San’at xalqlar do‘stligini mustahkamlashga xizmat qiladi
10.06.2010

Madaniyat va san’at hamisha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelgan. Jozibali musiqani tinglash, raqslarni tomosha qilish uchun tarjimonga ehtiyoj yo‘q.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning siyosiy va iqtisodiy hamkorligi, ular o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchning mustahkamlanishida ham madaniyat va san’at muhim o‘rin tutadi. SHHTning har bir sammiti doirasida tashkilotga a’zo mamlakatlar san’ati namunalaridan tashkil etiladigan konsert buning tasdig‘idir.

Bu SHHTning Toshkent sammitida ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. 10 iyun kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida mazkur sammit ishtirokchilari uchun konsert namoyish qilindi.

Soat 17.00. Zalga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintao, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardoriy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Hamid Karzay kirib keladilar.

Yig‘ilganlar oliy martabali mehmonlarni gulduros qarsaklar bilan kutib oladilar.

Sahnada o‘zbek, rus va xitoy tillarida qutlov so‘zlari yangraydi.

Xonandalar Azamat Muhammadjonov, Umid Isroilov, Nilufar Ergasheva, Barno Ismatullayeva va xor jamoasi ijrosida “Tinchlik taronasi” qo‘shig‘i yangraydi. Tinchlik, do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik, hamkorlikni madh etuvchi ushbu tarona yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etadi.

Har qanday tantananing muhim belgisi bolalarning quvnoq o‘yin-kulgisi, sho‘x-shodon qiyqiriqlari, desak, xato bo‘lmaydi. Sahnani “Tomosha”, “Bulbulcha”, “Baxtli bolalik” bolalar guruhlari qatnashchilari egallaydilar. Ular “Musaffo osmon” musiqiy-xoreografik kompozitsiyasini ijro etadilar, “Gullar ochilganda” qo‘shig‘i yangraydi.

O‘zbekiston san’at ustalari “Bir qamar siymoni ko‘rdim” romansini, Pyotr Chaykovskiyning fortepiano va orkestr uchun Birinchi konsertidan parcha, “Tong” romansini (Rujero Leonkavallo), “Don Kixot” (Lyudvig Minkus) baletidan lavha, “Traviata” (Juzeppe Verdi) operasidan Violetta ariyasini ijro etadilar.

O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi magistranti Oygul G‘ulom qizi ijrosida “Mening suyukli Xitoyim”, xonanda Tamilla Kurmakayeva ijrosida “Go‘zal diyor” deb nomlangan qo‘shiqlar xitoy tilida yangradi.

Rahim Mirzakamolov “Korobeyniki”, Jenisbek Piyazov “Piter ko‘chasi bo‘ylab” rus xalq qo‘shig‘ini ijro etdi.

Munojot Yo‘lchiyeva, Zulayho Boyxonova, Matluba Dadaboyeva, Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov va boshqa san’atkorlar “Yalla”, “O‘zbekiston”, “Ayqulash”, “Sabo”, “Ofarin” ansambllari ishtirokida biri-biridan go‘zal va jozibali o‘zbekcha, qozoqcha, qirg‘izcha, tojikcha, turkmancha, qoraqalpoqcha qo‘shiq va raqslarni ijro etadi.

Muyassar Razzoqova va Avaz Rajabov ijrosidagi “Inson azizdir” qo‘shig‘i konsertning avj pardasi bo‘ldi. Ushbu tarona insonlarni mehr-oqibatli bo‘lishga chorlab, bir-birini asrab-avaylash va e’zozlash madhiyasi sifatida yangradi. Qo‘shiqda kuylangan “Yurakdan yurakka nur yog‘sin faqat!” satrlari SHHT oliy maqsadlariga hamohangligi bilan alohida e’tibor tortdi va konsertning badiiy-g‘oyaviy mazmun-mohiyatini namoyish etdi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati