O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janobi Oliylariga
16.06.2010

Mamlakatingizga safarim nihoyasida Siz, Janobi Oliylari va O‘zbekiston hukumatiga samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Davlat tashrifim asnosida Siz, Janobi Oliylari va O‘zbekiston hukumati tomonidan menga va delegatsiyamiz a’zolariga ko‘rsatilgan izzat-ikrom va samimiy qabul O‘zbekiston xalqining Xitoy xalqiga chuqur hurmat-ehtiromidan yana bir dalolat bo‘ldi. Biz Siz, Janobi Oliylari bilan ochiq, teran va samarali muzokaralar o‘tkazib, ikki tomonlama munosabatlar, o‘zimizni qiziqtirgan g‘oyat muhim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdik. Keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi. Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimizning tub manfaatlariga mos keladi, balki mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotga ham xizmat qilishi borasidagi fikrlarimiz bir xil. Tashrifdan so‘ng biz Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo boshqa davlatlar rahbarlari bilan Toshkent sammitida qatnashdik va Tashkilotni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldik. Ishonchim komilki, bo‘lib o‘tgan sammit SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida birdamlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Janobi Oliylari, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot yo‘lida Siz bilan Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini, o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun bundan buyon ham bor kuch-g‘ayratimni ishga solishga tayyorman.

Sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sog‘lik va faoliyatingizda yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman!

O‘zbekistonga yuksak ravnaq va kuch-qudrat, xalqiga baxt-saodat tilayman!

Xu Szintao,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

2010 yil 11 iyun


                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.01.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati