Bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
05.05.2010

Qayd etib o‘tilsinki, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining 2010 yil 11 martdagi qaroriga muvofiq respublikaning barcha hududlarida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan foydalanishga topshirilgan bolalar sporti obyektlarining joriy holati va ulardan foydalanish samaradorligi keng miqyosda tekshiruvdan o‘tkazildi.

2003-2009 yillar mobaynida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan respublikada namunaviy loyihalar bo‘yicha 1117 ta bolalar sporti obyektlari barpo etildi va foydalanishga topshirildi, shulardan 917 ta sport inshooti (82%) qishloq joylardadir. Foydalanishga topshirilgan barcha sport inshootlari tasdiqlangan normativlar bo‘yicha sport anjomlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Hozirgi vaqtda sport seksiyalari va guruhlarida maktablar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining 2,1 millionga yaqin o‘quvchisi muntazam shug‘ullanib kelmoqda, shularning 35 foizini qizlar tashkil etadi. Natijada maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida kasallikka chalinish ancha kamaydi, ularning faolligi va jismoniy madaniyati oshdi.

Shu bilan birga, tekshirish yakunlariga ko‘ra bir qancha jiddiy nuqson va kamchiliklar aniqlandi.

Foydalanishga topshirilgan bolalar sporti obyektlari, ayniqsa alohida joylashgan obyektlardan hali yetarlicha samarali foydalanilmayapti, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti. Eskirgan sport anjomlari va uskunalarini yangilash hamda almashtirish o‘z vaqtida ta’minlanmayapti. Barpo etilgan suzish havzalari imkoniyatlaridan past darajada foydalanilmoqda.

Bolalar sporti obyektlarini trenerlar, ayniqsa xotin-qiz trenerlar bilan ta’minlash ishlari yetarlicha olib borilmayapti. Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida shunday hollar mavjud.

O‘quvchi-yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga avvalo Andijon, Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida keng jalb etish bo‘yicha tushuntirish ishlari sust olib borilmoqda. Qizlarni, ayniqsa qishloq joylarda sport bilan shug‘ullanishga jalb etish borasidagi ishlar hali-hamon qoniqarsiz ahvolda.

Bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bolalarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etishni kengaytirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foydalanishga topshirilgan bolalar sporti obyektlarining joriy holati va ulardan foydalanish samaradorligini keng miqyosda tekshiruvdan o‘tkazgan maxsus komissiyaning xulosalari ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘n kun muddatda respublikaning barcha hududlarida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarlik qilayotgan mintaqaviy filiallari Homiylik kengashlarining majlislarida tekshirish natijalari tanqidiy muhokama qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi rahbarlari tekshirish natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rsinlar, bunda mazkur ishlar tizimli, muntazam asosda o‘tkazilishi lozimligi nazarda tutilsin.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning natijalari to‘g‘risida 2010 yilning 1 iyuligacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot berilsin.

3. Ishga tushirilgan bolalar sporti obyektlaridan samarali foydalanish birinchi darajali vazifa deb hisoblansin, bolalar va o‘quvchi- yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga ommaviy ravishda jalb etish borasida qilinayotgan barcha ishlarning natijalari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishish to‘liq darajada mazkur vazifani amalga oshirishga bog‘liqdir.

Viloyat, shahar va tuman hokimliklarining, ta’lim organlarining, respublika va viloyat sport federatsiyalarining, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda mazkur ish uchun javobgar bo‘lgan boshqa jamoat tuzilmalarining faoliyatiga bolalar sporti obyektlaridan foydalanishning holatiga qarab baho berilsin.

4. Bolalar sporti obyektlaridan foydalanish samaradorligini baholashning eng muhim mezonlari etib quyidagilar belgilansin:

birinchidan, sport bilan shug‘ullanishning ommaviyligi – umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilarining sport bilan muntazam shug‘ullanishga qamrab olinishi darajasining o‘zgarishi;

ikkinchidan, o‘rnatilgan normativlardan kelib chiqqan holda, bolalar sporti obyektlarining sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlanish darajasi;

uchinchidan, bolalar sporti obyektlarining, tasdiqlangan normativlarga muvofiq, ta’lim muassasalarida yuqori malakali, professional tayyorlangan trener kadrlar va jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, shu jumladan xotin-qiz trenerlar bilan ta’minlanganligi;

to‘rtinchidan, sport obyektlaridan foydalanish darajasi – sutka va hafta mobaynida har xil sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan muntazam mashg‘ulotlar soati miqdori, o‘tkazilgan sport tadbirlari soni va boshqalar;

beshinchidan, sport bilan shug‘ullanish samaradorligi – 19 yoshgacha bo‘lgan sportchi bolalar va yoshlar orasidan yetishib chiqqan respublika va xalqaro musobaqalar sovrindorlari soni.

5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligining, manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo‘jalik subyektlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ilovaga muvofiq alohida joylashgan bolalar sport obyektlarini Xalq ta’limi vazirligi organlari balansiga topshirish, ularning zimmasiga mazkur obyektlarni bundan keyin tegishli darajada saqlash va ulardan samarali foydalanish uchun javbgarlik yuklash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimlari, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, ta’lim muassasalari hamda sport inshootlarining rahbarlari zimmasiga bolalar sporti obyektlarining tegishli darajada saqlanishi va samarali foydalanilishi, ularning zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlanishi, malakali trener kadrlar bilan ta’minlanishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

Vazirlar Mahkamasi har bir alohida joylashgan bolalar sporti obyektining tegishli darajada saqlanishi va samarali foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vaziligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda bir oy muddatda sport seksiyalari va to‘garaklaridagi mashg‘ulotlar jadvallarini maqbullashtirish, har xil sport turlari, eng avvalo badiiy va sport gimnastikasi, sportning o‘yin turlari bo‘yicha yangi qo‘shimcha seksiya va guruhlar tashkil etish hisobiga bolalar sporti obyektlaridan foydalanish darajasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.

7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi:

bolalar sporti inshootlarining trenerlar bilan ta’minlanganligini tanqidiy tahlil qilish natijalari bo‘yicha uch oy muddatda bolalar sporti obyektlarini tasdiqlangan shtat jadvaliga muvofiq malakali trener kadrlar bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin, qishloq bolalar sporti obyektlarini xotin-qiz trenerlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratsin;

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining hamda bazaviy oliy o‘quv yurtlarining jismoniy tarbiya fakultetlari negizida trenerlar malakasini oshirish tizimini tashkil qilsin, har bir trener kamida 2 yilda bir marta shu tizimdan o‘tadigan bo‘lsin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda mutaxassis trenerlarning tarbiyalanuvchilari sport mahoratiga erishganligi, respublika va xalqaro musobaqalardagi chiqishlarining samaradorligi uchun ular mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan hamkorlikda bolalar sporti obyektlarining sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlanishining batafsil inventarizatsiyasi asosida ishlab chiqilgan normativlarga muvofiq ularni yanada to‘liq jihozlash, eskirgan ashyolarni o‘z vaqtida yangilash va almashtirish bo‘yicha aniq takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sport turlari bo‘yicha respublika federatsiyalari Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududlarida, ayniqsa qishloq joylarda, tizimli asosda bolalar sporti inshootlari negizida respublikaning yetakchi sportchilari, Olimpiada va Osiyo o‘yinlari, jahon chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqalar chempionlari hamda sovrindorlari ishtirokida ko‘rgazmali mahorat saboqlari o‘tkazilishini tashkil etsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari va korxonalari bilan hamkorlikda 2010 yilning 1 sentabrigacha bolalar sporti obyektlarining futbol, voleybol, basketbol, gandbol va tennis koptoklari, badiiy hamda sport gimnastikasi uchun sport ashyolariga bo‘lgan ehtiyojlarini yanada to‘liqroq ta’minlash uchun respublikada ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zstandart” agentligi ishlab chiqarilayotgan sport tovarlarining, shu jumladan ishlab chiqarishda foydalanilayotgan materiallar va butlovchi buyumlarning sifati, ularning sanitariya normalari va xalqaro standartlarga muvofiqligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joylardagi bolalar sporti obyektlarini saqlab turish, anjomlarni yangilash, shtat jadvaliga rioya qilish, trener-mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash uchun mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli hamda qat’iy nazorat o‘rnatilishini ta’minlasin. Aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikka binoan qat’iy jazo choralari qo‘llanilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 5 may


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati