Xalqaro ekspertlar: O’zbekiston ShHTning rivojlanishida muhim o’rin tutadi
05.06.2010

2009 yil iyun oyidan boshlab O’zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning raislik qilib kelmoqda. Ko’pgina xorijiy ekspertlar Tashkilotga raisligi doirasida ShHT nufuzining yanada mustahkamlanishi va faoliyatining rivojlanishi yo’lida O’zbekiston tomonidan muhim qadamlar qo’yilmoqda, deya baholashmoqda.

Xususan, Yevropa Xalqaro munosabatlar instituti vitse prezidenti Jak Lipperning fikriga ko’ra, O’zbekiston xalqaro nufuzi yildan-yilga oshib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining muhim ishtirokchisi sanaladi.

- O’zbekiston tomoni Tashkilotning yanada rivojlanishi borasida aniq va pragmatik yondashuvga amal qilmoqda. O’zbekistonning ShHT doirasida mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash bo’yicha, terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi uch yovuz illatga qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlarini alohida e'tiborga molik. Shu o’rinda afg’on ziddiyatini tartibga solish bo’yicha O’zbekistonning nuqtai nazarini to’la qo’llab-quvvatlashimni bildirmoqchiman. Bu butun ShHT mintaqasida xavfsizlik va barqarorlik borasida muhim ahamiyat kasb etuvchi munosabatdir. ShHTning boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi haqida gap ketganda, Tashkilotning xalqaro aloqalarini o’rnatish va rivojlantirish borasidagi O’zbekistonning tashabbuslari tahsinga sazovorligini ta'kidlashni istardim, bu uning nufuzi yanada oshishiga yo’l ochadi. Yaqinda Toshkentda imzolangan ShHT va BMT Kotibiyatlari o’rtasida hamkorlik to’g’risidagi qo’shma deklaratsiya alohida ahamiyatga egadir. Umid qilamanki, Yevropa Ittifoqi bilan ham Tashkilotning mintaqadagi barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash, xususan, afg’on muammosini bartaraf etish borasidagi sa'y-harakatlarini kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiluvchi shunga o’xshash hujjat imzolanadi.

Belgiyaning xalqaro masalalar bo’yicha yetakchi ekspertlaridan biri Xilbern Bayz “Jahon” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida jumladan shunday dedi:

- Bizning ekspertlarimiz O’zbekistonning ShHTdagi raisligi davrida olib borilayotgan ishlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda va mamlakatingizning ushbu tuzilma bilan xalqaro tashkilotlar o’rtasida aloqalar o’rnatish va ularni rivojlantirish borasidagi tashabbusini, shuningdek, Tashkilotga a'zo davlatlar o’rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlanishini qo’llab quvvatlaydi.

ShHTning iyun oyida Toshkentda bo’lib o’tadigan sammitida o’z raisligi davrida Tashkilot samaradorligi va rolini oshirish borasidagi O’zbekistonning sa'y-harakatlari, xususan, eng muhim yo’nalishlardan sanalgan xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ShHTning xalqaro maydondagi nufuzini ko’tarish, boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish ishlari, Afg’onistonni iqtisodiy jihatdan qayta tiklash va transport kommunikatsiyasini rivojlantirishga yo’naltirilgan loyihalarning O’zbekiston tomonidan qo’llab-quvvatlangani munosib baholanadi, deb umid qilaman.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori Vitaliy Naumkin ShHTning rivojlanishida Toshkent muhim rol o’ynaganini qayd etdi.

- ShHT faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan barcha yangi qadamlar va davlatlarning barcha yo’nalishlarda bir-biriga yaqinlashuvi, shubhasiz, o’z milliy kun tartibini rivojlantirayotgan va uni ko’ptomonlama xalqaro formatdagi ilg’or faoliyat bilan mustahkamlab kelayotgan Toshkentning muhim o’rin tutishi bilan bog’liqdir. ShHTning O’zbekiston poytaxtida bo’lib o’tajak sammiti Tashkilotning yanada rivojlanishi va nufuzli xalqaro kuch-qudratga ega bo’lishida muhim qadam bo’lishi muqarrardir.

Rossiya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti xodimi Yelena Kuzmina ShHTga raisligi davrida O’zbekiston Tashkilotning kelgusi taraqqiyoti yo’lida ShHT tuzilmasining huquqiy bazasini shakllantirish va transport yo’lagini rivojlantirish kabi ko’plab muhim masalalarni ilgari surganiga e'tibor qaratdi. Uning so’zlariga ko’ra, O’zbekiston nafaqat siyosiy yo’nalish va xavfsizlik sohalarida, balki iqtisodiy yo’nalishda, transport kommunikatsiyasi masalasini hal etishda, infratuzilmaviy loyihalarni amalga tadbiq etishda Tashkilot samaradorligini qanday qilib yanada oshirish borasida jidiy mulohaza yuritadi.

Yaponiyaning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti ijrochi direktori, professor Tetsuji Tanaka O’zbekistonning ShHTdagi raisligi juda faol va samarali kechayotganini ta'kidladi. “Dunyodagi bugungi holatni hisobga olganda, O’zbekistonning ShHT bilan nufuzli xalqaro tashkilotlar o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlari o’ta dolzarb masala sanaladi”, dedi yaponiyalik olim.

Yaponiyaning “Aoyama Gakuin” universiteti professori Shigeki Xakamada O’zbekiston ShHTda raislik qiluvchi davlat sifatida Tashkilot faoliyatining rivojlanishi yo’lida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surganini qayd etdi. Uning fikricha, O’zbekistonning raisligi davrida ShHT doirasida Tashkilotga a'zo davlatlarning barchasi uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi juda ko’plab dolzarb masalalar ko’rib chiqildi. Shuningdek olim Yaponiya ShHTning faoliyat yuritib turganligi tufayli mintaqada barqarorlikka erishilganini qo’llab-quvvatlashini, bu esa kun chiqar mamlakat va boshqa xorijiy davlatlar uchun muhim omil ekanini ta'kidladi.

Dehli universiteti professori Xolid Alvining fikricha, O’zbekiston ShHTda raisligi davridagi o’z faoliyatining asosiy yo’nalishlarini aniq belgilab oldi. “ShHT tashkil topgan vaqtdan boshlab Toshkent ushbu tashkilot doirasidagi hamkorlikni faqat barqarorlik va xavfsizlik masalalari bilan chegarab qo’ymasdan, balki, savdo-iqtisodiy, yangi transport yo’lagini tashkil etish kabi sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish tarafdori bo’lgan. Aminmanki, ShHTning Toshkent sammiti Tashkilot faoliyatidagi muhim voqyea bo’lib qoladi va O’zbekiston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga o’z hissasini qo’shadi”, dedi olim.

Hindistonning ommaviy “Political Events” axborot-tahliliy jurnali siyosiy sharhlovchisi M.K.Dxar jumladan quyidagi mulohazalarni bildirdi:

- O’zbekiston o’z raisligining ustivor yo’nalishlaridan biri sifatida Tashkilotning faoliyat doirasini kengaytirish, uning xalqaro aloqalarini rivojlantirish, unga yangi a'zolarni qabul qilish kabi masalalarni belgilab oldiki, bu, shubhasiz, jahon sahnasida ShHTning tutgan o’rni va ahamiyatining oshishiga xizmat qiladi.

O’zbekistonning raisligi ShHTning Yekaterenburg shahrida bo’lib o’tgan oxirgi sammitida e'lon qilingan, maqsadga erishishga yo’naltirilgan qator muhim tadbirlar bilan birga olib borildi. O’zbekiston bir qator yangi tashabbuslar bilan chiqdi va ularni amalga tadbiq etdi, xususan, ShHT va BMT Kotibiyatlari o’rtasida hamkorlik to’g’risidagi dekloratsiya imzolandi, transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida faol ish olib borilmoqda, keng ko’lamga ega bo’lgan ShHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash sohasidagi hamkorlik davom ettirilmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati