O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘n to‘qqiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida
30.06.2010

Biz uchun eng buyuk, eng aziz qadriyat bo‘lmish istiqlolimizning har bir sanasi yangi tariximiz solnomasida tom ma’noda yorqin sahifa bo‘lib, xalqimizning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyatining yana bir amaliy namoyoni, erkin, ozod va farovon hayotimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli sifatida keng nishonlanib kelmoqda. Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlar el-yurtimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz qalbida ona yurt tuprog‘ini ko‘zga to‘tiyo qilib yashash, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shu muhim yo‘nalishda shakllangan an’analarni uzviy davom ettirgan holda, o‘tgan davr mobaynida barcha soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritgan ulkan marralar, yutuq va natijalarimizning mohiyati va ahamiyatini, qadr-qimmatini teran idrok etish, ularni el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, bayram tadbirlarini xalqimiz qalbida chuqur taassurot qoldiradigan yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘n to‘qqiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.

2. Ushbu dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

  • O‘tgan o‘n to‘qqiz yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li O‘zbekistonimiz uchun siyosiy sohada, davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va ma’naviyat, sud-huquq tizimi, tashqi siyosat va xavfsizlikni ta’minlash borasida rivojlanish va yuksalish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash davri bo‘lganini chuqur ochib berish;
  • mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyligimiz – xalqimizning tinch va osuda hayoti, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga uyg‘un bo‘lib yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotganini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
  • shu o‘tgan davrda betakror merosimiz, boy tariximiz, dinu diyonatimiz, ko‘hna urf-odat va an’analarimizning qayta tiklangani, odamlarimizning dunyoqarashi tubdan o‘zgarib, Vatan taqdiri va istiqboliga daxldorlik tuyg‘usi ma’naviy hayotimizning uzviy qismiga aylanib borayotganini har tomonlama ochib berish;
  • istiqlol xalqimiz uchun yangi-yangi imkoniyatlar tug‘dirib berayotganini, har bir yurtdoshimizning o‘z iste’dod va qobiliyatini namoyon etishi, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, hech kimdan kam bo‘lmaydigan hayot barpo etishning mustahkam zamini bo‘lib kelayotganini o‘tkaziladigan barcha tadbirlarning ma’no-mazmuniga teran singdirish;
  • biz tanlab olgan milliy taraqqiyot yo‘li asosida yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar yangi bosqichda davom ettirilayotgani, O‘zbekistonning jahon moliyaviy inqirozi sharoitida iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari, aholining hayot darajasini barqaror saqlab qolish borasida erishayotgan amaliy natijalari, taraqqiyotning o‘zbek modeliga xos ustuvor tamoyillar dunyo jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilayotganiga alohida e’tibor qaratish;
  • mamlakatimizda qabul qilingan muhim ijtimoiy dasturlar, jumladan, “Barkamol avlod yili” Davlat dasturining ijobiy samaralarini, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning ham ma’naviy, ham jismoniy sog‘lom bo‘lib kamol topayotganini aniq va ta’sirchan hayotiy misollar yordamida yoritib berish.

3. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalariga Mustaqillik bayramining o‘n to‘qqiz yilligini munosib nishonlash uchun joylarda tegishli komissiyalar tuzish hamda respublika dasturida belgilab berilgan asosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish, bayram munosabati bilan shahar va qishloqlarda, mahalla va guzarlarda, ko‘pqavatli uylar atrofida obodonlashtirish ishlarini olib borishni ko‘zda tutadigan tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirilsin.

Mazkur reja va dasturlardan o‘rin olgan tadbirlarni rasmiyatchilik va balandparvozlik holatlariga yo‘l qo‘ymasdan, keng jamoatchilikning vakillarini jalb etgan holda, oddiy odamlarning qalbi va ongiga yetib boradigan, ularning ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan, yangi marralar sari ilhomlantiradigan ta’sirchan shaklda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilsin.

5. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida dasturda belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har qaysi hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.

6. Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh san’atkorlar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiqlar, musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin. Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin.

8. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan birgalikda avgust oyining oxirida mamlakatimiz mustaqilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin.

9. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va Bastakorlar uyushmasi yosh ijrochilar o‘rtasida “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda g‘oliblar ijrosidagi konsert dasturini avgust oyining birinchi yarmida yuqori darajada tashkil etsin.

10. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jaliklar, jamg‘armalar hisobidan;
  • Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

11. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning o‘n to‘qqiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 30 iyun


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati