Siyosiy maslahatlashuvlar
18.02.2011

Toshkentda 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSH o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Hukumat idoralarining yetakchi ekspertlari, yirik korporatsiyalar rahbarlaridan iborat AQSH delegatsiyasiga Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi R.Bleyk rahbarlik qildi.

Maslahatlashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik muammolari yuzasidan fikr almashdilar.

Siyosiy maslahatlashuvlarning 2009 yili dekabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan birinchi davrasidan keyin O‘zbekiston-AQSH munosabatlarida ijobiy tendensiyalar yuzaga kelgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Davlat kotibi H.Klinton hamda AQSH ma’muriyatidagi boshqa yuqori martabali rasmiy kishilarning O‘zbekistonga tashriflari ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish borasidagi kompleks va uzoq muddatli jarayonga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

AQSH vakillari O‘zbekistonning qudratli iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatiga, rivojlangan infratuzilmasi va transport kommunikatsiyalariga, barqaror bank-moliya tizimi va yuqori malakali kadrlarga asoslangan iqtisodiy o‘sishning jadal sur’atlari va tuzilmaviy o‘zgarishlarning borishiga yuksak baho berdilar. Aynan shu jihatlar AQSH uchun O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi.

AQSH tomoni O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilayotgan parlament vakolatlarini kengaytirishga, sudlar mustaqilligini mustahkamlashga, ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlarning rolini oshirishga qaratilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish Konsepsiyasiga yuksak baho berdi. AQSH Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokamasi chog‘ida R.Bleyk Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berayotgani, Kobul shahrini kecha-kunduz uzluksiz energiya bilan ta’minlayotgani, shuningdek, ushbu mamlakatdagi Mozori Sharif shahrigacha bo‘lgan ilk afg‘on temir yo‘lini jadallik bilan qurib bitkazgani uchun O‘zbekiston Respublikasiga Amerika Qo‘shma Shtatlari nomidan minnatdorlik izhor etdi. Bularning barchasi Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashning muhim omillaridir.

Tomonlar O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar. Xususan, yuqori texnologiyali, jumladan, energetika va energiya tejash sohalaridagi, aviatsiya, kimyo va neft-gaz sanoatidagi sarmoyaviy loyihalar uchun AQSH investitsiyalarini jalb qilishda hamkorlikni, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

AQSH tomoni O‘zbekiston yuksak salohiyatga ega ekanini qayd etib, mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishda O‘zbekiston iqtisodiyotiga Amerika sarmoyasini kiritishni rag‘batlantirish AQSH hukumati uchun ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanishini ta’kidladi.

Tomonlar yuqori texnologiyali sohalardagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdi. Bu borada neft kimyosi, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalar ustuvor yo‘nalishlar ekani ta’kidlandi.

Ayni paytda “Jeneral motorz”, “Teksako”, “Chartis” va AQSHning qator boshqa kompaniyalari O‘zbekistonda yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirgani qayd etildi.

Energetika sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilish chog‘ida R.Bleyk AQSH Prezidenti B.Obama uchun muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ustuvor masalalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan AQSH tomoni an’anaviy energiya manbalaridan unumli foydalanish, shuningdek, tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish loyihalarini ishlab chiqish sohasida hamkorlikdan manfaatdor ekanini bildirdi.

18 fevral kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston-AQSH biznes-forumida AQSHning yetakchi yuqori texnologiyali kompaniyalari – “Xonevell”, “Boing”, “Ekson mobil”, “Zeppelin interneshnl”, “Katerpiller”, “Nyukem” bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining neft-gaz, kimyo, neft kimyosi, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi jadal rivojlanayotgan sohalariga AQSHning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Maslahatlashuvlar yakunida tomonlar 2002 yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSH o‘rtasida imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya qoidalari va prinsiplariga, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda, xavfsizlik masalalari hamda fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash borasida hamkorlik tamoyillariga sodiq ekanliklarini ta’kidladilar.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati