Hamkorlik samaralari
05.02.2011

Yaponiya – O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar Prezidentimiz Islom Karimovning 2002 yilda Yaponiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida jadal rivojlanmoqda. Yaponiya yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlab kelayotir.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda Kunchiqar mamlakatning maxsus tuzilmalari bilan hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi vakolatxonasi ( JICA) ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar yo‘nalishlarda, xususan, qishloq va suv xo‘jaligi, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalarni rivojlantirishda mamlakatimizdagi qator vazirlik va muassasalar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotir. Xususan, «Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi jihozlarini yaxshilash» loyihasi doirasida ushbu muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Shuningdek, «Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialiga mutaxassislar jalb etish», «Farg‘ona vodiysida ipakchilik sanoatini rivojlantirish» kabi qator loyihalar so‘nggi yillarda JICAbilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarga misoldir.

JICA bilan ko‘p tomonlama hamkorlik rivojlanmoqda. Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining Toshkentda o‘tkazilgan yillik majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan OTB va JICA o‘rtasida qator kredit bitimlari imzolandi. Umumiy qiymati bir milliard AQSH dollaridan ortiq 7 hujjat mamlakatimizning muhim soha va tarmoqlaridagi bir necha loyihani, xususan, Farg‘ona vodiysining qator shaharlarida suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va mikrokreditlash, tijorat banklarining moliyalashtirish dasturida ishtiroki, Tallimarjon IESida ikkita bug‘-gaz qurilmasini barpo etishga oid loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan.

– O‘zbekiston iqtisodiyoti bosqichma-bosqich va izchil rivojlanmoqda, – dedi JICAning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Oki Sugimoto. – O‘zbekiston bilan hamkorlikda turli sohalarda yana ko‘plab istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish niyatidamiz.

Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda siyosiy va iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda madaniy-gumanitar aloqalar ham muhim o‘rin tutadi. Zero, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik o‘zaro yaqinroq tanishishga, bir-biri haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishga xizmat qiladi. Bu yaqinlik o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlaydi.

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarni, xalqlarimizning do‘stlik rishtalari va madaniy aloqalarini mustahkamlashda “O‘zbekiston-Yaponiya” do‘stlik jamiyati xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Uning asosiy vazifasi ikki mamlakat aholisini O‘zbekiston va Yaponiya tarixi, madaniyati va san’ati, xalqlarimizning urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat. Do‘stlik jamiyati mamlakatlarimizning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy va gumanitar sohalardagi hamkorligini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda.

Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan yaponlar o‘zbek zaminida abadiy qo‘nim topgan. Jamiyat ularning xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorliklar atrofini obodonlashtirishga ham alohida e’tibor qaratib kelayotir. O‘zbekistonga o‘z yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilish uchun keladigan Yaponiya fuqarolariga yordam ko‘rsatmoqda.

Toshkentda O‘zbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi faoliyat ko‘rsatayotir. Unda yurtdoshlarimiz til o‘rganib, kompyuter va biznesga oid bilimini takomillashtirmoqda.

Yaponiyada faoliyat ko‘rsatayotgan «Fukusima-O‘zbekiston» madaniy-iqtisodiy hamkorlik uyushmasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu muassasa bilan hamkorlikda ijtimoiy sohada qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tokiodagi “Yaponiya-O‘zbekiston” uyushmasi ham ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Mazkur uyushma Yaponiya jamoatchiligini mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati bilan tanishtirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirayotir. Uyushmaning tashabbusi bilan Yaponiyada tashkil etilayotgan rang-barang madaniy-ma’rifiy tadbirlar, fotoko‘rgazmalar, ilmiy-amaliy anjumanlar yaponiyaliklarning O‘zbekistonga qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati