Barkamol avlod – mamlakatimizni rivojlantirishda hal qiluvchi kuch
17.02.2012

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 17-fevral kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Forumda ko‘plab yirik xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, jumladan, BMT, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya kabi dunyoning 48 davlatidan ta’lim tizimi rahbarlari, olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

Konferensiya uzluksiz ta’lim va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashning milliy modelini yaratishda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishga bag‘ishlandi. Zero, mamlakatimizda faol, o‘z maqsadi sari intiluvchan, serqirra iste’dod va yuksak ma’naviy fazilatlarga ega, zamonaviy bilim hamda kasblarni egallagan – bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida 17-fevral kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘z taraqqiyot yo‘lini aniq belgilab oldi. Bu – demokratik huquqiy davlat, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yo‘lidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oldimizda turgan eng ezgu maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatidan qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir.

Uzoqni ko‘zlab aytilgan bu so‘zlar istiqlol yillarida mamlakatimizda amalga oshirib kelinayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini yorqin ifodalaydi. Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyat, zamonaviy bilimlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, kelajakka ishonch bilan qaraydigan barkamol avlodni tarbiyalash haqida g‘amxo‘rlik qilish ushbu siyosatning ustuvor yo‘nalishidir.

Mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan demokratik va bozor islohotlari talablariga javob beradigan ushbu vazifalarga muvofiq kadrlarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish va tayyorlash tizimi tubdan isloh qilindi. Bu borada shakllantirilgan qonunchilik bazasi mazkur jarayonlarning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har bir fuqaro ta’lim olish huquqiga ega ekani, bunda davlat bepul umumiy ta’lim olishni kafolatlashi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu borada davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan.

Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 1997-yil 29-avgustda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, ko‘lami, miqyosi, qamrovi va maqsadlari bo‘yicha noyob Kadrlar tayyorlash milliy dasturining qabul qilinishi ushbu muhim sohada chuqur islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Mamlakatimizda ta’lim taraqqiyotning shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnik hamda madaniy ehtiyojlarini ta’minlaydigan ustuvor sohasi sifatida qonunan belgilab qo‘yildi.

Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kuroda o‘z chiqishida O‘zbekistonning ijtimoiy va gumanitar rivojlanish borasidagi yutuqlari tahsinga sazovor ekanligini ta’kidladi. Ta’lim sohasiga o‘z vaqtida va asosli investitsiyalar kiritish iqtisodiy o‘sishga xizmat qilmoqda va jamiyatga foyda keltirmoqda. OTB rahbari, shuningdek, globallashuv jarayoni bilan bog‘liq ehtiyojlar ham hisobga olingan O‘zbekiston ta’lim modeli mamlakatimizning Osiyodan va, umuman, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashini ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.

O‘zbekistonning kadrlar tayyorlash bo‘yicha noyob milliy modeli jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan. Xalqaro tajriba tahlili shuni ko‘rsatadiki, aksariyat rivojlangan davlatlarda bu sohadagi islohotlar, odatda, faqat ta’lim sohasida amalga oshirilgan. Ular, O‘zbekistondagidan farqli ravishda, qamrovining kengligi va chuqurligi, ilmiy asoslanganligi, islohotlarda butun jamiyatning ishtirok etishi kabi xususiyatlarga ega emasdi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturimizning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, u yaxlit va tizimli bo‘lib, shaxs, davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi. Uzluksiz ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish bu yaxlit jarayonning uzviy tarkibiy qismlaridir. Mazkur dastur mamlakatimiz iqtisodiyoti va hayotining barcha jabhalari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, shuningdek, kadrlar tayyorlash borasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yaxlit o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish kompleksi sifatida ta’lim tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish vazifasini muvaffaqiyatli hal etishga xizmat qilmoqda.

Shubhasiz, bunday keng ko‘lamli vazifalarni iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan, inson, uning manfaatlari so‘zda emas, balki amalda oliy qadriyat hisoblangan mamlakatdagina amalga oshirish mumkin. So‘nggi 5-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari 8,5 foizni tashkil qildi. O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlar qatoridan joy olgan. Bularning barchasi ijtimoiy, jumladan, ta’lim sohasi uchun ajratilayotgan mablag‘larni muntazam ko‘paytirish imkonini berayotir. Bugun Davlat byudjeti jami sarf-xarajatlarining qariyb 60 foizi shu maqsadlarga yo‘naltirilmoqda.

Konferensiyaning yalpi majlisida O‘zbekistonda yosh avlodni barkamol rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan ta’lim va tarbiyaning milliy modeli xususida batafsil axborot berildi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga tatbiq etish davomida uzluksiz xususiyat kasb etgan ta’lim tizimining nafaqat shakli, balki mohiyati ham tubdan o‘zgartirildi. Ushbu tizim bugun maktabgacha, 9-yillik umumiy o‘rta, 3-yillik o‘rta maxsus va kasb-hunar, oliy, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’limni o‘z ichiga olgan. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi esa mazkur uzluksiz ta’lim tizimining mutlaqo muhim va yangi bo‘g‘inidir. Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini 9-sinfdan keyin qabul qiladigan mutlaqo yangi turdagi o‘quv yurtlari – kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar barpo etildi.

Hozir mamlakatimizda 9779 umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2004-2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish doirasida 8,5 mingdan ziyod maktab qurildi va kapital ta’mirlandi. Ularning aksariyati qishloqlarda joylashgan. Bu maqsadlar uchun 1,4 trillion so‘m sarflandi. Maktab ta’limi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir ishlar davom etmoqda. Buning natijasida bolalar uchun shahar va qishloq maktablarida bir xil sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizdagi maktablarning barchasi zamonaviy o‘quv uskunalari bilan jihozlangan, ularda kompyuter sinflari tashkil qilingan. Mamlakatimizdagi maktablarning 96 foizi “ZiyoNet” elektron-axborot tarmog‘iga ulangan.

O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib 12-yillik majburiy ta’limga o‘tdi. Mamlakatimizning raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan korxonalariga o‘rta maxsus ta’lim olgan yoshlar muayyan kasb-hunarni puxta egallab, ishlab chiqarish jarayoni asoslarini yaxshi bilgan holda tayyor mutaxassis sifatida kelmoqda. Yigit-qizlarimiz kasb-hunar kollejlarida umumta’lim fanlari bilan bir qatorda mehnat bozorida talab katta bo‘lgan bir necha kasb-hunarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu borada litseylar ham muhim vazifani bajarmoqda. Litseylarda o‘quvchilar akademik yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy ta’limni chuqur o‘rganishdan tashqari, muayyan ixtisosliklar bo‘yicha fanlarni ham o‘zlashtirmoqda. Yigit-qizlar litsey va kollejlarni tamomlagach, oliy o‘quv yurtlariga kirish va tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha ta’limni davom ettirish uchun yetarlicha bilimga ega bo‘lmoqda.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 1396 kasb-hunar kolleji va 141 akademik litsey faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bunday o‘quv yurtlari bugun mamlakatimizning eng chekka tumanlarida ham bor. Ular uchun go‘zal va zamonaviy binolar barpo etilgan. O‘quv-ishlab chiqarish xonalari va laboratoriyalar eng so‘nggi texnik uskunalar, zamonaviy apparaturalar bilan jihozlangan. Bugun mazkur o‘quv yurtlarida qariyb 1,7 million nafardan ortiq o‘g‘il-qiz bilim olmoqda. Ularga tajribali pedagoglar, jumladan, fan nomzodlari va doktorlari saboq bermoqda.

Iqtisodiyotimizning turli jabhalarida talab katta bo‘lgan 86 ta’lim yo‘nalishi, 225 kasb va 578 mutaxassislikni o‘z ichiga olgan umumdavlat tasnifi ishlab chiqildi. Kasb-hunar kollejlari o‘z ishlab chiqarishi uchun yosh kadrlar tayyorlashda ishtirok etayotgan yirik sanoat korxonalari tomonidan otaliqqa olingan.

Yana shuni qayd etish kerakki, O‘zbekistonda ta’limning barcha bosqichlari uchun davr talablariga mos davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari, shu jumladan, multimedia dasturlari ishlab chiqildi. Shuningdek, ko‘p million nusxada darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etilmoqda. O‘qitishning ilg‘or pedagogik texnologiyalari va interfaol usullari keng qo‘llanilayotir. O‘quv yurtlarida turli o‘quv adabiyotlari fondiga, jumladan, elektron shakldagi qo‘llanmalarga ega axborot-resurs markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bularning barchasi yoshlarga sifatli, chuqur va har tomonlama bilim olish uchun sharoit yaratmoqda.

Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda u bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli tizimni o‘z ichiga oladi. Hozir O‘zbekistonda 59 oliy ta’lim muassasasi, poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlarining 11 hududiy filiali va xorijiy yetakchi oliy o‘quv yurtlarining 6 filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, har bir viloyatda hududiy rivojlanish vazifalarini hal etish uchun mutaxassislar tayyorlanayotgan universitet va qator ixtisoslashgan institutlar ham mavjud.

Ushbu sohada samarali xalqaro hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgani milliy ta’lim modelimizning yuqori malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilganining yana bir tasdig‘idir. Poytaxtimizda tashkil etilgan Xalqaro Vestminster universiteti, Turin politexnika universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiyaning G.Plexanov nomidagi davlat iqtisodiyot universiteti va I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallarida bugun ana shunday mutaxassislar tayyorlanmoqda. Xorijlik hamkorlar bilan birgalikda turli yo‘nalishlar, jumladan, chet tillarni chuqur o‘rganish bo‘yicha fakultet va kafedralar tashkil etish amaliyoti tobora kengaymoqda.

Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuv jarayoni rivojlanmoqda. Talabalar ilmiy tadqiqotlarda faol qatnashmoqda, korxonalar buyurtmalari asosida innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Talabalar o‘z ishlanmalari bilan har yili mamlakatimizning yangi texnologiyalari va ilmtalab mahsulotlari namoyish etilayotgan yarmarkalarda muntazam ishtirok etayotgani buning yaqqol dalilidir. Masalan, 2011-yilda o‘tgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida oliy o‘quv yurtlarida yaratilgan texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha qiymati 3 milliard 579,4 million so‘m bo‘lgan shartnomalar tuzildi.

Ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro manfaatli yaqin aloqalar natijasida talabalar fundamental tadqiqotlarga tobora keng jalb etilayotir. Bu yosh ilmiy kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hozirgi kunda yurtimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari huzurida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ishtirokida ilm-fan, texnika va texnologiyalarning eng istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-o‘quv laboratoriya komplekslari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tuzilmasi ham faol rivojlanmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida 70 yo‘nalishda nomzodlik, 37 yo‘nalishda doktorlik ilmiy ishlarini himoya qilish bo‘yicha qariyb 30 ixtisoslashgan kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy o‘quv yurtlarini yaqinda tamomlagan va ilmiy darajaga ega bitiruvchilar – iste’dodli yosh olimlar safi yil sayin kengayib borayotir.

Mutaxassislar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga ham katta e’tibor berilmoqda. Bundan korxonalar ham manfaatdor. Negaki, ular ishlab chiqarayotgan mahsulot sifatiga, ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga, shu bilan birga, tannarxini pasaytirishga nisbatan talablarning kuchayib borayotgani texnologiyalarni muntazam yangilash, ishlab chiqarishning yanada takomillashtirilgan uslublarini joriy etishni taqozo qilmoqda. Ushbu jarayon samaradorligi esa, birinchi navbatda, kadrlar, ularning bilim va malakasiga bog‘liqdir.

O‘zbekiston mutaxassislarining malakasi yuqori ekani butun dunyoga ma’lum. Shu sababli yetakchi xorijiy kompaniya va firmalar mamlakatimizda qo‘shma korxonalar tashkil etishga katta qiziqish bildirmoqda. Iqtisodiyotimiz real sektorida bunday korxonalar soni ham, xorijiy investitsiyalar miqdori ham muntazam ortib borayotir. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich qariyb 2,9 milliard AQSh dollarini tashkil qildi.

Prezidentimiz Islom Karimov qarori bilan tasdiqlangan 2011-2016-yillarga mo‘ljallangan oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash dasturi mamlakatimiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda oliy o‘quv yurtlari binolarini qurish va rekonstruksiya qilish, jihozlash, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, o‘qitish yo‘nalishlarini maqbullashtirish, davlat ta’lim standartlarini yanada takomillashtirishni o‘z ichiga olgan aniq maqsadli tadbirlar belgilab berilgan.

Yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishdagi ishlar o‘g‘il-qizlarda zamonaviy dunyoqarash, ularning ongiga vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, o‘z Vataniga xizmat qilish kabi yuksak tuyg‘ularni kamol toptirishga qaratilgan.

Bolalar va yoshlarni sport bilan faol va muntazam shug‘ullanishga ommaviy jalb qilish tarbiya jarayonining yana bir uzviy qismidir. Negaki, sport salomatlikni mustahkamlash bilan birga, insonda fe’l-atvor, iroda, qiyinchiliklarni yengish qobiliyatini shakllantiradi. Mamlakatimizda maktab o‘quvchilarining “Umid nihollari”, kollej va litsey o‘quvchilarining “Barkamol avlod” hamda talabalarning Universiada bellashuvlarini o‘z ichiga olgan noyob uch bosqichli sport musobaqalari tizimi tashkil qilindi. Barcha o‘quv yurtlari, shu jumladan qishloqlarda bugun xalqaro standartlarga mos jihozlangan sport zallari, komplekslari faoliyat yuritmoqda.

Bugun O‘zbekistonda yosh avlod har tomonlama va sifatli bilim olayotganini quyidagi dalil va raqamlar ham tasdiqlaydi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirilayotganidan buyon mamlakatimiz maktab o‘quvchilari xalqaro fanlar olimpiadalarida 157, jumladan, 29 oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining ko‘plab talabalari turli fanlar bo‘yicha xalqaro olimpiadalar g‘olibi hisoblanadi. Yosh musiqachi va rassomlar orasida turli nufuzli xalqaro tanlovlar sovrindorlari ko‘paymoqda. O‘zbekistonlik sportchilar ham Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari hamda boshqa musobaqalarda Vatanimiz dovrug‘ini butun dunyoga yoymoqda.

O‘zbekistonda yangicha fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash tizimini rivojlantirishda ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari ham yordam bermoqda, ta’limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Germaniyaning “KfV” bankining investitsiya loyihalari, O‘zbekiston va Shveytsariyaning “Kasb-hunar ko‘nikmalarini rivojlantirish” loyihasi doirasida maktablar, kollej va litseylar uchun qariyb 90 nomdagi o‘quv adabiyotlari ko‘p nusxada chop etildi.

Forumda so‘zga chiqqan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Noylin Xeyzer, Xalqaro Vestminster universiteti rektori Jeffri Petts (Buyuk Britaniya), M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy, Islom taraqqiyot banki prezidenti Ahmad Muhammad Ali, Vebstersk universiteti prorektori Nansi Xellerud (AQSh), Singapur menejmentni rivojlantirish instituti prezidenti Erik Kuan, Xosey universiteti rektori Toshio Masuda (Yaponiya), Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik bo‘yicha direktori Teodor Alers va boshqalar bugungi kunda ta’lim sohasi taraqqiyotning bosh omili sifatida e’tirof etilayotganini ta’kidladilar, O‘zbekistonda bu sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berdilar. Tarixan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda bu borada ulkan yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi. O‘zbekiston ta’lim tizimida izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizning qator oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va umumta’lim maktablariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishgan konferensiyaning xorijiy ishtirokchilari O‘zbekistonda ushbu sohada hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildilar.

Konferensiyada mamlakatimizda yaratilgan va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, butun dunyoda “o‘zbek modeli” deb tan olingan kadrlar tayyorlash modeli o‘z samaradorligi hamda qo‘yilgan maqsadlarga erishish bo‘yicha ko‘plab davlatlar, jumladan, rivojlangan mamlakatlar uchun ham namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.

Anjuman ishtirokchilari seksiya majlislarida mamlakatimizda va butun dunyoda uzluksiz ta’lim va tarbiya tizimini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda istiqlol yillarida har tomonlama iqtidorli, yuqori bilimli va yuksak intellektual salohiyatga ega yosh avlod o‘sib-ulg‘aydi. Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kelajagimiz egalari bo‘lgan har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan ishlar nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanligini hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Chunki, iqtidorli, bilimli, yuksak intellektual salohiyatga ega, elim-yurtim deb yonib yashaydigan avlodgina yangi jamiyat, yangi hayot barpo etishga qodirdir.

Anjumanda yakuniy hujjat – xalqaro konferensiya tavsiyalari qabul qilindi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati