O‘zbekiston – Hindiston: o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari
14.05.2011

O‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega. O‘zbekiston ham, Hindiston ham qadim sivilizatsiya beshiklaridandir. Buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy XI asrda ushbu diyorda bo‘lgan, o‘zining mashhur “Hindiston” asarini bu sehrli mamlakatga bag‘ishlagan. Unda hind diyorining tabiati, tarixi, xalqining hayot tarzi, falsafiy-diniy dunyoqarashlari haqida hikoya qilingan. Buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur esa XVI asrda “Boburnoma” kitobi bilan butun dunyo uchun Hindistonni yangidan kashf qildi, hind xalqini esa Vatanimizning go‘zalligi, ko‘rk-tarovati bilan tanishtirdi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi mazmun bilan boyidi, hamkorlik izchil taraqqiyot yo‘liga tushdi. 

Hindiston mamlakatimiz mustaqilligini birinchilar qatori tan olganini alohida ta'kidlash joizdir. Toshkentda 1992 yil 18 mart kuni Diplomatik munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi protokol imzolanishi bilan davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami va qamrovi yildan-yilga tobora kengayib, jadallik kasb etmoqda.

Hindiston bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Mamlakatimiz Hindiston bilan oliy darajada va tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida delegatsiyalar almashish orqali muntazam siyosiy muloqot olib bormoqda. Prezidentimiz Islom Karimov Hindistonga to‘rt marta tashrif buyurganini ta'kidlash lozim. Prezidentimizning 1991 yil avgust oyida ushbu mamlakatga amalga oshirgan oliy darajadagi dastlabki tashrifi chog‘ida do‘stona aloqalar va o‘zaro ishonchni rivojlantirish yo‘lida mustahkam poydevor yaratildi.

Davlatimiz rahbarining 2005 yil aprel oyida Hindistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojidagi g‘oyat muhim voqea bo‘ldi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladilar. Bu hamkorlik davlatlarimizning uzoq istiqboldagi milliy manfaatlariga mos bo‘lib, o‘zaro aloqalarning yanada mustahkamlanishiga, ham mintaqa, ham jahon miqyosida tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, xalqaro transafg‘on transport yo‘lagini barpo etishga oid loyihani hayotga tezroq tatbiq etish muhimligi qayd etildi. Bu O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi masofani sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish xarajatlarini kamaytirish va Afg‘onistonni mintaqaviy transport kommunikatsiyasiga integratsiyalashtirish imkonini beradi.

Hindiston Bosh vaziri Manmohan Singx 2006 yilning aprel oyida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Ushbu tashrif asnosida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va hamkorlikning boshqa sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tomonlar jahonda yuz berayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmasi va faoliyatini isloh qilish, bugungi kundagi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish masalalari dolzarbligini ta'kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2010 yil 11 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida kuzatuvchi davlat vakili sifatida ishtirok etgan Hindiston tashqi ishlar vaziri Somanaxalli Malayya Krishnani qabul qildi. Tomonlar qayd etganidek, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida oliy darajada yaqin va konstruktiv aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkaziladi, har ikki davlat xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlashga intiladi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Hindistonning mintaqaviy va global xavfsizlikni ta'minlashga oid masalalarga yondashuvi o‘xshash va yaqin ekanini, tomonlar bu yo‘nalishda sa'y-harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtirib borayotganini qayd etish lozim.

O‘zbekiston rasmiy Dehlining prinsipial va tinchlikparvar siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi, Hindistonni BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari qatoriga kiritilishini izchil yoqlab kelmoqda.

O‘zbekiston Hindistonning Shanxay hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi davlat sifatidagi ishtiroki Tashkilotning geosiyosiy ahamiyatini oshirish va uning mintaqaviy va global jarayonlarga ta'sir ko‘rsatish borasidagi imkoniyatlarini kengaytirishning muhim omili, deb hisoblaydi. 

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarning mustahkam normativ-huquqiy bazasi yaratilgan. O‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan 73 davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo hujjatlar imzolangan.

Jumladan, ikki tomonlama munosabatlar 1992 yilda tashkil etilgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston hukumatlararo komissiyasi doirasida tartibga solinadi. 1993-2011 yillarda ushbu Komissiya to‘qqiz marta majlis o‘tkazdi. Komissiyaning 2011 yil 4 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan so‘nggi majlisida tomonlar siyosiy muloqotlarni faollashtirish va iqtisodiy aloqalarni, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, konchilik, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash, fan, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish muhimligini qayd etdilar. 

Hindiston jahondagi jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan. Ushbu davlatning tez sur'atda o‘sib borayotgan iqtisodiyoti buning dalilidir. Hindistonda kuchli industrial baza yaratilgan va katta ilmiy-texnikaviy salohiyat mavjud. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, yengil sanoat kabi yo‘nalishlarda ulkan yutuqlarga erishilmoqda.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil taraqqiy etmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida 2010 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 150 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagidan 41,2 million dollarga ortdi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sarmoyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish, ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochishga oid bitimlar imzolangan. Savdo va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, o‘zaro savdoda eng ko‘p qulayik yaratish tartibi amal qilmoqda.

Hindistondan mamlakatimizga asosan farmatsevtika mahsulotlari, organik kimyoviy birikmalar, mexanik uskunalar, qog‘oz va karton, oziq-ovqat mahsulotlari, optik priborlar, terini oshlash hamda bo‘yoq ekstraktlari va boshqa mahsulotlar import qilinadi.

Hindiston kompaniyalari mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta qiziqish bilan qaraydi. Hindistonlik tadbirkorlar avtomobilsozlik, to‘qimachilik va sayyohlik kabi sohalarga faol sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotgani buning yorqin dalilidir. 

O‘zbekistonning Davlat investitsiya dasturiga muvofiq, 2007-2010 yillarda 4 loyihaga Hindistondan 33,5 million dollar miqdorida sarmoya jalb etildi. Hozir yurtimiz to‘qimachilik tarmog‘ida Hindistonning «Spentex Industries» kompaniyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyasi ishtirokida umumiy qiymati 143,78 million dollarlik ikkita loyiha amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda Hindistonning ishlab chiqarishning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan va farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan 18 kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalari ro‘yxatga olingan. Hozir mamlakatimizda Hindiston kapitali ishtirokidagi 62 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 11 tasi to‘liq hindistonlik sarmoyadorlar tomonidan shakllantirilgan.

Hindiston sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar asosan xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va teri mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qurilish, sayyohlik, ulgurji va chakana savdo yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ko‘plab forum va ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda. Toshkent shahrida 2008 yilning iyulida o‘tkazilgan «Hindiston mini-texnologiyalari kichik biznes uchun – India minitech-2008» ko‘rgazmasi samarali bo‘ldi. 

Xalqlarimizning yaqin madaniy aloqalari gumanitar sohadagi samarali muloqot rivojiga xizmat qilmoqda. 

Mamlakatlarimiz ta'lim sohasini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha boy tajribaga ega. Hindistonning Texnik-iqtisodiy yordam (ITEC) dasturi doirasida ko‘plab o‘zbekistonlik mutaxassislar ushbu mamlakatning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida axborot texnologiyalari, suv resurslarini boshqarish, bank ishi, mehmonxona biznesi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z malakasini oshirdi. 

2010 yilda Hindiston hukumati O‘zbekiston sog‘liqni saqlash muassasalariga tibbiy uskunalar sotib olish uchun 1 million dollar hajmda grant ajratdi.

Har yili Hindiston Tashqi ishlar vazirligining tuzilmaviy bo‘linmasi hisoblangan Hind madaniy aloqalar kengashi (ICCR) dasturi doirasida turli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qish va malaka oshirish uchun talabalar jo‘natiladi. 1991 yilda o‘z faoliyatini boshlagan “O‘zbekiston-Hindiston” do‘stlik jamiyati madaniy aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkentda 2006 yilning aprel oyida Javoharla'l Neru nomidagi O‘zbekiston-Hindiston axborot texnologiyalari markazi ochildi. Dehli shahrida 2011 yilning yanvar oyida axborot texnologiyalari bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma ishchi guruhining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘tgan asrning 40-yillaridan boshlab hind tili o‘qitib kelinmoqda, shuningdek, uchta maktabda hind tili o‘qitilmoqda. Dehlidagi Jamiya Milliya universitetida o‘zbek tili kurslari mavjud.

Mamlakatlarimiz madaniyat namoyandalari turli tadbirlar, amaliy va tasviriy san'at asarlari ko‘rgazmalari, kinoanjumanlar va festivallarda doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda. Sport sohasidagi aloqalar ham sezilarli darajada faollashmoqda. Hindiston Milliy kurash assotsiatsiyasi samarali ish olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Hindiston Respublikasiga navbatdagi davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining yangi va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashiladi. 

Muzokaralar yakunida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Hozirgi bosqichda har ikki tomonda ham yanada samarali va har tomonlama hamkorlik, ikki do‘st xalq aloqalarini mustahkamlash uchun imkoniyatlar mavjud. Davlatimiz rahbarining Hindistonga yaqinda bo‘ladigan tashrifi mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirishda yangi ufqlar ochishiga shubha yo‘q.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati