O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janobi Oliylariga
20.05.2010

Janobi Oliylari,

Osiyo taraqqiyot banki hamda OTB Boshqaruvchilar kengashining yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 43-yillik majlisining barcha ishtirokchilari nomidan Sizga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga mazkur anjuman yuksak saviyada tashkil etilgani munosabati bilan samimiy minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

Sizning rahnamoligingizda mutasaddi kishilarning ulkan mehnati tufayli ushbu Yillik majlis OTBning barcha anjumanlari orasida eng samarali o‘tganlaridan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan yuksak saviyada tashkil etilgan barcha rasmiy tadbirlar, O‘zbekiston xalqining g‘oyat mehmondo‘stligi, go‘zal mamlakatingizning boy tarixi va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirgan holda erishayotgan ulkan yutuqlaringiz majlis ishtirokchilari tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ushbu anjumanning muvaffaqiyati OTB Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisini Toshkent shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror nechog‘li to‘g‘ri bo‘lganini yorqin namoyish etdi. Bu O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarining, ayniqsa, amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi choralar samaradorligining, bosqichma-bosqich islohotlar va oqilona fiskal siyosatga asoslangan rivojlanishning “o‘zbek modeli” naqadar mustahkamligining, shuningdek, istiqboldagi taraqqiyot uchun mavjud ulkan salohiyatning yaqqol ifodasidir.

Sizning anjumanning ochilish marosimidagi nutqingizda, ayniqsa, O‘zbekiston va umuman butun Osiyoning inqirozdan keyingi rivojlanishi borasidagi strategik g‘oyalaringizda teran ma’noli va uzoqni ko‘zlagan fikrlar ifoda etilgani majlisning barcha ishtirokchilari tomonidan yuksak baholandi. Janobi Oliylari, o‘z nutqingizda O‘zbekiston Respublikasi bilan Osiy taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab berganingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Bu yo‘nalishlar biz uchun harakat dasturi bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu Yillik majlis OTB bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirdi – anjuman kunlari umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollaridan ziyod bitimlar imzolandi, kredit portfelimizning hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Janobi Oliylari, Sizni ishontirib aytamanki, O‘zbekiston OTBning Markaziy Osiyodagi doimiy strategik hamkori bo‘lib qoladi.

OTB mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yetakchi mamlakat bo‘lgan O‘zbekistonni har tomonlama va izchil qo‘llab-quvvatlashni bundan keyin ham davom ettiradi.

G‘oyat muhim mazkur forumning muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan Sizga va O‘zbekiston xalqiga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Samimiy ehtirom ila, 
Xaruxiko Kuroda,
Osiyo taraqqiyot banki
prezidenti



                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati