2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida
28.05.2010

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida talab etiladigan yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda tarkibiy qayta qurish istiqbollarini hisobga olgan holda ta’lim yo‘nalishlarini yanada unifikatsiya qilish va oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar ishtirokida, oliy o‘quv muassasalariga qabulni yanada takomillashtirishning ishlab chiqilgan prinsiplarini hisobga olgan holda, talab qilinayotgan ixtisosliklar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni iqtisodiyotning tarmoqlari hamda sohalaridagi real ehtiyojlardan kelib chiqib, 2010/2011 o‘quv yili uchun:

bakalavrlarni 56 607 nafar, shu jumladan davlat grantlari bo‘yicha – 19 755 va to‘lov-kontrakt asosida – 36 852 nafar miqdorida, ularni oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1-ilovaga muvofiq taqsimlagan holda;

magistrlarni 5 856 nafar, shu jumladan davlat grantlari bo‘yicha – 1 561 va to‘lov-kontrakt asosida – 4 295 nafar miqdorida, ularni oliy ta’lim muassasalari va mutaxassisliklar bo‘yicha 2-ilovaga muvofiq taqsimlagan holda;

bakalavrlarni Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qo‘ng‘irot bo‘limi)ning maxsus sirtqi bo‘limiga davlat grantlari bo‘yicha – 65 kishi va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limiga – 50 kishi, shu jumladan davlat grantlari bo‘yicha – 15 kishini qabul qilish kvotalari 3-ilovaga muvofiq belgilansin;

muddatli harbiy xizmatdan bo‘shash chog‘ida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar olgan harbiy xizmatchilardan 2010/2011 o‘quv yiliga umumiy qabul kvotasi doirasida 11 300 kishi miqdorida bakalavrlarni qabul qilish belgilangan, bu esa umumiy qabul kvotasining 20 foizini tashkil qiladi.

2. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, 2010/2011 o‘quv yilida Toshkent shahrida ochilgan Turin politexnika universitetining yangi binolari kompleksida bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul kvotalari avtomobil injiniringi, mashinasozlik texnologiyasi, sanoat hamda fuqarolik qurilishi injiniringi kabi va boshqa istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha 200 kishi miqdorida belgilangan.

3. 2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga, test sinovlari natijalaridan kelib chiqib, belgilangan tartibda mazkur qaror bilan tasdiqlangan umumiy qabul kvotalari doirasida oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasi qabul ko‘rsatkichlariga zarur o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, oliy ta’lim muassasalariga ega boshqa vazirliklar va idoralar qabulga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil qilish hamda harbiy xizmatdan bo‘shatilishida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar olgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun belgilangan kvotalarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.

5. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida o‘zlariga qarashli oliy ta’lim muassasalari doirasida bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘rinlar kvotasini ta’lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2010/2011 o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga qabul qilishning tasdiqlangan kvotalariga muvofiq vujudga kelayotgan talabalar kontingentini hisobga olgan holda, budjetdan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;

joriy yilning 1 sentabridan boshlab, bir nafar talabaga ta’lim berish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oliy ta’lim muassasalarining xarajatlarini budjet mablag‘lari hisobidan normativ rejalashtirish va moliyalashtirish tartibini joriy etish takliflarini bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zstandart» agentligi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda egallab turgan lavozimdagi ta’lim darajasi va yo‘nalishiga nisbatan malaka talablari ko‘rsatilgan holda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasbi Klassifikatorini 2010 yilning 1 avgustigacha ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning oliy ta’limning zarur profili hamda darajasidagi mutaxassislar bilan ta’minlanganligini, shuningdek, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar va magistrlarga bo‘lgan istiqboldagi ehtiyojni hisobga olish statistikasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni uch oy muddatda 2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 28 may


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati