O’zbekiston va Yaponiya aloqalari mustahkamlanmoqda
05.02.2011

O’zbekiston va kunchiqar yurt xalqlarining do’stlik rishtalari, savdo va madaniy aloqalarining tarixi Buyuk Ipak yo’li davrining boshlanishiga borib taqaladi. Ushbu mamlakatning eng sharqiy nuqtasi yapon imperatorlarining ko’hna poytaxti Nara shahri bo’lib, 2010 yilning oktyabr oyida ushbu shaharning 1300 yilligi keng nishonlandi. Kushon davlatining eng e'tiborli dinlaridan biri bo’lgan buddaviylik eramizning I-VI asrdarida O’zbekiston hududida tarqalib, keyinchalik O’rta Osiyo xalqlarining qadriyatlari va an'analalri bilan boyigan holda, Xitoy va Koreya orqali Yaponiya orollarigacha borib yetgani ikki xalq o’rtasidagi umumiy tarixiy ildizlarning mavjudligiga dalildir. Yaponiyaning mashhur musavviri, Toshkent shahrining faxriy fuqarosi Ikuo Xiroyamaning “agar Yaponiya buddaviylik madaniyatining sharqiy tomoni bo’lsa, u holda ko’hna O’zbekiston zamini uning g’arbiy tomonidir”, degan so’zlari muhim ahamiyatga egadir.

Xalqlarimiz o’rtasidagi uzoq o’tmishga borib taqaluvchi yaqin aloqalar O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasidagi samarali hamkorlikning muhim omili sifatida bugungi kunda ham davom etib kelmoqda.

Yaponiya O’zbekiston mustaqilligini 1991 yil 28 dekabrda e'tirof etdi va 1992 yil 26 yanvardan boshlab mamlakatlarimiz o’rtaisda diplomatik munosabatlar o’rnatildi.

Mustaqillik e'lon qilingandan so’ng O’zbekiston-Yaponiya munosabatlari sifat jihatdan yangi pog’onaga ko’tarildi. 1994 yilning may oyida O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Yaponiyaga uyushtirgan dastlabki rasmiy tashrifi o’zaro ishonch va ikki mamlakat xalqlarining ma'naviy qadriyatlariga nisbatan hurmatga asoslangan do’stona aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2002 yil iyul oyida Yaponiyaga uyushtirgan ikkinchi tashrifi chog’ida O’zbekiston Respublikasi va Yaponiya o’rtasida do’stlik, Strategik sheriklik va hamkorlik to’g’risida qo’shma bayonot imzolandi. Hujjatda tomonlarning do’stona munosabatlar va strategik sheriklikni tenglik, o’zaro hamjihatlik tamoyillariga muvofiq va xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yorlari asosida rivojlantirishga tayyorligi o’z ifodasini topgan. Savdo-sotiq, sarmoyalar, ta'lim va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish ustvor vazifa sifatida belgilagan.

Yaponiya bosh vaziri Dzyun'ichiro Koidzumining 2006 yil avgust oyida O’zbekistonga uyushtirgan rasmiy tashrifi O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki bo’ldi.

O’zbekiston va Yaponiya turli xalqaro ahamiyatga molik vazifalarni hal etishda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda va dunyo siyosatining ko’plab masalalarida o’xshash nuqtai-nazarga ega. O’zbekiston Yaponiyaning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zoligiga qabul qilinishini qo’llab-quvvatlaydi. Yaponiya o’z navbatida Prezident Islom Karimovning O’rta Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni tashkil etishga oid taklifini ma'qullagan.

Mamlakatlarimizning siyosiy sohadagi aloqalari haqida gap ketganda Yaponiyaning O’rta Osiyo mamlakatlari bilan ko’p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga doir tashabbuslarini aytib o’tish joizdir. O’zbekistonning mintaqadagi geosiyosiy ahamiyatining e'tirofi o’laroq hamda mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Yaponiya 2004 yilda “Markaziy Osiyo Q Yaponiya” muloqot shaklidagi hamkorlikning yangi muloqotini ilgari surdi. U quyidagi beshta yo’nalishni: siyosiy muloqot, mintaqa ichidagi hamkorlik, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rag’batlantirish, intellektual muloqot, madaniy aloqalar va inson resurslari almashuvi kabi sohalarni o’z ichiga oladi.

Terrorizm va giyohvand moddalarning tarqalishiga qarshi kurash, atrof-muhit muxofazasi, mintaqada savdo va sarmoyalar hajmini kengaytirish bilan bog’liq masalalar qisqa va o’rta muddatli vazifalar etib belgilandi.

2010 yil 7 avgustda Toshkentda mazkur Muloqotning Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Katsuya Okada ishtirokidagi tashqi ishlar vazirlarining uchinchi yig’ilishi muvaffaqiyatli o’tdi.

Ikki mamlakat o’rtasida parlamentlararo hamkorlik ham yo’lga qo’yilgan bo’lib, u jadal rivojlanmoqda. Yaponiya parlamentida “Yaponiya demokratik partiyasi - O’zbekiston” va “Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi - O’zbekiston” do’stlik ligalari tashkil etilgan. O’zbekiston parlamentining Qonunchilik palatasi tarkibida esa, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi - Yaponiya Parlamenti” parlamentlararo guruhi faoliyat yuritib kelmoqda.

2010 yilning dekabrida Tokioda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi boshchiligidagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining delegatsiyasi ishtirokida birinchi parlamentlararo forum o’tkazildi.

Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish bo’yicha ham ijobiy an'analar kuzatilmoqda. 2009 yilda O’zbekiston va Yaponiya o’rtasidagi savdo aylanmasi 139 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bugungi kunda O’zbekistonga Yaponiya tomonidan ajratilgan moliyaviy mablag’lar hajmi 2,3 milliard AQSh dollaridan iboratdir.

Iqtisodiy hamkorlikka doir 1994 yilda tuzilgan O’zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O’zbekiston qo’mitalari iqtisodiy munosabatlarning rivojiga ulkan hissa qo’shib kelmoqda. Ushbu ikki qo’mita tomonidan doimiy ravishda o’tkazib kelinayotgan qo’shma tadbirlar doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikka doir keng qamrovli masalalar muhokama etiladi hamda O’zbekiston bilan Yaponiyaning ushbu yo’nalishlardagi aloqalarini chuqurlashtirishga oid aniq takliflar o’rtaga tashlanadi. O’zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O’zbekiston qo’mitalarining navbatdagi o’ninchi yig’ilishi joriy yilning 8 fevral kuni Tokio shahrida o’tkazilishi rejalashtirilgan.

1999-2001 yillar davomida Toshkentda Yaponiyaning xalqaro hamkorlik bo’yicha agentligi (LSA) va Yaponiya tashqi savdo tashkilotining (JETRO) mintaqalararo vakolatxonalari hamda beg’araz texnik yordam ko’rsatish, ikkala tomon ishbilarmon va ijtimoiy doiralar vakillari o’rtasida aloqalar o’rnatish va gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi O’zbekiston-Yaponiya markazi ochildi.

O’zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida ko’plab yirik loyihalar hayotga tadbiq qilinmoqda. “Mitsui”, “Mitsubisi”, “Itochu”, “Marubeni” va boshqa shu kabi yirik yapon korporatsiyalarining vakolatxonalari ochildi. Iqtisodiyot yo’nalishidagi so’nggi muvafaqqiyatli hamkorlikning yorqin misollaridan biri sifatida Samarqand avtomobil zavodida “Isuzu” rusumli avtobus va yuk mashinalarining ishlab chiqarilayotganligini ko’rish mumkin.

Yaponiyalik mutaxasislar bilan hamkorlikda bir qator infratuzilma loyihalari amalga oshirildi va foydalanishga topshirildi, xususan, bu boradagi ishlar qatorida yaqinda qurib bitkazilgan “Toshguzar-Boysun-Qumqo’rg’on” yangi temir yo’l yo’nalishini sanab o’tish o’rinlidir.

Ikki davlat o’rtasida sarmoyalar kiritish bo’yicha shartnomaviy-huquqiy asosni mustahkamlash ishlari davom etmoqda. 2009 yil sentyabr oyida “Sarmoyalarni liberalizatsiya va o’zaro himoya qilish hamda rag’batlantirish to’g’risidagi” hukumatlararo kelishuv kuchga kirdi.

2010 yil aprelda Tokio shahrida “Yaponiyalik hamkorlar uchun O’zbekistondagi yangi sarmoyaviy imkoniyatlar” mavzusidagi taqdimot marosimi bo’lib o’tdi va unda Yaponiya korporatsiyalari, vazirliklari, muassasalari va siyosiy doiralarining 400 nafardan ortiq vakillari ishtirok etdi.

O’zbekiston va Yaponiya o’rtasida 2010 yil may oyida Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirishga mo’ljallangan 300 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’ ajratish borasidagi bitimning imzolanishi generatsiyaning samaradorligini 30 foizdan 50 foizgacha oshirish hamda uglerodlar emissiyasini qisqartirish imkonini yaratadi.

2001 yil aprel oyidan boshlab O’zbekiston va Yaponiya o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri aviaqatnovlarning yo’lga qo’yilishi xalqlarimizning yaqinlashuvi va mamlakatlarimiz o’rtasidagi sayyohlar almashinuvining o’sishiga xizmat qiluvchi omillaridan biri bo’ldi.

Mamlakatlarimiz o’rtasida madaniy-gumanitar sohada ham samarali hamkorlik rivojlanmoqda. Oxirgi paytlarda Yaponiyada o’zbek san'at ustalari bir qator madaniy tadbirlari o’tkazildi. Xususan, Yaponiya parlamentida o’tkazilgan “O’zbek fotografiyasining 125 yilligi” ko’rgazmasi; Buyuk Ipak yo’li mavzusiga bag’ishlangan turkum tadbirlar; “Fukushima-O’zbekiston” uyushmasining tashkil topgan kuni bilan bir vaqtda o’tkazilgan O’zbekiston madaniyati kunlari; “Yaponiyada o’zbek kinosi kunlari”; “Jata World Tourism Congress And Travel Fair - 2010” Xalqaro sayyohlik ko’rgazmasi doirasida “O’zbekiston sayyohlik sanoatining taqdimot marosimi” kabi tadbirlarni alohida ta'kidlab o’tish mumkin.

2002 yil O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovga Vaseda va Soka universitetlarining faxriy doktori unvonlari berildi. O’zbek madaniyatiga hurmat yuzasidan va buyuk qalam sohibining o’chmas ijodini e'tirof etgan holda 2004 yil Soka universiteti hududida atoqli shoir va mutfakkir Alisher Navoiyning haykali o’rnatildi. Har yili 9 fevral kuni ushbu universitetda g’azal mulkining sultoni haykalining poyida navoiyxonlik o’tkaziladi.

O’zbekiston xalqining ma'naviy-ahloqiy merosi, tarixi va me'moriy yodgorliklarini chet elda o’rganish va targ’ibot etish borasidagi ulkan hamda ikki davlat o’rtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qo’shgan salmoqli hissasi uchun 2002 yilning may oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga ko’ra Yaponiyaning taniqli arxeolog olimi va jamoat arbobi Kyudzo Kato «Do’stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

O’zbekiston va Yaponiya o’rtasidagi ta'lim sohasida amalga oshirilib kelinayotgan hamkorlik haqida gap ketganda shuni ta'kidlash joizki, Yaponiyaning Nagoya universiteti Toshkent davlat yuridik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Samarqand davlat universitetining huquqshunoslik fakulteti bilan faol hakorlik qiladi. Yaponiya va O’zbekiston oliy o’quv yurtlari o’rtasida doimiy ravshda o’qituvchi kadrlar va talabalar almashinuvi yo’lga qo’yilgan. 2000-2010 yillar davri mobaynida Yaponiya granti asosida 206 nafar talaba ushbu mamlakatda ta'lim oldi va davlat boshqaruvining, huquq, biznes ma'muriyati, bank sohasi, axborot texnologiyalari kabi muhim yo’nalishlari bo’yicha magistr darajasiga ega bo’lishdi.

2002 yilda poytaxtimizda Toshkent shahrining faxriy fuqorosi unvoniga sazovor bo’lgan yaponiyalik taniqli musavvir I.Xirayamaning moliyaviy ko’magida “Madaniyat karvon saroyi” nomli O’zbekiston-Yaponiya ilmiy-ijodiy markazi ochildi, 2005 yilning mart oyida esa, ushbu markaz hududiga “Xiroshimaning tinchlik toshi” quyildi. Bundan sal ilgariroq, 2003 yilda Toshkentning Bobur nomidagi madaniy-istirohat bog’ida, “Tinchlik qo’ng’irog’i” o’rnatildiki, Yaponiya bir ijtimoiy tashkiloti ham aynan shunday nom bilan yuritiladi. ushbu “Tinchlik qo’ng’irog’i” O’rta Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda O’zbekiston qo’shgan hissaning ramzidir.

O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2011 yilning 8-10 fevral kunlari Yaponiyaga amalga oshiriladigan rasmiy tashrifi davomida O’zbekiston va Yaponiya o’rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va halqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilinadi.

Tashrif yakunlariga ko’ra O’zbekistonning Yaponiya bilan turli sohalardagi hamkorligini chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Yaponiyaga tashrifi ikki davlat o’rtasidagi o’zaro manfaatli muvaffaqiyatli hamkorlikni yangi ufqlarining ochilishiga xizmat qiladi.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati