Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod vatan!
31.08.2012

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 21 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.

Xalqimiz Vatanimiz davlat mustaqilligining yigirma bir yilligini katta ko‘tarinkilik bilan bayram qilmoqda. Bu buyuk sana yurtdoshlarimiz qalbiga bemisl faxr-iftixor, surur bag‘ishlaydi. Joriy yilda eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz mamlakatimiz bo‘ylab “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanmoqda.

2012-yil, 31 avgust. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i har qachongidan go‘zal, shukuhli, salobatli. Milliy bog‘, unga tutash maydon va xiyobonlar, yo‘llar va binolar bayramona libosda. Ular yurtimiz mustaqilligining yigirma bir yilligi, erkin va obod Vatanimizni sharaflaydigan hamda Mustahkam oila yiliga bag‘ishlangan badiiy pannolar bilan bezatilgan. Davlatimizning mag‘rur hilpirayotgan bayrog‘i rango-rang chiroqlar yog‘dusiga bezangan yam-yashil archalar, majnuntollar bilan uyg‘unlashib atrofga ajib tarovat taratadi, dillarga masrurlik baxsh etadi. Ko‘chalarni to‘ldirgan odamlar oqimi minglab chiroqlar nuridan shu’lalanayotgan ramziy minoralar salobat to‘kib turgan muazzam maydon tomon oshiqadi.

Bu yerga Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari vakillari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari tashrif buyurgan.

Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning niliy gumbazlaridan nur yog‘ilib turgan mahobatli haykali ulkan majmuaga yanada ulug‘vorlik bag‘ishlaydi. Haqiqatan ham, ul buyuk zotning muqaddas ruhi va benazir she’riyati ezgu va xayrli ishlarimizda hamisha hamnafas va madadkor bo‘lib kelmoqda.

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-biringizga ki, erur yorlig‘ ish.

Bobokalonimizning insonga cheksiz muhabbat bilan to‘lib-toshgan bu kabi falsafiy o‘gitlari ma’naviy merosimizning bebaho xazinasi bo‘lib, nainki xalqimiz, balki bashariyat uchun ham buyuk hikmatdir. Zotan, ulug‘ mutafakkir bobomiz aynan “olam ahli” deb murojaat qilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan 1991-yil Alisher Navoiy yili, deb e’lon qilindi, buyuk bobomizning 550 yillik tavalludi keng nishonlandi. Mustaqilligimiz e’lon qilinganidan keyin sanoqli kunlardan so‘ng, ya’ni, 1991-yil 28 sentabr kuni poytaxtimizda Alisher Navoiyning ulug‘vor haykali qad rostladi. Bu yurtimizda amalga oshirilayotgan beqiyos yangilanishlar va bunyodkorlik ishlarining debochasi bo‘ldi. Alisher Navoiy yili, deb e’lon qilingan 1991-yil yurtimiz, xalqimiz tarixida qutlug‘ keldi. Unutilmas sana bo‘lib qoldi. Shu bois Mustaqillik va Navro‘z bayramlarining asosiy tantanalarini mazkur bog‘da nishonlash chuqur ramziy ma’noga ega. Xalqimizning katta bayramlari shu yerdan boshlanib, butun mamlakatimiz bo‘ylab yoyiladi.

Soat 19.00. Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.

Chorlov musiqasi bayram shodiyonasi boshlanayotganidan darak beradi.

Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.

Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning yigirma bir yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etadi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ijro etiladi. Bayram ahli hurriyatimizning muazzam qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ladi, ming-minglab qalblardan otilib chiqayotgan sadolar butun olamga taraladi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimizni ellikdan ortiq mamlakat aholisi sun’iy yo‘ldosh vositasida televideniye orqali tomosha qiladi, internet orqali dunyoning barcha hududlariga kirib boradi.

Maydonning ikki tomoniga o‘rnatilgan yirik ekranlarda madhiyamiz sadolariga hamohang mustaqil O‘zbekistonning zafarli odimlari, istiqlol yillarida bunyod etilgan ulkan inshootlar, amalga oshirilgan yirik loyihalar, tobora chiroy ochib borayotgan shahar va qishloqlarimiz, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan fidoyi yurtdoshlarimizning hayoti, mamlakatimiz yoshlarining turli sohalarda erishayotgan yutuqlarini aks ettiruvchi videotasvirlar namoyish etiladi.

Xalqimizning ezgulik yo‘lidagi intilishlari, uning dardi, orzu va istaklari, an’ana va qadriyatlarini ifoda etadigan “Mangu bo‘ston” qo‘shig‘i yangrab, O‘zbekiston zaminida eng ulug‘, eng aziz bayram boshlanayotganidan dalolat beradi.

Bundan yigirma bir yil oldin mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish, hayotimizning barcha sohalarini tubdan isloh etish, xalqimiz manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga qaratilgan siyosatni amalga oshirish bo‘yicha tanlagan yo‘limiz yagona to‘g‘ri qaror ekanini bugun hayotning o‘zi yaqqol tasdiqlamoqda.

Buni yurtimizda yashayotgan har qaysi inson o‘zi va oilasi, yaqinlari hayoti, shahar va qishloqlarimiz, butun mamlakatimizning har tomonlama taraqqiy etib, obod bo‘lib, odamlarimizning tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgargani, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksalib borayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. O‘z tarixi, an’analari va qadriyatlariga ega bo‘lgan va uni qadrlagan millat teran ildizlaridan quvvat oladi, yuksaladi, taraqqiy etadi.

“Istiqlol ochgan xazina”. Bayram dasturining ushbu bo‘limi “O‘zbekistonda” qo‘shig‘i bilan boshlanadi. Vatanimizning maftunkor tarovati, azaliy shonu shuhrati baland ohanglarda kuylangan mazkur ashula go‘yo tantana ishtirokchilari, butun xalqimiz qalbidagi, yuragidagi tuyg‘ularni ifoda etgandek bo‘ladi.

… Yuraklarni sel-simob qilib navosoz elimiz navolari yangraydi. Jon qushi sayrog‘iga hamohang ko‘hna navo sadosi ruhiyatga quvvat, safo baxsh etadi. Azal-azaldan ezgulik, odamiylik, mehr-muhabbat, vafo va sadoqat kabi olijanob tuyg‘ular tarannum etilgan mumtoz ashulalar, jozibali raqslar bayramimizda ishtirok etayotgan xorijlik do‘stu hamkorlarimizni ham to‘lqinlantirib yuboradi. Ana shunday pallalarda musiqaning sehrli kuchi va ohanrabosini yanada chuqurroq his etadi inson…

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida hayotimizning barcha jabhalarida olib borilayotgan tub o‘zgarishlar va islohotlar o‘zining tarixiy asoslariga ega. Boshqacha aytganda, ajdodlarimiz qoldirgan boy meros bugungi avlodlar salohiyati bilan yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda, yanada boyimoqda.

Bunyodkorlik va obodlik mustaqillik tushunchasi va hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Istiqlolimizning yigirma birinchi yilida poytaxtimizda davlatimiz rahbari Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi asosida bunyod etilgan yana bir ulug‘vor koshona foydalanishga topshirildi. Zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan, yurtimiz yoshlariga milliy va xorijiy axborot-kutubxona fondlaridan keng foydalanish imkonini beradigan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Simpoziumlar saroyini o‘z ichiga olgan Ma’rifat markazi milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishga qaratilgan katta e’tiborning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Xalqimiz milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligiga sodiq, mamlakatimiz jahon hamjamiyatining uzviy bir qismi sifatida rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda milliy va mumtoz musiqa merosimizni asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan yetuk musiqa asarlari yaratish barobarida jahon klassik san’atini o‘rganish, bu yo‘nalishda yetuk ijrochilarni tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

…Ohanglari ezgulik nishonalari bo‘lib, bayram sahnasida jahon klassik san’atining durdonalari yangraydi…

Bugun mamlakatimizda keng quloch yoygan bunyodkorlik ishlari yurtimizning hamma hududlarini, har bir shahar va qishloqni qamrab olgan. Bunday ulkan o‘zgarishlarni ko‘rgan kishining ko‘ngli yuksaladi. Yurtimizning barcha joylarida barpo etilayotgan madaniy-ma’rifiy inshootlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport muassasalari, san’at saroylari, xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari, dam olish va hordiq maskanlari odamlarimizning turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda 2012-yilning birinchi yarmida qurilish ishlari hajmining o‘sish sur’ati 8,6 foizni tashkil etdi. Shu vaqt mobaynida mahalliy xomashyo va komponentlardan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaradigan 101 yangi korxona ishga tushirildi. Ayni paytda zamonaviy aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, shohbekatlar, magistral yo‘llar, po‘lat izlar, kichik va katta halqa yo‘llari, zamonaviy ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlar barpo etish, ichimlik suvi, isitish, elektr energiyasi tizimlari, kanalizatsiya tarmoqlari kabi muhim infratuzilma ob’ektlarini qurish borasida ulkan hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Shahar va qishloqlarimizning yanada chiroy ochishi yurtdoshlarimiz qalbidagi g‘urur va iftixor, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirmoqda.

– Xalqimiz mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat qurish yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilmoqda, – deydi bayram tadbiri ishtirokchisi, samarqandlik shifokor Quroqboy Sindorov. – Istiqlol yillari Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ana shu ezgu maqsad yo‘lida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar, betimsol ishlar bilan bugun har qancha faxrlansak arziydi. Yaqinda xizmat yuzasidan vodiyda bo‘ldim. Andijon, Namangan, Qo‘qon, Farg‘ona shaharlaridagi o‘zgarishlarni, obodlik va go‘zallikni ko‘rib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Bunday yangilanishlarni yurtimizning barcha hududlarida ko‘rish mumkin. Bu kabi olamshumul o‘zgarishlarda taraqqiyot, farovonlik sari dadil odimlayotgan xalqimizning metin irodasini, qalb qo‘rini, bunyodkorlik salohiyatini ko‘ramiz. Tinch, obod va farovon yurtda yashayotganimizdan faxrlanamiz. Yurtimiz jamolidagi o‘zgarishlar, shaharlar va qishloqlarimizda barpo etilayotgan zamonaviy uylar hududlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, odamlarning hayotdan roziligining ifodasiga aylanmoqda.

Dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlar, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yetakchi ekspert va tahlilchilar tomonidan e’tirof etilayotgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” o‘zining naqadar hayotbaxsh, buyuk kelajagimizga yo‘naltirilgan konsepsiya ekanini to‘la isbotladi. O‘zbekistonning bugungi qudrati va salohiyati, xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan obro‘-e’tibori, mamlakatimiz jahonning ko‘plab davlatlarini og‘ir ahvolga solib qo‘ygan iqtisodiy tanglik sharoitida ham barqaror yuksalib borayotgani mazkur konsepsiyaning chinakam tarixiy ahamiyatga ega ekanidan dalolatdir.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va inqirozga qarshi choralar dasturi samaradorligi Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki singari nufuzli xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar tomonidan yuqori baholanmoqda. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2011-yil noyabr oyida mamlakatimizda bo‘lgan missiyasi bayonotida O‘zbekiston izchil o‘sishga erishganligi va global moliyaviy inqirozga qarshi muvaffaqiyatli choralar ko‘rayotganligi qayd etilgan, shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari saqlanib qolishi haqida ijobiy prognoz bildirilgan.

O‘zbekistonda har tomonlama asoslangan tarkibiy qayta o‘zgartirishlar, faol investitsiya siyosati, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash hamda diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirish, eksportga yo‘naltirilgan yangi korxonalarni tashkil etish, transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlar iqtisodiyotni barqaror va muvozanatlashgan holda taraqqiy ettirish imkonini bermoqda.

2012-yilning birinchi yarmida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi sur’ati 8,1 foizni tashkil etdi.

Moliya-bank tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks chora-tadbirlar bank tizimi kapitali yetarlilik darajasining yuqori ko‘rsatkichlari saqlanib qolinishini hamda kreditlash ko‘lami kengaytirilishini ta’minlamoqda. 2012-yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, bank tizimi resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsiya faolligini kuchaytirish doirasida bank tizimining jami kapitali 2011-yilning shu davriga nisbatan 24,2 foizga, ularning jami aktivlari 30,3 foizga, mijozlarning bankdagi jalb etilgan depozitlari 30,5 foizga oshgan. O‘zbekiston tijorat banklarining barqaror va ijobiy rivojlanish prognozi yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni izchil rivojlantirishga katta e’tibor ko‘rsatilmoqda. Ichki bozorimizni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, aholimizni, ayniqsa, yoshlarimizni ish bilan ta’minlash va shu asosda ularning turmush farovonligini oshirishda mazkur soha eng muhim omillardan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining shu yil 16 va 18 iyul kunlari qabul qilingan ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinliklar berish hamda statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirishga doir farmonlari bu borada yanada keng va yangi imkoniyatlar ochdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan faol investitsiya siyosati natijasida joriy yilning birinchi yarmida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 7,6 foizga ko‘paydi va 531 yangi ishlab chiqarish ob’ekti foydalanishga topshirildi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar tuzilmasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ulushi 80 foizdan ortiqni tashkil etdi.

…“Vatan”. Muazzam maydon uzra yangragan qo‘shiq uni tinglayotgan har bir qalbning tub-tubigacha yetib boradi. Jannatmonand O‘zbekiston farzandi, qanday buyuk zotlarning avlodlari ekanimizdan g‘urur va iftixorga tuyamiz. El-yurtimiz tinch va osoyishta. Oilalarimiz mustahkam. Farzandlarimiz sog‘-salomat kamolga yetmoqda. Olam-olam orzular bilan kelajakka qat’iy ishonch bilan yashayotgan xalqimiz o‘zining eng buyuk bayramini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlamoqda…

– Mana shu shukuhli damlarda mustaqillik atalmish ulug‘ ne’matning yurtdoshlarimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada teran anglaymiz, – deydi tantana qatnashchisi, poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 123-maktab direktori Saltanat To‘laganova. – Istiqlolimiz xalqimiz uchun erkin, baxtli va farovon hayot kechirish imkonini berib, insonning barcha sohada iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishi uchun asos bo‘lib kelayotir. “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!” ezgu g‘oyasini o‘zida mujassam etgan ushbu ulug‘ ayyom qalblarimizga cheksiz iftixor, g‘urur bag‘ishlaydi.

Yuksak texnologiyalar asrida yashayapmiz. Har kuni bir yangilik, bir yangilanish guvohi bo‘lamiz. Buni yurtimiz sanoatini yanada rivojlantirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga doir chora-tadbirlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, mamlakatimiz avtomobilsozlari o‘tgan yilning sentabr oyida “GM-Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan, yangilangan “Chevrolet Captiva” avtomobilini, joriy yilning mart oyida “Chevrolet Malibu” avtomobilini taqdim etdilar. Bundan tashqari, “Surg‘il” koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi hamda Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqaradigan ulkan zavod qurilishi boshlandi.

Joriy mavsumda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida yangi sahifa ochildi – dehqonlarimiz 7 million 170 ming tonnalik ulkan g‘alla xirmoni bunyod etdilar. Bu dasturxonlarimiz to‘kinligi, ro‘zg‘orlarimiz qut-barakasi demakdir. Ayni paytda minglab gektar maydonlarda yangi bog‘lar, tokzorlar barpo etilmoqda, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida ko‘plab issiqxonalar tashkil qilinmoqda. Sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, meva, uzum yetishtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi izchil o‘sib borayotir. Chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik jadal rivojlanmoqda.

Jahonda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi va ular narxining o‘sayotgani kuzatilayotgan bir sharoitda bunday yuksak natijalar misolida farovonlik sari dadil odimlayotgan mehnatkash xalqimizning bunyodkorlik salohiyati namoyon bo‘ladi.

…Maydonga baxti kulgan bolalarimiz kirib keladi – atrofni ularning sho‘x-shodon qiyqiriqlari tutib ketadi. Bu dunyoda bola qiyqirig‘idan ko‘ra jozibaliroq ovoz bormi?! Bolalar yayrasa, ko‘ngil yayraydi, bolalar kulganda, olam kuladi. “Yangi avlod”, “Tomosha”, “Tantana”, “Sevinch”, “Orom” bolalar badiiy jamoalari ijrosida o‘g‘il-qizlarimizning orzu-intilishlari, sho‘xlik va erkaliklari, bolalikning beg‘ubor olamini ifoda etadigan kuy-qo‘shiq va raqslar namoyish etiladi. Ozod diyorimizda hech kimdan kam bo‘lmay voyaga yetayotgan, taraqqiy topgan davlatlardagi tengdoshlari bilan har tomonlama bellashuvga tayyor barkamol avlod, ular erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlar tarannum etilgan ashula va raqslardan dillar yayraydi…

Barkamol avlod – xalqimizning eng oliy orzusi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassam.

Barkamol avlodni tarbiyalashning asosiy omillaridan bo‘lmish ona va bola salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, ommaviy sportni, xususan bolalar va xotin-qizlar sportini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” g‘oyasi asosida bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi. Xususan, sog‘lom oilani shakllantirish va irsiy kasalliklarga chalinish mumkin bo‘lgan holatlarni kamaytirish maqsadida turmush qurayotgan shaxslarni nikohdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimi joriy etilgan. Barcha viloyatlarimizda ona va bola perinatal hamda skrining markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qishloq joylardagi homilador ayollar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan sog‘lom naslni shakllantirish uchun zarur polivitaminlar bilan ta’minlanmoqda.

Mamlakatimizda ikki yoshgacha bo‘lgan barcha bolalarni bepul emlash yo‘lga qo‘yilgan, bu, o‘z navbatida difteriya, qoqshol, poliomiyelit kabi kasalliklarga butunlay barham berish imkoniyatini yaratdi. Keng ko‘lamli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida o‘tgan yillar davomida onalar va go‘daklar o‘limi uch barobardan ko‘proq kamaydi. O‘zbekiston 2011-yilda “Bolalarni asraylik” xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan 161 mamlakatdan iborat jahon reytingida o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan davlatlar orasida 9-o‘rinni egalladi.

Mamlakatimiz ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, bolalar sportini rivojlantirish borasida erishayotgan yutuqlar jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

…Bog‘u bo‘stonimiz egalari ijrosida mamlakatimizda jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish oila mustahkamligi, unga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik to‘g‘risida “Mustahkam oila” qo‘shig‘i yangraydi…

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2012-yil yurtimizda Mustahkam oila yili, deb e’lon qilingan. Davlatimiz rahbari istiqlolning ilk yillaridan milliy ma’naviyatimizning mustahkam qo‘rg‘oni – oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvatlashga, ijtimoiy himoya qilishga, farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi doirasida oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, yosh oilalar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, oila sog‘lig‘ini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish, barkamol yosh avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz rahbarining “Bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”, degan so‘zlari zamirida milliy g‘oyamizning bosh maqsadlaridan biri – barkamol avlodni kamolga yetkazish orzusi mujassam.

Ma’lumki, har yili ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yadigan kichkintoylarga an’anaviy ravishda Prezident sovg‘asi – maktab sumkasi, darsliklar va o‘quv qurollari to‘plami taqdim etiladi. Mazkur sovg‘a davlatimiz rahbarining yurtimizdagi har bir bolaga otalarcha mehr va e’tiborining yorqin ifodasi sifatida farzandlarimiz xotirasida umrbod saqlanib qoladi. Joriy yilda mamlakatimiz bo‘yicha besh yuz ming nafardan ziyod bola birinchi sinfga qadam qo‘yadi. Bolalar ashula va raqs guruhi ijrosidagi “Sovg‘a” qo‘shig‘i va musiqiy kompozitsiyasida ana shunday bolalarning quvonch va minnatdorlik tuyg‘ulari o‘z ifodasini topadi.

Barkamol avlod kamolotida ta’lim-tarbiya alohida o‘rin tutadi. Poytaxtimizda shu yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasini isloh qilish, yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berib, uni dunyo mamlakatlari uchun namuna sifatida ko‘rsatdilar. Barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu maqsad yo‘lida Vatanimiz qo‘lga kiritayotgan bunday ulkan yutuqlar jahonda keng e’tirof etilayotgani xalqimizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.

Kindik qonimiz tomgan shu muqaddas tuproqni ona Vatan deya ataymiz. Mustaqillik yillarida poytaxtimiz Toshkent shahrida bunyod etilgan “Mustaqillik va ezgulik monumenti”, “Motamsaro ona”, “Vatanga qasamyod” majmualarida ona siymolari – Vatan timsoli o‘z aksini topgan.

Bayram tomoshasi dasturidan o‘rin olgan “Ona timsolida azizdir Vatan!” badiiy kompozitsiyasida bu ma’no-mazmun chuqur ifodalab beriladi.

Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro hurmat hamda mehr-oqibat muhiti mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida mustahkam poydevor bo‘lmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda bir yuz o‘ttizdan ziyod millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib, do‘stlik va inoqlikda hayot kechirmoqda. Ularning tili, urf-odat va an’analarini har tomonlama rivojlantirish va o‘zaro boyitishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. 2012-yilda mamlakatimizdagi ko‘plab milliy-madaniy markazlar faoliyatiga har tomonlama yordam berib kelayotgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi keng nishonlandi.

…Maydonga harbiy musiqa sadolari ostida ozod Vatanimizning mustahkam qalqonlari bo‘lgan harbiylarimiz kirib keladi…

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, tinch-osoyishta hayotimizning kafolati bo‘lgan zamonaviy Qurolli Kuchlarni shakllantirish, uning qudrati va salohiyatini oshirish bo‘yicha ulkan ishlar tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Islom Karimov O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 20-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida bu jihatlarga alohida e’tibor qaratib, oldinda turgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Vatan sha’ni, g‘ururi haqida so‘z ketganda ona yurtni himoya qilish eng muqaddas burch ekanini har bir o‘g‘il-qiz yurakdan his etayotgani barchamizni quvontiradi. Harbiylar, harbiy bilim yurtlari kursantlari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ansambllari ijrosida ana shu tuyg‘ular tarannum etiladi. “Bu Vatan manimdir”, “Siz mening posbonimsiz” kabi qo‘shiqlar tantanavor ohanglarda yangraydi.

2012-yilda mamlakatimiz tarixidagi yana bir qutlug‘ sana – Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 20 yilligini nishonlaymiz. Yurtimizda mustaqil, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib kelayotgan Asosiy Qonunimiz siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy sohalardagi taraqqiyotimiz, yurtimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish borasidagi yutuqlarimizning bosh omili ekanligidan faxrlanamiz.

…Bayram tantanasi yanada qiziydi: erkin va obod Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar va raqslarda obod Vatanda yashash zavqi, yosh avlod qalbi va tafakkurida jo‘sh urayotgan bunyodkorlik ishtiyoqi, shu zaminda tug‘ilib kamol topish baxtidan masrurlik hislari jo‘sh uradi…

Erkin va obod O‘zbekiston – bizning taqdirimiz va baxtimiz. Bu jannatmonand diyor vasfini sevib kuylamoq – saodat. Maydon uzra taralayotgan kuy va alyorlarda mustaqillik, tinch va osoyishta hayot ulug‘lanadi, erkin va obod Vatanga farzandlik mehri, shukronalik va minnatdorlik tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan, sevgi, sadoqat va do‘stlikni madh etuvchi qo‘shiqlar jozibali raqslarga ulanadi.

Zamonlar o‘tadi, mamlakatimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi, ajdodlarimizning, xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqargan, erkin va obod Vatan barpo etish yo‘lida qanot bo‘lib, beqiyos imkoniyat va istiqbollarni ochib bergan bu kun yurtimiz tarixida aslo o‘chmaydigan buyuk sana bo‘lib qolaveradi.

Samoga sochilgan rang-barang mushaklar qalblardagi g‘urur va hayajon tuyg‘ularini toshiradi.

Ko‘ngillarda eng ezgu, eng buyuk niyatlar tug‘yon uradi:

– Mustaqillik bayraming muborak bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!

– Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!


                o`zb   рус   eng
Bugun: 11.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati