Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
19.04.2010

Pul muomalasi tizimini takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishni rag‘batlantirish va bankdan tashqari naqd pul aylanmasini qisqartirish, aholining bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda ilg‘or bank texnologiyalarini joriy etish asosida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida:

1. Respublikada plastik kartochkalarni va naqd pulsiz hisob-kitoblarni himoya qilishning samarali mexanizmi yaratilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin. Ushbu mexanizmga binoan:

  • har bir plastik kartochka egasi kartochka hisobraqamidagi pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi shaxsiy identifikatsiya raqami (PIN-kod)ga ega bo‘lib, u noto‘g‘ri terilgan taqdirda plastik kartochka avtomatik tarzda blokirovka qilinadi;
  • begona shaxslarning soxtalashtirishi va ruxsatsiz foydalanishiga yo‘l qo‘ymaydigan mikrochipli modullar va ma’lumotlarni shifrlaydigan to‘rt pog‘onali tizimga ega plastik kartochkalar orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida yagona “O‘zkart” to‘lov tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda;
  • plastik kartochkalardan foydalangan holda mijozlar hisob-raqamidan mablag‘ yechish va unga pul o‘tkazish Umumrespublika yagona protsessing markazi orqali amalga oshiriladi, bu mijozlar hamda sotuvchilarni turli qalloblik va aldovlardan himoya qilishni ta’minlaydi.
  • O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari plastik kartochkalar, hisob-kitob terminallari, bankomatlar va boshqa maxsus jihozlarni yuqori darajada himoya qilish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan qat’iy tizimli nazoratni ta’minlasin, plastik kartochkalardan foydalanish orqali naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishda soxtalashtirish hamda firibgarliklarni istisno etadigan qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan 2010-2011 yillarga mo‘ljallangan bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda naqd pulsiz hisob-kitoblar bo‘yicha maxsus jihozlar tarmog‘ini qo‘shimcha kengaytirishga doir prognoz ko‘rsatkichlar 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi va tijorat banklarining aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiradigan va bank plastik kartochkalaridan to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart bo‘lgan chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari ro‘yxatini kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga (2-ilova) rozilik berilsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari manfaatdor davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari bilan hamkorlikda 2011 yilning 1 yanvariga qadar mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq ro‘yxatga kiritilgan chakana savdo va aholiga xizmat ko‘rsatish obyektlarini bank plastik kartochkalaridan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari bilan jihozlash choralarini ko‘rsin.

  • Belgilab qo‘yilsinki, yuqoridagi ro‘yxatga kiritilgan xo‘jalik subyektlarining to‘lov terminallari bilan jihozlash va ulardan foydalanishga oid talablarga rioya qilmasligi nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlash va ulardan foydalanish tartibini, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzishga tenglashtiriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik yuklanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:

  • aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiradigan va hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart bo‘lgan chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarining qonunchilikka binoan bank plastik kartochkalaridan to‘lovlar qabul qilish talablariga so‘zsiz rioya qilishini ta’minlasin;
  • O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiradigan va hisob-kitob terminallari bilan jihozlanishi shart bo‘lgan obyektlar faoliyati ustidan muntazam monitoring o‘tkazsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

  • O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi bilan birgalikda tijorat banklarining so‘mli bank plastik kartochkalari orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘lov tizimida mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tasdiqlangan yagona tariflarga rioya qilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin;
  • tijorat banklarining yagona tariflarga rioya qilmasligi bo‘yicha aniqlangan holatlar yuzasidan ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rsin, shuningdek, tariflar oshishiga yo‘l qo‘ygan tijorat banklariga nisbatan qonunchilikda ko‘zda tutilgan sanksiyalarni qo‘llasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 3 avgustda qabul qilingan “Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 433-qarorining 1-band ikkinchi abzatsi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 24 sentabrda qabul qilingan “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 445-qarorining 7-bandi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 12 iyulda qabul qilingan “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 670-qarorining 7-bandida ko‘zda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlariga amal qilish muddati 2012 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartishlar kiritilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

  • Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar kiritsin;
  • idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 19 aprel


                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati