O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistondagi voqealar yuzasidan bergan bayonoti qirg’iz jamoatchiligi nigohida
25.06.2010

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistondagi voqyealar yuzasidan shu yil 18 iyun kuni Buxoro viloyatiga safari chog’ida bergan bayonoti siyosiy, ekspert-tahlilchi va diplomatiya doiralarida, xususan, Qirg’iziston ommaviy axborot vositalarida keng sharhlanmoqda.

Bayonot matni Qirg’izistonning Muvaqqat hukumati matbuot xizmati tomonidan hamda mamlakatning barcha asosiy axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari, jumladan, Qirg’izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi, «24.kg», «Tazar.kg», «Barakelde.org», «For.kg» kabi axborot agentliklari, “Qirg’iziston so’zi”, “Bishkek oqshomi”, “ErkinToo”, “Ijtimoiy reyting” gazetalari, «Belo‘y Parus», «VRS» kabi internet portallarida e'lon qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bayonotining mohiyati Kirg’izistonning umumrespublika televideniyesi yangiliklar kanallarida (“KTR”, “5-kanal”, “ElTR”) qirg’iz va rus tillarida muntazam efirga uzatilib turibdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning bayonoti Qirg’izistonning keng jamoatchiligi orasida katta qiziqish uyg’otdi.

Xususan, mamlakatning Muvaqqat hukumati devoni axborot-muvofiqlashtirish markazi mudiri, axtorot siyosati masalalari bo’yicha muvofiqlashtiruvchi F.Niyozov o’z mulohazalarida jumladan quyidagilarni qayd etdi: “Muvaqqat hukumatning barcha a'zolari, mahalliy hukumat organlari rahbarlari mamlakat uchun o’ta murakkab bo’lgan hozirgi vaziyatda O’zbekiston tomonidan Qirg’izistonga ko’rsatilgan yordamni juda yuksak baholayapti.

O’zbekistonning oqilona siyosati va birinchi galda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistondagi voqyealar borasidagi puxta va har tomonlama o’ylangan qarori mamlakat janubidagi keskinlikni kamaytirishga xizmat qiladi va mamlakat oddiy odamlarining o’zaro murosaga kelishi va ziddiyatning tezroq bartaraf etilishiga xizmat qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga samimiy minnatdorlik bildirar ekan, Muvaqqat hukumat raisi R.Otunboyeva o’zining barcha bayonotlari, shu jumladan, xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uyushtirilayotgan rasmiy suhbatlar chog’ida O’zbekiston rahbariga yuksak ehtiromini qayta-qayta izhor etmoqda”.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining Diplomatiya akademiyasi rektori, Qirg’iziston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi J.Saadanbekov:

“Bugun ushbu fojeaning sabablari haqida o’z fikrini aytmagan va yozmaganlar juda kam bo’ldi, biroq voqyeaga nisbatan munosabat bildirganlar orasida, ehtimol, faqatgina O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov uning asosiy sabablariga aniq va xolis baho berdi - sodir etilgan fojealarda o’zbeklarning ham, qirg’izlarning ham aybi yo’qligini, ushbu qonli mojarolar uchinchi kuchlar tomonidan uyushtirilganligini aytdi. Qo’poruvchilik harakatlarini uyushtirganlarning asosiy maqsadi O’zbekistonni ham bu qarama qarshilikka tortish bo’lgan. Biz, qirg’izlar va o’zbeklar, ming yillar davomida yonma-yon yashab kelganmiz, o’zaro til topishga va o’z muammolarimizni o’zimiz yechishga qodirmiz. Nafaqat tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan ushbu haqqoniy so’zlaringiz, balki Sizning jahon miqyosidagi dono davlat arbobi va o’zbek millatining munosib yetakchisi ekanligingizni ifoda etuvchi keskin vaziyatni yumshatish borasidagi oqilona amaliy sa'y-harakatingiz uchun Sizga katta rahmat, muhtaram Islom Abdug’aniyevich”.

Iqtisod fanlari nomzodi K.Ormushev (Qirg’iziston):

“Ilgari, hukumat tizimlarida ishlab yurganimday bugungi kungacha doimo mamlakat rahbariyatini eng avvalo doimo qirg’iz xalqiga o’zining yordam qo’lini cho’zgan, yaqin qo’shnisini og’ir kunlarda tashlab qo’ymagan O’zbekiston bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini barpo etishga ishontirishga harakat qilib kelganman va hozir ham shunday qilaman. O’zbekistonning matonat bilan va har tomonlama oqilona o’ylangan yondashuvi, men ko’rib turganim - qardosh o’zbek xalqining rahbari, ulkan hurmat va ehtiromga munosib Islom Abdug’aniyevich Karimovning bebaho xizmatlari fikrimning yana bir tasdig’idir. O’zbekiston rahbari o’zining sabrli, dono va voqyea-hodisalarga nisbatan jiddiy munosabatda bo’lishini namoyon etdi, ziddiyatning kengayib ketishiga yo’l qo’ymadi va qirg’iz jamoatchiligi orasidagi keskinlikni kamaytirishga yordam berdi. Biz Qirg’izistonda biz uchun murakkab bo’lgan ushbu kunlarda O’zbekistonni Prezident Islom Karimov siymosida dono, uzoqni ko’ra biladigan davlat arbobi - o’zbek xalqining xaqiqiy yetakchisi boshqargani bilan g’ururlanamiz”.

Mustaqil ekspert M.Suyunboyev:

“O’zbekiston rahbari barchasini aniq va tushunarli qilib ifodaladi. Biz Islom Abdug’aniyevichni birinchi galda izchillik bilan, o’z davlati va mamlakati milliy manfaatlarini, shu jumladan voqyealarga matonat bilan va munosib tarzda javob bergan holda qat'iy himoya qiladigan davlat rahbari sifatida bilamiz. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining bayonoti O’zbekiston jamoatchiligi kabi Qirg’izistondagi qirg’iz va o’zbek doiralari uchun ham birdek ijobiy ta'sir ko’rsatdi. Buning ustiga bir vaqtning o’zida, bunaqa holat juda kam uchraydi! Ayniqsa etnik guruhlar munosabatlari kabi qaltis sohada. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov yana bir bor o’zining dono siyosatchi, o’z millatining haqqoniy yetakchisi va munosib nufuz va ehtiromga sazovor bo’lgan haqiqiy davlat arbobi ekanini namoyon etdi”.

“Sebep” tahliliy markazi direktori O.Moldaliyev:

“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov konstruktiv ahamiyatga ega bo’lgan bayonot berdi. Uning xizmatlarini munosib tarzda taqdirlamoq kerak: 1990 yildagi O’sh voqyealari davrida ham O’zbekiston rahbari bu Qirg’izistonning ichki ishi, deya baholab, ushbu masalaga aralashmagan va qarama-qarshilikning kuchayib ketishiga yo’l qo’ymagan. O’zbekiston nafaqat bizdagi, balki boshqa davlatlardagi vaziyatning barqaror bo’lishini ham nazorat qiladi, bu esa unga mintaqadagi vaziyatni beqarorlashuvidan manfaatdor bo’lgan uchinchi kuch haqida xulosa chiqarish huquqini beradi. Biz O’zbekiston kelgusida ham mamlakatlarimiz o’rtasidagi ishonch va do’stona munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi amaliy qadamlar qo’yishiga ishonamiz”.

“Din, huquq va siyosat” tadqiqot-tahliliy markazi direktori K.Malikov:

- O’zbekiston rahbariyatining Qirg’izistonning janubida sodir bo’lgan voqyealarga nisbatan o’sha vaqtda zurur bo’lgan sabr-matonati va vaziyatni teran anglagani tahsinga loyiqdir. Etnik guruhlar o’rtasidagi ziddiyatlar va o’sha kunlarda O’sh va Jalolobodda sodir bo’lgan voqyealar o’rtasidagi chegarani juda aniq ajratib olish zarur edi. Qirg’iziston orqali butun Farg’ona vodiysida beqarorlik holatini yuzaga keltirishga urinish bo’lgandi. Toshkent mintaqaga ta'sir o’tkazish uchun katta davlatlar to’qnashgani ko’rinib turgan ziddiyatning mohiyatini juda yaxshi tushunishini ko’rsatdi. Dalillar bizning mintaqamizda niqob taqib olgan kuchlar tomonidan butun Markaziy Osiyoni qayta tashkil etishga harakatlar bo’lganini ko’rsatadi. Ushbu maqsadlar ostida nafaqat energiya resurslari uchun, balki diniy ekstremistik tashkilotlar faoliyati bilan bog’liq g’oyaviy kurashlar ham yotibdi. Men O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatlarimiz qiyin vaziyatdan o’z kuchimiz bilan chiqish yo’llarini izlashi lozimligi haqidagi fikrlariga qo’shilaman.

Siyosatshunos M.Sariyev:

“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning bayonoti o’ta ziyraklik bilan, oqilona va o’z vaqtida amalga oshirilgan ish bo’ldi. Ushbu ziddiyat, shubhasiz, uchinchi kuch tomonidan uyushtirilgan xunrezlikdir. Ma'lumki, ushbu voqyealar davrida bizning mamlakatimiz orqali katta miqdordagi giyohvand moddalar olib o’tilgan. Gap shundaki, vaziyat beqarorlashganda, bu jarayonga terrorchilar, diniy ekstremistlar, giyohvand moddalar bilan shug’ullanuvchi mafiya guruhlaridan iborat bir necha tomonlar bir vaqtning o’zida o’z manfaatlarini ko’zlagan holda, qora tuynukka yaqinlashgan kabi, suqilib kiraveradi”.

Harbiy ekspert L.Bondarets:

“Birodar o’zbek xalqi O’zbekiston rahbari yetakchiligida Qirg’iziston uchun murakkab kechgan ushbu kunlarda qirg’iz xalqiga nihoyatda muhim yordam ko’rsatdi. Bu munosib ehtiromga sazovordir va O’zbekistonning mintaqadagi qo’shni davlatga bo’lgani kabi va umuman butun dunyoda mavjud bo’lishi kerak bo’lgan, yaqinlarga qiyin vaziyatlarda yordam qo’lini uzatishdek boshqalarga o’rnak bo’la oladigan insoniylik g’oyalari tarafdori ekanini yana bir bor isbotlaydi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Qirg’izistonning janubida sodir bo’lgan voqyealar bo’yicha bayonoti o’z vaqtida berilganligi va unda vaziyatga berilgan baho Qirg’iziston jamoatchiligi orasidagi keskinlikning kamayishiga bevosita ta'sir ko’rsatgani bilan o’ta muhim ahamiyat kasb etadi hamda ushbu bayonot butun mintaqada vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi”.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati