Qishloq joylardagi bolalar sporti obyektlarida band bo‘lgan ayol sport ustozlari mehnatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
01.04.2010

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashining 2010 yil 11 martdagi qaroriga muvofiq hamda qizlarni, ayniqsa qishloq joylardagi qizlarni sport bilan shug‘ullanishga faol jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, bolalar sporti obyektlarida bolalar va o‘quvchi yoshlar bilan ishlash uchun ayollar orasidan yuqori malakali, professional tayyorlangan ustoz kadrlarni keng jalb etish, ularning mehnatini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2010 yil 1 apreldan boshlab qishloq joylardagi umumta’lim maktablarida, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz miqdorda ustama haq belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilansinki, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari hamda sport ustozlari bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda qo‘shib beriladigan ustama haq belgilanishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Ta’lim” bo‘limi bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar doirasida budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va ularning hududiy organlari bir oy muddatda qishloq joylardagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarining shtat jadvallari hamda xarajatlar smetalarini mazkur qaror talablari bilan muvofiq holga keltirilishini ta’minlasinlar.

4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov

Toshkent shahri, 2010 yil 1 aprel


                o`zb   рус   eng
Bugun: 19.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati