Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining o‘ninchi yig‘ilishi to‘g‘risida
09.06.2010

2010 yil 11 iyun kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlari kengashining o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. SHHTga raislik qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan ushbu sammitda Tashkilotga a’zo davlatlar, SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar rahbarlari va delegatsiyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Yig‘ilishda Afg‘oniston Islom Respublikasi va Turkmaniston prezidentlari, shuningdek, BMT, MDH, ASEAN, ODKB va YevrAzES kabi SHHT hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan xalqaro tashkilotlar vakillari mehmon sifatida qatnashadi.

Sammit ishtirokchilari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashadi.

SHHT doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, Tashkilotning xalqaro nufuzini oshirish masalalari muhokama qilinadi, dunyoda o‘zaro anglashuvni, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, mamlakatlar va mintaqalarning barqaror rivojlanishi borasidagi keng qamrovli dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunida bir qator muhim hujjatlar, jumladan, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining o‘ninchi yig‘ilishi deklaratsiyasi, Tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom va SHHT protseduralari qoidalari qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati