturlarni global hamkorlik doirasidagi barqaror rivojlanish yo‘lida qo‘llab-quvvatlab kelayotgani milliy iqtisodiyotlar salohiyatini oshirish bilan birga jahon miqyosidagi umumiy taraqqiyotga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati