O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondini tashkil etish to‘g‘risida
26.02.2010

Xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda badiiy adabiyotning beqiyos o‘rni, ta’siri va ahamiyatini inobatga olgan holda, adabiyotimiz ravnaqi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yozuvchi va shoirlarning ijodiy salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 30 iyuldagi 394-f-son farmoyishiga binoan tashkil etilgan Respublika komissiyasining O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiyot fondi negizida Uyushma huzuridagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan “Ijod” fondini (keyingi o‘rinlarda – Fond) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • o‘zbek adabiyotini yanada rivojlantirish, badiiy so‘z san’ati sohasidagi yutuqlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘lar jamg‘arish va yo‘naltirish;
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining samarali ijodiy faoliyatini ta’minlash maqsadida ular uchun zarur maishiy, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va boshqa shart-sharoitlar yaratish;
  • adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan keksa avlodga mansub O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolariga aniq yo‘naltirilgan moddiy yordam ko‘rsatish;
  • ijodiy ko‘rik-tanlovlarni tashkil etish, iqtidorli yosh adiblarning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etiladigan ijod namunalarini, jumladan, birinchi kitoblarini nashr etish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish;
  • xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy an’ana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy ma’naviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz munosib namunalarining xorijiy tillarga tarjima qilinishini hamda Internetda keng targ‘ib etishni moliyalashtirish;
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, uning tasarrufidagi ko‘chmas mulkni boshqarish, Fond mablag‘laridan Fond nizomida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda maqsadli va samarali foydalanish.

2. Quyidagilar:

  • Fondning Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
  • Fond ijro etuvchi direksiyasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Belgilab qo‘yilsinki, Fondning ijro etuvchi direktori O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tavsiyasiga binoan Fondning Vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

3. Fondning Vasiylik kengashi (SH.Mirziyoyev):

  • har yili Fondning daromad va xarajatlari istiqbol ko‘rsatkichlarini tasdiqlab borsin;
  • Fond mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqsin va ma’qullasin;
  • Fond oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda manfaatdor davlat, nodavlat va jamoat tashkilotlarini, shuningdek, Fondga homiylik yordamini jalb qilsin;
  • Fondning ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini Fond daromadlarining shakllantirilishi, xarajatlarining asosliligi hamda mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan muntazam nazorat qilib borilishini ta’minlasin.

4. Quyidagilar Fond mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

  • noshirlik va matbaa korxonalarining bosma mahsulotlarini realizatsiya qilishdan, shuningdek, bosma mahsulotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq tahrir, matbaa va noshirlik xizmatlari ko‘rsatishdan tushgan tushumning 2 foizi miqdoridagi ajratmalar;
  • “Do‘rmon” ijod uyi kottejlari va mehmonxona xonalarini ijaraga berishdan hamda Fondning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olingan daromadlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik yordami;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Ushbu qarorning 4-bandi ikkinchi abzatsida ko‘rsatilgan ajratmalar foydadan olinadigan soliq, yagona soliq to‘lovi va davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Budjetdan tashqari maktab ta’limi jamg‘armasiga ajratmalarni hisoblashda soliqqa tortiladigan bazani kamaytirishi belgilab qo‘yilsin.

6. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining:

  • “Do‘rmon” ijod uyi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasini Fond boshqaruviga o‘tkazish;
  • Fond tomonidan “Do‘rmon” ijod uyidan foydalanish direksiyasi” unitar korxonasini ta’sis etish va unga boshqarish uchun berilayotgan mulkdan samarali foydalanish vazifasini yuklash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamg‘armasidan Fondga uning aylanma mablag‘larini shakllantirish maqsadida 2010 yilda 100,0 (yuz) mln. so‘m mablag‘ ajratishni, shuningdek, zarur bo‘lgan holatlarda, keyingi yillarda mablag‘ ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishini ta’minlasin.

8. Fond va “Do‘rmon” ijod uyidan foydalanish direksiyasi” unitar korxonasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi 2015 yil 1 yanvargacha barcha soliqlardan, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalariga va Budjetdan tashqari maktab ta’limi jamg‘armasiga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, ushbu imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar faqat Fond va uning boshqaruvidagi “Do‘rmon” ijod uyidan foydalanish direksiyasi” unitar korxonasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishga yo‘naltiriladi.

9. Fondning Vasiylik kengashi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishilgan holda Fond ustavini hamda Fond mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

10. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga “Do‘rmon” ijod uyi kottejlari va mehmonxona xonalarini uyushma a’zolariga ijodiy xizmat safarlari uchun foydalanishga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash tavsiya etilsin.

11. Fond O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi balansidagi Toshkent shahri, O‘zbekiston prospekti, 16a-uy manzilidagi binoga joylashtirilsin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 26 fevral


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati