Barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim omili
14.09.2012

Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida 14 sentabr kuni Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, jumladan, BMT, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Kanada kabi dunyoning qirq beshdan ortiq mamlakatidan yetakchi ekspertlar hamda biznesmenlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijlik diplomatlar ishtirok etdi.

Konferensiya O‘zbekistonda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishning muhim bo‘g‘ini sifatida kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni yuksaltirish borasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish, xalqaro hamjamiyatni mamlakatimizda ushbu sohada erishilayotgan yutuqlar bilan keng tanishtirishga bag‘ishlandi.

Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

O‘zbekiston istiqlolning dastlabki kunlaridan barcha jabhalarda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega demokratik huquqiy davlatni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli kompleks islohotlarni amalga oshirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘z yo‘lini tanladi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan besh tamoyil va izchil islohotlar strategiyasiga asoslangan mamlakatimizni isloh etish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha “o‘zbek modeli” berayotgan yuksak samaralar bugun butun dunyoda e’tirof etilgan. Davlatimiz rahbari yuritayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning puxta o‘ylangani, islohotlarni amalga oshirishga tadrijiy yondashuvlar ushbu ijobiy jarayonlarni ortga qaytarib bo‘lmasligining kafolatiga aylandi. Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida o‘zining barqarorligini namoyon etayotgan milliy iqtisodiyotimizning izchil rivojlanayotgani ham shundan dalolatdir. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari o‘rtacha kamida 8,2 foizni tashkil qilmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘nggi baholash missiyasining bayonotida O‘zbekiston jadal rivojlanib, global moliyaviy inqirozni yengib o‘tgani qayd etilgan, shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda mamlakatimizda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolishiga katta ishonch bildirilgan.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi – kuchli, raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni yaratish va shuning hisobidan aholi farovonligini muntazam oshirib borishdir. Shu sababli davlatimiz rahbari zamonaviy bozor mexanizmlari, ularning samaradorligini ta’minlash va shu asosda mamlakatimizda barqaror bozor iqtisodiyotini shakllantirishning muhim shartiga aylangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, istiqlol yillarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Milliy iqtisodiyotimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushining ortib borayotgani ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli tovarlar bilan to‘ldirish, zamon talablarini inobatga olgan holda xizmatlar ko‘rsatish sohasini kengaytirish, eksport tarkibida jahon bozorlarida xaridorgir, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ko‘paytirish, avvalo yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va shu asosda aholi daromadi hamda farovonligini oshirishning muhim omillaridan biri bo‘ldi.

Konferensiyada Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shiao Djao mustaqil O‘zbekiston 21 yil davomida haqli ravishda faxrlansa arziydigan ulkan taraqqiyot va yutuqlarga erishganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda qaror topgan qulay ishbilarmonlik muhitining huquqiy asoslarini muntazam takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan iqtisodiy islohotlarning mantiqi va izchilligi, barcha soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish, jahon bozorlarida tez o‘zgarib turgan sharoit iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada erkinlashtirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida tadbirkorlik faoliyati uchun yanada keng imkoniyat va erkinliklar yaratish maqsadida qator muhim qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi. Jumladan, yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun, “Raqobat to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishlar qisqartirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Shu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Bu qonun biznesning yangi turi – oilaviy biznesning tashkiliy-huquqiy shaklini belgilab berdi, ushbu turdagi faoliyatni davlat tomonidan rag‘batlantirishni mustahkamladi, oilaviy korxona a’zolarining huquq va majburiyatlari, mehnat munosabatlarini tartibga soldi. Milliy an’analarimiz va xo‘jalik faoliyatining ob’ektiv voqeliklariga to‘liq mos keladigan ushbu biznes shakli bugun mamlakatimizda keng quloch yoymoqda. Yangi ish o‘rinlari tashkil etilmoqda, odamlar barqaror daromad olmoqda, oilalar, umuman, butun xalqimiz farovonligi izchil yuksalmoqda.

Mamlakatimizda milliy iqtisodiyotimiz salohiyatini rivojlantirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyatini izchil oshirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Chunonchi, 2011-yil O‘zbekistonda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili deb e’lon qilingani, bu borada tegishli davlat dasturi amalga oshirilgani ham shundan dalolatdir. Mazkur dasturni samarali ro‘yobga chiqarish maqsadida davlatimiz rahbarining 2011-yil 24 avgustda qabul qilingan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan soha sub’ektlari uchun qator yangi imtiyoz va preferensiyalar joriy qilindi, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirildi.

Soha sub’ektlarini ro‘yxatga olish jarayonlari soddalashtirildi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilish ko‘lami kengaytirildi, “yagona oyna” tamoyili joriy qilindi. Endi tadbirkor o‘z biznesini tashkil qilish uchun ikki kun ichida ruxsat olishi mumkin. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, eksport tovarlarini bojxonada rasmiylashtirish tartib-taomillari sezilarli darajada soddalashtirildi.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining vitse-prezidenti hamda moliya va xususiy sektorni rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Djanamitra Devan kichik biznesni samarali qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. O‘zbekistonda ushbu soha rivoji yo‘lida yordam ko‘rsatish iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish va uni diversifikatsiya qilishni ta’minlashning zarur sharti sifatida belgilangan.

Konferensiya qatnashchilari Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil iyul oyida qabul qilingan “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash borasidagi navbatdagi muhim qadam bo‘lganini ta’kidladilar. 
Anjumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish tizimi iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ini jadal rivojlantirishga ko‘maklashadigan muhim yo‘nalishlardan biri ekani qayd etildi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mikromoliyalash bu boradagi eng samarali mexanizmlardandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 5 may kuni qabul qilingan farmoniga muvofiq “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tashkil etildi va u bugun Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlaridagi eng yaxshi o‘nta mikromoliya banklari qatoridan joy oldi. Mazkur bank kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga, ayniqsa, qishloq joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan, dastlabki kapitalni shakllantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil qilishda ko‘maklashmoqda, ularga faoliyatini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit resurslaridan keng foydalanish borasida samarali xizmat ko‘rsatmoqda. 
Anjumanda so‘zga chiqqan Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti Birama Sidibe O‘zbekistonda kichik biznes milliy iqtisodiyot asosiga aylanganini ta’kidladi. Islom taraqqiyot banki mamlakatimizda ushbu sektor uning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida qo‘llab-quvvatlanayotgani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi bandligi va farovonligini oshirish uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha eng yaxshi strategiya ekanini e’tirof etdi. O‘zbekiston 2003-yilda Islom taraqqiyot bankining a’zosi bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida bank mamlakatimizga ustuvor yo‘nalishlarga oid 34 loyihani moliyalash, jumladan, xususiy sektorni rivojlantirish uchun jami 923 million AQSh dollari ajratdi. Biz, deb ta’kidladi Islom taraqqiyot banki vitse-prezidenti, bundan buyon ham bugungi barqaror taraqqiyotning eng muhim harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda mamlakatingizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasida ushbu sektorning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni tobora oshib bormoqda, raqobatbardosh mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmi ko‘paymoqda. 2012-yilning birinchi yarmida mamlakatimizda 13 mingta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etildi. Ularning aksariyati ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu davrda bugun asosan elektron savdolar orqali amalga oshirilayotgan davlat xaridlari tizimiga 132 ming nafardan ziyod tadbirkor jalb etildi.

Bozor munosabatlari va xususiy mulk huquqlari ustuvorligi e’tiborga olingan holda, jahon bozorida munosib raqobatlasha oladigan milliy iqtisodiyotni shakllantirish – muntazam rivojlanayotgan va yanada jadal tus olayotgan jarayondir. Bugun O‘zbekistonda kichik va xususiy korxonalar nafaqat savdo, xizmatlar ko‘rsatish va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida faoliyat yuritayotir, balki innovatsion, nano va biotexnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sanoatda, ilmtalab yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishda ham ularning ulushi ortib borayotir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda ishtirok etish, tashqi bozorlarga mahsulot chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham kengaymoqda.

Konferensiyaning yalpi majlisida so‘zga chiqqan BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktorining o‘rinbosari Xaolyan Shu, Xitoy iqtisodiy tadqiqotlar markazi rahbari Jastin Lin, Berlin xalqaro iqtisodiyot akademiyasi direktori Xayne Yoaxim Knaupe (GFR), Koreya kichik va o‘rta biznes korporatsiyasi prezidenti Pak Cheol Kyu (Janubiy Koreya) hamda boshqa chet ellik ekspertlar va xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar berayotgan samaralar, mamlakatimiz farovonligining uzluksiz oshishiga xizmat qilayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan samarali chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Anjumanning chet ellik qatnashchilari mamlakatimizda Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari doirasida davom etayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari oldimizga qo‘yilgan maqsad – dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlari qatoridan joy olish va kelajakda Vatanimiz yanada taraqqiy etishini ta’minlash uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

So‘ngra konferensiya o‘z ishini seksiya majlislarida davom ettirdi. Ularda “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va barqaror rivojlantirish asosi”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni shakllantirish hamda rivojlantirishning muhim omillari va shartlari”, “Tadbirkorlik faoliyatining huquqiy kafolatlari va erkinliklari, xususiy mulk huquqlarini himoya qilish”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – o‘rta sinf mulkdorlarini shakllantirish hamda jamiyat ijtimoiy barqarorligini ta’minlashning asosi va manbai”, “Eksport salohiyati va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikning roli”, “Xususiy sektorni aholi bandligi va daromadini oshirishning omili sifatida rivojlantirish” kabi masalalar keng muhokama etildi.

Konferensiya ishi natijalari bo‘yicha yakuniy hujjat qabul qilindi.

“O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro anjuman bozor iqtisodiyoti rivojlangan demokratik huquqiy davlat barpo etishga qaratilgan, mamlakatimizni isloh va modernizatsiya qilishning “o‘zbek modeli” jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otayotganini yana bir bor tasdiqladi.

O‘zbekiston tanlagan o‘z taraqqiyot yo‘lining naqadar to‘g‘riligini vaqtning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bugun mamlakatimiz butun dunyoga qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlarini namoyish etmoqda. Bu muvaffaqiyatlar, o‘z navbatida, xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirish, jahon xo‘jalik munosabatlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.11.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati