Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!
01.09.2013

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 22-yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi

Mustaqillik tuhfa qilinmaydi. Jasorat va matonat bilan qo‘lga kiritiladi. Mustaqillik kunini xalqimiz eng ulug‘, eng aziz ayyom, deb biladi. Bu shonli sanani katta shodu xurramlik bilan bayram qiladi.

Bugun Vatanimiz mustaqilligining yigirma ikki yilligini keng nishonlamoqdamiz.

2013-yil, 31-avgust. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i, unga tutash maydon va xiyobonlar, yo‘llar va binolar bayramona bezatilgan. Musaffo osmon, gulgun shafaq, rango-rang bayroqlar atrofga ajib tarovat baxsh etgan. Ko‘chalarni to‘ldirgan odamlar chiroqlar nuridan shu’lalanayotgan muazzam maydon tomon oshiqadi.

Bu yerga Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari tashrif buyurgan.

Soat 19.00. Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladilar.

Chorlov musiqasi bayram shodiyonasi boshlanayotganidan darak beradi.

Prezident Islom Karimov minbarga taklif etiladi.

Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning yigirma ikki yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etadi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ijro etiladi.

Maydonga o‘rnatilgan yirik monitorlarda Prezidentimizning 1991-yil 31-avgust kuni parlament minbarida nutq so‘zlayotgan siymosi namoyon bo‘ladi. Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini e’lon qiladi.

Bu so‘zlar hurriyatparvar ajdodlarimizning asriy orzusini, xalqimizning o‘ziga munosib hurmati va huquqini ro‘yobga chiqardi.

Bu yil eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz mamlakatimiz bo‘ylab “Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanmoqda. Bu shiorda istiqlolning mazmun-mohiyati, mustaqillik tufayli his etganimiz inja tuyg‘ular o‘z aksini topgan.

Istiqlol yillarida xalqimizning turmush darajasi muttasil yuksalib bormoqda. Bu aholi daromadlarining izchil o‘sayotgani, odamlarning shaxsiy uy-joy va sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlanayotgani, yashash uchun zarur infratuzilmaning kengayib borayotganida namoyon bo‘layotir. Bugun yurtimizdagi oilalarning 97 foizi o‘z uyiga, har uch oiladan biri shaxsiy avtomobiliga ega. Aholining 90 foizi uzoq muddat foydalaniladigan barcha asosiy tovarlar bilan ta’minlangan.

Mamlakatimiz ijtimoiy farovonlik, jumladan, umr ko‘rish davomiyligi, oilalarning tinchligi va osoyishtaligi, ishsizlik darajasining pastligi bo‘yicha jahon hamjamiyatida ko‘plar havas qiladigan yuksak o‘rinlarni egallab turibdi.

...Davraga bolalar chiqib keladi. Ularning sho‘x-shodon kulgulari, quvnoq raqs va qo‘shiqlaridan dillar yayraydi.

Istiqlol yillarida har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq uzluksiz ta’limning noyob mexanizmi yaratildi.

Yurtimizning barcha hududlarida, chekka-chekka qishloqlarda ham zamonaviy kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar barpo etildi. Yangi universitet, institut va akademiyalar tashkil etilib, eng noyob mutaxassisliklar bo‘yicha ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Buning samarasida barcha sohalarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ta’minlanmoqda. Bugun umumiy o‘rta, o‘rta maxsus hamda oliy ta’lim tizimidan iborat barcha bosqichlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, chet tillarida erkin so‘zlashadigan, jismonan chiniqqan, e’tiqodi mustahkam avlod voyaga yetmoqda.

Yoshlarimiz eng nufuzli xalqaro tanlovlarda, Olimpiada va jahon chempionatlarida hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda. Joriy yilda mamlakatimiz o‘quvchilari kimyo fani bo‘yicha 47-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, sog‘lom oilani shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilgan zamonaviy skrining markazlari, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Reproduktiv salomatlik markazi, ularning mintaqaviy filiallarida onalar va chaqaloqlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Yosh avlodni komil insonlar etib tarbiyalash, jamiyatda sog‘lom muhitni qaror toptirishning asosiy vositasi sifatida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan asos solingan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyati umummilliy harakatga aylandi. Ayni paytda bu jarayon ta’lim-tarbiya tizimi bilan mutanosib ravishda olib borilayotgani yoshlarimizni ham ma’naviy, ham jismoniy jihatdan uyg‘un rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, odamlar erkin nafas oladigan jamiyat barpo etildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekani mustahkamlab qo‘yildi. Buning hayotiy ifodasini mamlakatimizda yashayotgan har qaysi inson, har bir oilaning orzu-intilishlari ro‘yobga chiqayotganida, odamlarning dunyoqarashi, hayotga va mehnatga munosabati yuksalib borayotganida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bugun O‘zbekiston 130 dan ortiq davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Toshkentda 45 mamlakatning elchixonasi, yigirmaga yaqin xalqaro tashkilot va moliyaviy muassasa vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy davlatlarda, xalqaro tashkilotlar huzurida O‘zbekistonning 46 diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilgan. Mamlakatimiz BMT, ShHT, MDH, Islom konferensiyasi tashkiloti kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarga a’zo.

O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda asosli va ezgu tashabbuslari bilan jahon ommasi hurmatini qozonmoqda. Dunyo miqyosida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, gumanitar-madaniy hamkorlikni rivojlantirish, ekologik muammolarning oldini olish borasidagi sa’y-harakatlari samarasida mamlakatimizning jahon siyosat maydonidagi obro‘-e’tibori va nufuzi tobora oshib bormoqda.

“Bu Vatan seningdir”. Qalblarga hayajon soluvchi, Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini uyg‘otuvchi ushbu qo‘shiq sadolari ostida maydonga ozodligimiz va tinchligimizning mustahkam qalqonlari bo‘lgan harbiylarimiz kirib keladi.

El-yurtimiz osoyishtaligi, mamlakatimiz xavfsizligi ishonchli qo‘llarda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahnamoligida zamonaviy Qurolli Kuchlarni shakllantirish, uning qudrati va salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar bunda muhim omil bo‘layotir.

Tinchlik – taraqqiyot va farovonlikning eng muhim omili. Mamlakatimizda ana shu omilning doim barqarorligi tufayli barcha sohalarda ulkan yutuq va marralarga erishilmoqda. Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ning izchil amalga oshirilayotgani samarasida mamlakatimiz iqtisodiyoti 3,5 barobardan ziyod o‘sdi.

Bunday yuksak natijalarga erishishda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, imtiyoz va preferensiyalar berish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar muhim omil bo‘lmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik aholini sifatli tovarlar bilan ta’minlash, eksport tarkibida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ko‘paytirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va shu asosda aholi daromadi hamda farovonligini oshirishda yetakchi kuchga aylanib borayotir.

Hozirgi kunda yalpi ichki mahsulotning 54 foizi, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 22 foizi va qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 98 foizi aynan shu soha hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu 2012-yil 14-sentabrda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham alohida e’tirof etildi.

Qishloq xo‘jaligida yangi mulkchilik shakllari joriy etilgani, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilgani, eng muhimi, mehnatga munosabatning o‘zgargani samarasida O‘zbekiston qisqa vaqtda g‘alla mustaqilligiga erishdi.

Joriy mavsumda dehqonlarimiz 7 million 610 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etdi. Bu raqamni 90-yillardagi holat bilan qiyoslaganda hosildorlik 3 karradan ko‘proq oshgani, umumiy hosil 7 barobardan ziyod ko‘paygani ayon bo‘ladi. Mustaqillikkacha don va un ta’minoti bo‘yicha boshqalarga qaram bo‘lib kelgan xalqimiz ayni paytda o‘z ehtiyojini ta’minlash bilan birga xorijiy davlatlarga don eksport qilmoqda.

Yangi bog‘lar, tokzorlar barpo etilayotgani, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi tarmoqlar rivojlanayotgani natijasida bozorlarimiz to‘kin, dasturxonimiz fayzli, barakali. Sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, meva, uzum yetishtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi izchil o‘sib borayotir.

...Ohanglari ezgulik nishonalari bo‘lib, bayram sahnasida mumtoz san’atimiz durdonalari yangraydi...

Mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. O‘z tarixi, an’analari va qadriyatlariga ega bo‘lgan va uni qadrlagan millat teran ildizlaridan quvvat oladi, yuksaladi, taraqqiy etadi.

Istiqlol yillari Vatanimiz uchun ma’naviy tiklanish va yuksalish davri bo‘ldi. Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy ma’naviy-madaniy merosimiz tiklandi. Yurtboshimizning tashabbusi bilan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy singari ulug‘ bobolarimizning yubileylari keng nishonlandi. Imom Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk ulamolarimiz, aziz-avliyolarimiz xoki-poklari obod, ruhlari shod etildi.

Tarixi necha ming yillarga borib taqaladigan shaharlarimiz yubileyini xalqaro miqyosda nishonlash an’ana tusini oldi. Samarqand, Xiva, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Toshkent, Marg‘ilon singari qadim va muazzam shaharlarimizning to‘ylarini nishonlash asnosida tariximizni yanada teran o‘rgandik, shaharsozligimiz, madaniyatimiz ildizlarini chuqur tadqiq etdik, shunday ulug‘ ajdodlar vorislari ekanimizdan cheksiz faxru iftixor tuydik. Xalqimiz dahosining boy madaniy-ma’naviy qadriyatlaridan sanalgan “Avesto”ning 2700-yilligi, “Alpomish”ning 1000-yilligi, Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000-yilligi katta bayramga aylandi.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali ana shu boy ma’naviy merosimizni keng targ‘ib etish, san’atning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotir.

«Art Week Style.uz» san’at haftaligi ham o‘ziga xos madaniyat va san’at bayramiga aylandi. Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan «Oltin Gepard» xalqaro Toshkent kinoforumi, «Theatre.UZ» xalqaro teatr festivali, Xalqaro Toshkent fotobiyennalesi kabi yirik loyihalarda musiqa, kino, teatr, fotografiya, tasviriy san’at, dizaynerlik, moda, me’morlik kabi ko‘plab soha va yo‘nalishlardagi yutuqlar namoyish etilmoqda.

Prezidentimiz taklifiga binoan 2013-yil mamlakatimizda Obod turmush yili, deb e’lon qilindi.

Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi asosida poytaxtimizning Alisher Navoiy ko‘chasida bunyod etilgan ko‘pqavatli zamonaviy uylar foydalanishga topshirildi. Bu shaharning me’moriy qiyofasini yangilab, boshqa inshootlar bilan uyg‘unlik kasb etdi. Poytaxtimizni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rejali rivojlantirishga qaratilgan bunday izchil ishlar samarasida Toshkent dunyodagi ekologik jihatdan toza va ko‘rkam qiyofaga ega yetakchi poytaxt shaharlar qatoridan joy oldi. 2012-yilda Buyuk Britaniyaning nufuzli Economist Intelligence Unit (EIU) kompaniyasi e’lon qilgan reytingda Toshkent dunyoning yashash qulay bo‘lgan shaharlari orasida qayd etilgani buning dalilidir.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish, namunaviy loyihalar asosida qishloq aholi punktlarini obod etish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan e’tibor samarasida shaharlar va qishloqlar o‘rtasidagi tafovut kamayib bormoqda.

Shu yilning 17-aprel kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili» mavzusidagi xalqaro konferensiyada bu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

2009-2012-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 23,6 ming zamonaviy uy-joy, ularga mos infratuzilma barpo etildi.

“Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida 10 mingta yakka tartibdagi zamonaviy uy-joy barpo etilmoqda. Mustaqillik bayrami arafasida ko‘plab ana shunday uylar o‘z egalariga topshirildi.

Bunday imkoniyatlar oilalarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, avvalo, uy bekasi bo‘lmish opa-singillarimizning og‘irini yengil qilishga xizmat qilmoqda. Ayollarimiz ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, o‘z qiziqish va intilishlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Farzandlarini sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazmoqda.

Bugungi kunda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda mehnat qilayotganlarning qariyb 50 foizini tashkil etadigan xotin-qizlar mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.

– Biz baxtli avlodmiz – shunday bir ulug‘ tarixiy davrda yashayapmiz, – deydi bayram tantanalarida ishtirok etgan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi Mufassalxon Po‘latova. – Ota-bobolarimizga armon bo‘lgan, mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab bergan mustaqillikni ko‘rish bizga nasib etdi. Istiqlolimizning har bir yili ulkan o‘zgarishlar, tarixiy voqealarga boy bo‘layotir. Yurtboshimiz rahnamoligida erishilayotgan bunday ulkan yutuqlar mana shu tantanalar shukuhida, yurtdoshlarimizning ochiq chehrasida ham yaqqol ko‘rinib turibdi.

– O‘zbekiston mustaqilligi bayramida ikkinchi marta ishtirok etayotganimdan mamnunman, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Chjan Syao. – Bayram tantanasidagi ko‘tarinki ruh, odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch va shodlik yurtingizdagi to‘kinlik, farovonlik, tinch va osuda hayot ifodasidir. Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston har tomonlama jadal rivojlanmoqda. Buni mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib, ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonaman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, baxt-saodat tilayman!

...Bayram tantanasi yanada qiziydi. Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar va raqslarda yashash zavqi, yosh avlod qalbi va tafakkurida jo‘sh urayotgan bunyodkorlik ishtiyoqi, shu zaminda tug‘ilib kamol topish baxtidan masrurlik hislari jo‘sh uradi...

Maydon uzra taralayotgan kuy va alyorlarda mustaqillik, tinch va osoyishta hayot ulug‘lanadi, erkin va obod Vatanga farzandlik mehri, shukronalik va minnatdorlik tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan, sevgi, sadoqat va do‘stlikni madh etuvchi qo‘shiqlar jozibali raqslarga ulanadi.

Zamonlar o‘tadi, mamlakatimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi, ajdodlarimizning, xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqargan, erkin va obod Vatan barpo etish yo‘lida qanot bo‘lib, beqiyos imkoniyat va istiqbollarni ochib bergan bu kun – Mustaqillik kuni yurtimiz tarixidan aslo o‘chmaydigan buyuk sana bo‘lib qolaveradi.

Samoda rang-barang mushaklar jilo sochadi. Yog‘dularga boqib qalblarimizdagi hayajon toshadi. Qalblardagi ezgu niyatlar tilga ko‘chadi:

– Mustaqilliging abadiy bo‘lsin, jonajon Vatanim!

– Ulug‘ to‘ying muborak bo‘lsin, buyuk va muqaddas Vatanim – mustaqil O‘zbekiston!


                o`zb   рус   eng
Bugun: 18.08.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati