O‘zbekiston-AQSH biznes-forumi
18.02.2011

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 18 fevral kuni O‘zbekiston va AQSH ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, neft-gaz, aviasozlik, avtomobilsozlik, savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, fan-ta’lim, sayyohlik, geologiya va mineral resurslar, kimyo, oziq-ovqat, qishloq va suv xo‘jaligi hamda axborot texnologiyalari sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri G.Saidova O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar barcha jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda ish yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar, izchil davom etayotgan xususiylashtirish jarayoni ko‘plab davlatlar qatori AQSH ishbilarmonlarining ham yurtimiz bilan hamkorlikka e’tiborini kuchaytirayotir. Xususan, 2011 yilning Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, deb e’lon qilinishi mamlakatimizda iqtisodiyotning muhim bo‘g‘ini bo‘lmish xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasidir.

O‘zbekiston va AQSH munosabatlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar kabi ko‘plab yo‘nalishlarda izchil taraqqiy etmoqda. O‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha samarali muloqotlar olib borilayotir.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, narkotrafikni bartaraf etish borasida ham o‘zaro hamkorlik mustahkamlanmoqda. Tomonlar turli dasturlar doirasida mutaxassislar uchun o‘quv treninglari tashkil etish orqali mazkur yo‘nalishda muntazam tajriba almashmoqda.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida imzolangan iqtisodiyot, savdo, sarmoya, havo transporti, ta’lim kabi sohalardagi hamkorlikka oid bitimlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Ikki mamlakat ham ulkan iqtisodiy salohiyat va tajribaga ega. AQSHning yetakchi kompaniyalari mamlakatimizdagi korxonalar bilan faol hamkorlik qilib kelayotir. Jumladan, jahon avtomobilsozlik sanoatining yetakchilaridan bo‘lgan «General Motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «GM Uzbekistan» qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham talab katta.

2010 yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 181 million AQSH dollarini tashkil qildi. Yurtimizda amerikalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tuzilgan 243 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur mamlakatning 63 firma va kompaniyasi yurtimizda o‘z vakolatxonasini ochgan. Ular asosan avtomobilsozlik, neft-kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sayyohlik, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan.

Anjumanda dunyoda hanuz davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramay, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlik hamda o‘z vaqtida amalga oshirilgan inqirozga qarshi choralar bois O‘zbekiston yuksak iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishayotgani, bu xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimiz bilan hamkorlikka qiziqishini tobora oshirayotgani ta’kidlandi.

– AQSH O‘zbekiston bilan aloqalarni yuksak qadrlaydi, – dedi AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk. – O‘zbekiston – tabiiy resurslarga boy mamlakat. Global iqtisodiy inqiroz sharoitida ham mamlakatingizda makroiqtisodiy barqarorlik saqlab qolingani va yuksak iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erisha olingani tahsinga sazovor. O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. O‘zbekiston gumanitar yordam ko‘rsatish, elektr energiyasi, oziq-ovqat, qurilish materiallari bilan ta’minlash, transport kommunikatsiyalari barpo etish orqali Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishida faol ishtirok etayotir. O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li davrida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirishda mustahkam robita bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi forum o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochishi shubhasiz.

Anjumanda AQShning «Jeneral elektrik», «Sikorski eyrkraft», «Boing», «Ekson mobil», «Xonevell», «Zeppelin interneshnl», «Nobel», «Uayt end Keys ElElPi», «Nyukem», «Keys Nyu Xolland» kabi qator yirik kompaniyalaridan ko‘plab vakillar ishtirok etganining o‘ziyoq ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir.

– O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinda turadi, – dedi AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi, «Uayt end Keys ElElPi» yuridik kompaniyasi asosiy hamta’sischisi Kerolin Lemm. – Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatingiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan izchil va keng ko‘lamli islohotlar samarasida moliyaviy bo‘hron sharoitida yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarini yuqori darajada saqlab qolishga erishildi. Bu ibrat olsa arzigulikdir. O‘zbekistonda chet el sarmoyasini jalb etish bo‘yicha juda samarali mexanizm shakllangani ayniqsa diqqatga sazovor.

Anjumanda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma korxonalar sonini va mahsulotlar turini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida yuqori texnologik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga doir masalalar muhokama qilindi.

AQSH ishbilarmon doiralari vakillari mamlakatimizning turli vazirlik va idoralarida ham hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdilar.



                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati