Iqtisodiy salohiyatimiz ifodasi
30.06.2010

1 iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun

Davlat mustaqilligini belgilaydigan muhim belgi va shartlardan biri mamlakatning milliy valutasidir. Prezidentimiz Islom Karimovning 1994 yil 16 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 1994 yil 1 iyuldan so‘m muomalaga kiritildi.

Iqtisodiy mustaqillikni ta’minlashning asosiy omillaridan biri – qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirish, mamlakat eksport salohiyatini oshirish, eng muhimi, yalpi ichki mahsulot o‘sishi barqarorligini ta’minlashdir. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlolimizning dastlabki yillarida qabul qilingan va besh tamoyilga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish hamda isloh qilishning “o‘zbek modeli” o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. O‘zbekistonning bu mustaqil taraqqiyot yo‘li naqadar to‘g‘ri va mustahkam ekani jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida yana bir bor o‘zini to‘la oqladi.

Islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayonida mamlakatimiz bank-moliya tizimida yetarli resurs bazasi va ishonchli zaxira yaratildi. Eng muhimi, iqtisodiyotimizni spekulyativ kapital, jahon moliya va fond bozorlaridagi boshqarib bo‘lmaydigan jarayonlar ta’siridan himoyalash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ham iqtisodiy tanglik, xususan, pul-kredit sohasida katta yo‘qotishlar yuz bergan 2009 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 8,1 foizga o‘sdi. Mahsulotlar eksporti 2,4 foiz ko‘paydi, bu tashqi savdoning ijobiy saldosi sezilarli darajada oshishi va mamlakatimiz oltin-valuta zaxirasining barqaror o‘sishini ta’minladi. Bularning barchasi mamlakatimizga global inqirozning halokatli ta’sirini yumshatishda katta ahamiyat kasb etdi.

Milliy valutamiz mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotir. Xususan, iqtisodiyotni isloh etishda tashqaridan qarz olishga emas, ishlab chiqarish, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgani bugun o‘zining ulkan natijalarini bermoqda. Ichki bozorda o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar tobora ko‘payib borayotgani, iste’mol mollari bilan naqd pulning mutanosibligi ta’minlanayotgani buning yorqin ifodasidir. Natijada so‘mning xarid narxi oshmoqda.

Dunyodagi ko‘plab yetakchi ekspertlarning fikricha, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan bugungi sharoitda bank-moliya sektoridagi ortiqcha likvidlik va bank-moliya sektorini pul resurslari bilan tinimsiz to‘ldirish moliya hamda valuta bozorlariga katta xavf soladi. Pul emissiyasi va hajmining oshishi inflatsiya jarayonlarining xavfli holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturi mamlakatimiz moliyaviy-iqtisodiy, budjet, bank-kredit tizimining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta’minlashga xizmat qilayotganini qayd etish joiz.

So‘nggi ikki yilda yurtimiz tijorat banklarining umumiy kapitali 2 barobar ko‘paydi. Banklarimiz kapitalining yetarlilik darajasi 23 foizdan oshgani va bu banklar monitoringi bilan shug‘ullanadigan xalqaro Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlardan qariyb 3 barobar ko‘p ekani e’tiborlidir. Mamlakatimiz banklarining umumiy joriy likvidligi tashqi to‘lovlar bo‘yicha joriy majburiyatlaridan 10 barobar ko‘pligi ham mazkur tizimning barqarorligidan dalolatdir.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan milliy valutani mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan qator dasturlar izchil amalga oshirildi. Ijtimoiy sohada, infratuzilma va transport-kommunikatsiya tarmoqlarida keng ko‘lamli loyihalarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotir. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, o‘zimizda tayyorlangan mahsulotlarga ichki talabni rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar pul-kredit siyosatining izchilligini, ichki bozordagi iste’mol mollari bilan naqd pul mutanosibligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Pulimizning barqaror valutalardan biriga aylanib, tobora mustahkamlanib borayotganini xalqaro moliya muassasalarining ekspertlari ham alohida e’tirof etmoqda. Xususan, yaqinda mamlakatimizda o‘tkazilgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 43-yillik majlisida bu borada O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarga yuksak baho berildi.

Milliy valutamiz – so‘m nusxasi Xalqaro valuta jamg‘armasining Vashingtondagi bosh qarorgohida dunyodagi barcha pullar qatorida saqlanadi. Bu har birimizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlashi tabiiy. Jahondagi yuzlab pul birliklari orasida albatta o‘zimizning so‘m alohida ajralib, dilimizga yaqin turadi. Milliy pulimizni qo‘lga olar ekanmiz, qalbimizda g‘urur, ona yurtdan faxrlanish tuyg‘usi jo‘sh uradi. Samarqanddagi Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Buxorodagi Chashmai Ayyub ansambli kabi tarixiy obidalar, poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, «Istiqlol» san’at saroyi, sohibqiron bobomiz Amir Temurga o‘rnatilgan muazzam haykal tasviri chuqur ma’no-mazmuni bilan ma’naviy quvvat baxsh etadi.

Milliy valutamiz o‘zga mamlakatlarda emas, yurtimizda chiqariladi. Bu ham mustaqil davlatimiz salohiyatining yana bir ifodasidir.

Ha, mamlakatimiz mustaqilligining muhim ramzlaridan biri bo‘lgan milliy valutamiz yurtimizda yashayotgan har bir inson uchun iftixor timsolidir. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, milliy valuta kuchli bo‘lgan taqdirdagina iqtisodiyot izchil rivojlanadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaralari, O‘zbekistonning butun dunyoda e’tirof etilayotgan barqaror iqtisodiy yuksalishi milliy valutamiz qudratining yorqin tasdig‘idir.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 05.08.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati