Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
17.06.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 3 avgustdagi PQ-1167-sonli «Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq hamda qishloq aholi punktlarining bosh rejalari va arxitektura-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalariga binoan tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha xususiy uy-joy qurilishi ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

  • qishloq joylarda xususiy uy-joy qurilishi uchun qishloq xo‘jaligi maqsadlariga va o‘rmon fondi toifasiga kirmaydigan yerlardan har bir imorat quruvchiga 0,06 ga hajmida yer uchastkalarini ajratish;
  • tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishi dasturini 2011-2012 yillarda amalga oshirish maqsadida, yildan-yilga uning o‘sishini ta’minlashni ko‘zda tutgan holda, respublikaning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligi maqsadlariga va o‘rmon fondi toifasiga kirmaydigan qo‘shimcha yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi, «Qishloq qurilish loyiha» MCHJ loyihalashtirish institutiga bir oy muddatda namunaviy loyihalar asosida qurilgan xususiy uy-joylar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini tanqidiy baholashni amalga oshirish va ularga imorat quruvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar, zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash hamda garajlar va hovli qurilmalari uchun joylar ajratilishini nazarda tutgan holda tegishli tuzatishlar kiritish vazifasi topshirilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2010 yilning 1 oktabrigacha bo‘lgan muddatda qishloq xo‘jaligi maqsadlariga va o‘rmon fondi toifasiga kirmaydigan yer uchastkalarining to‘liq inventarizatsiyasini o‘tkazsin, aniqlangan muhandislik-kommunal infratuzilmaga ulanishi mumkin bo‘lgan bo‘sh maydonlardan tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha kelgusida xususiy uy-joy qurish maqsadida foydalanishni nazarda tutsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi inventarizatsiya natijalari bo‘yicha bir oy muddatda shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish jadvalini, shuningdek, arxitektura-rejalashtirish tashkilotlarining hududlarning 2011-2014 yillarga mo‘ljallangan loyihalarini tasdiqlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining 2011-2012 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda quyidagi maqsadlar uchun zarur bo‘lgan markazlashtirilgan manbaalarni ko‘zda tutsin:

  • 2009 yilda qurila boshlangan 42 turar-joy massivida, shuningdek, 2010 yilda qurilayotgan 213 turar-joy massivida ijtimoiy infratuzilma obyektlarini kompleks tarzda barpo etish;
  • «Qishloq qurilish bank» OATB orqali tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini mo‘ljallangan hajmlarda qo‘shimcha moliyalash.

Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 2010 yil 15 iyulgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligiga 2009-2010 yillarda barpo etilgan xususiy uy-joy massivlarida xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalarining aniq obyektlarini qurish bo‘yicha asoslangan takliflar kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Markaziy bank manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida takliflar kiritsin.

5. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov
 
Toshkent shahri,
2010 yil 17 iyun

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati