Ona va bola salomatligini muhofaza qilishning O‘zbekiston modeli
26.11.2011

“Ma’rifat markazi” majmuidagi simpoziumlar saroyida 26 noyabr kuni “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzuidagi xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) hamkorligida o‘tkazildi. Simpoziumda JSST, YUNISEF, YUNFPA hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, AQSH, Xitoy, Rossiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Finlyandiya, Shveysariya, Chexiya, Daniya, Janubiy Koreya kabi qirqqa yaqin mamlakatdan sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbarlari, tibbiyot sohasida jahonda tan olingan mashhur olimlar, xalqaro ekspert va tahlilchilardan iborat qariyb 300 nafar mutaxassis ishtirok etdi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholi sog‘ligini, jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, sog‘lom naslni voyaga yetkazish, bu borada yagona milliy tizimni yaratish, tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish yo‘lida amalga oshirilgan tub islohotlar samaralarini chuqur tahlil qilish ilmiy anjumanning asosiy mavzusidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xalqaro anjumanda nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 noyabrda qabul qilingan farmoniga muvofiq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasidagi faoliyatini tashkil etish va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, xotin-qizlar va bolalar sog‘ligini saqlashning Global strategiyasini amalga oshirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov Margaret Chenga mamlakatimizning ushbu yuksak mukofotini topshirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen o‘z so‘zida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga, shu jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilishga ulkan e’tibor qaratilayotgani, ona va bola salomatligini muhofaza qilish bosh ustuvor yo‘nalish etib belgilangani nafaqat bugungi kun, balki kelajak nuqtai nazaridan ham eng to‘g‘ri strategiya ekanini alohida ta’kidladi.

Margaret Chen Prezidentimizga yuksak mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xalqimizning sog‘lom va munosib hayot kechirishini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy va ma’naviy sog‘lom yosh avlodni tarbiyalash, farmatsevtika mahsulotlarini yurtimizda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Bu borada qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentimizning farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining 1998 yil 10 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni sohani tubdan isloh etishda muhim bosqichni boshlab berdi.

Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, har jihatdan sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. O‘zbekiston qo‘shilgan dastlabki xalqaro hujjatlardan biri ham 1992 yil 9 sentabrda parlamentimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir. 2008 yil 8 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi.

Davlatimiz rahbarining 1993 yil 4 martda qabul qilingan farmoniga muvofiq ta’sis etilgan mustaqil O‘zbekistonning ilk ordeni “Sog‘lom avlod uchun” deb nomlanishida ezgu maqsad mujassam. Bu – barkamol avlod orzusini ro‘yobga chiqarish, jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘g‘il-qizlarni voyaga yetkazish yo‘lidagi keng ko‘lamli ishlarning o‘ziga xos timsolidir.

Ona va bola salomatligiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli anjumanning Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi nishonlangan joriy yilda qurib bitkazilgan “Ma’rifat markazi”ning simpoziumlar saroyida o‘tkazilayotgani sog‘lom avlodni tarbiyalash masalasiga qaratilayotgan izchil e’tiborning amaldagi yana bir namoyonidir.

Hayot davomiyligining asosi bo‘lgan ayolni, naslimiz davomchisi bo‘lmish farzandlarimiz salomatligini asrash – bu millatni, xalqni asrashdir. Farzandga, oila va jamiyat tayanchi, sog‘lom, barkamol avlodni dunyoga keltiruvchi hamda tarbiyalovchi ayolga mehr-ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida bu boradagi ezgu an’ana va urf-odatlarimiz yangicha ma’no va mazmun bilan boyib bormoqda.

Sog‘lom ona – sog‘lom bola degan ulug‘ g‘oyani barcha yurtdoshlarimizning qalbi va ongiga chuqur singdirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi tom ma’noda umummilliy harakatga aylandi. Sog‘lom avlod deganda, avvalambor sog‘lom naslni tushunamiz. Bu borada mamlakatimizda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish, millat genofondini mustahkamlashga yo‘naltirilgan tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Simpozium yalpi majlisida O‘zbekistonda yaratilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli haqida atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromov, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab xonim, YUNISEFning Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Stiven Allen, Latviya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Ingrida Sirsene, Ozarboyjon Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri O.Shiraliyev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Anita Nirodi, YUNFPAning Markaziy Osiyodagi submintaqaviy ofisi direktori Nikolay Botev, Yevropa pediatrlar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Yevropa pediatrlari ilmiy qo‘mitasi prezidenti Manuel Moya (Ispaniya), Seul Milliy universitetining pediatriya markazi prezidenti, Koreya Respublikasi Bolalar kardiologlari assotsiatsiyasi prezidenti Jung Il No, Garvard tibbiyot maktabining xalqaro dasturlar bo‘yicha ilmiy jamiyatlar qo‘mitasi raisi, professor Edvard Jeyms (AQSH), “Save the children” xalqaro tashkiloti vakili No Bo Kim (Koreya Respublikasi), “Sharite” klinikasi professori Roland Vauer (Germaniya), “Im Park” kardiojarrohlik klinikasi direktori Paul Fogt (Shveysariya) va boshqalar so‘zga chiqdi.

Ular o‘tgan davrda O‘zbekistonda tibbiy xizmatning jahon andozalari darajasidagi o‘ziga xos milliy modeli yaratilganini ta’kidladilar. Sifat jihatdan yangi, eng yuksak talablarga javob beruvchi, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish va turli yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan markazlarni qamrab olgan tibbiy muassasalar tarmog‘i tashkil etildi. Viloyatlarda kattalar va bolalar uchun ko‘p tarmoqli shifoxonalar, yangi tug‘ruq majmualari barpo etildi, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, xususan, qishloq vrachlik punktlarining bazasi mustahkamlandi.

Bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va 13 mintaqaviy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlaridan iborat yagona tizim yaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning mintaqaviy filiallari, mintaqaviy perinatal markazlarda onalar va chaqaloqlarga yuqori texnologiyalar asosida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “Ona va bola skriningi” Davlat dasturi asosida yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy skrining markazlari tashkil etildi. Bu ko‘plab tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish va ularni davolashni yuqori darajaga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan Respublika Reproduktiv salomatlik markazi va uning 13 mintaqaviy filiali yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatlik va sog‘lom oilani shakllantirishga oid bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ovqatlanishni yaxshilash aholi farovonligini oshirish bo‘yicha milliy strategiyaning tarkibiy qismlaridan biridir. Bu borada mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash uchun zarur qonunchilik va me’yoriy baza yaratildi. “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi, “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, homilador ayollarni tarkibida sog‘liq uchun zarur mikronutriyentlar mavjud maxsus polivitaminlar bilan ta’minlash orqali sog‘lom va barkamol farzandlarni dunyoga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlari jahonda kam uchraydi. Davlatimiz tomonidan polivitaminlar xaridi uchun mablag‘ ajratilib, har yili qishloq joylarda istiqomat qilayotgan homilador ayollar sog‘lomlashtirilmoqda, onalar salomatligi mustahkamlanmoqda, bolalarning tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishining oldi olinmoqda. Unni zarur mikroelementlar bilan boyitish, tuzni yodlash dasturlari ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2009 yil 13 apreldagi “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2009 yil 1 iyuldagi “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda tug‘ish yoshidagi ayollarni sog‘lomlashtirish, tug‘ruqlar o‘rtasidagi muddatni uzaytirish, erta hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, tibbiyot sohasi kadrlari malakasini oshirish, homiladorlar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatadigan muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish, aholini reproduktiv salomatlik masalalari to‘g‘risida keng xabardor qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga ommaviy jalb etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar barkamol avlodni tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bexatar onalikni ta’minlash, samarali perinatal parvarish, go‘daklar reanimatsiyasi, ko‘krak suti bilan emizish, bolalar o‘sishi va rivojlanishini monitoring qilish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Xalqaro anjuman qatnashchilari Simpoziumlar saroyida tashkil etilgan mustaqillik yillarida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Simpozium ishtirokchilari sho‘ba majlislarida ilmiy muhokamalarni davom ettirdilar.

Telekonferensiya vositasida Sirdaryo viloyatidagi qishloq vrachlik punktida o‘tkazilayotgan “Tug‘ish yoshidagi ayollar, o‘smir qizlar va bolalarni sog‘lomlashtirish haftaligi”, Jizzax viloyatidagi skrining markazida homilador ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan viloyati filialidagi ish jarayonlari bilan tanishdilar.

Simpozium qatnashchilari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent shahridagi bolalar shifoxonalari faoliyati bilan tanishdilar. Tibbiyotning turli yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan klinika va markazlarda bo‘lib, satellit-konferensiyalar, master-klasslar, mamlakatimiz mutaxassislari bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etdilar.

Anjuman yakuni bo‘yicha Xalqaro simpozium rezolyutsiyasi qabul qilindi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati