Andijon shahrida futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish to‘g‘risida
12.08.2010

Barkamol avlodni tarbiyalash, qobiliyatli yoshlarni sportga faol jalb etish, milliy futbolimizni yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh futbolchilarni tanlab olish va ularda professional ishtiyoq, mahorat hamda ko‘nikmalarni chuqur rivojlantirishni ta’minlash, shuningdek, ulardan futbol bo‘yicha mamlakat klublari va terma jamoalariga ishonchli zaxirani shakllantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston Futbol federatsiyasining Andijon shahrida “Sho‘rbuloq sport sog‘lomlashtirish” mas’uliyati cheklangan jamiyati sport majmuasi negizida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

  • Andijon shahridagi futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat qobiliyatli yosh futbolchilarni tanlab oluvchi va tayyorlovchi, maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi;
  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilarining ta’lim olishi yaqin atrofdagi umumta’lim maktabida umumta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi;
  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning umumiy kontingenti 120 nafar o‘quvchini tashkil etadi, ular tomonidan to‘rt yillik boshlang‘ich ta’lim yakunlangach har yili tanlov asosida 24 nafar qobiliyatli o‘quvchilar qabul qilinadi;
  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘qish muddati 5 yilni tashkil etadi, o‘qish yakunlanganidan so‘ng ularga tegishli sertifikat beriladi va avvalambor olimpiya zaxirasi kollejlarida keyingi maxsus, kasb-hunar ta’limi berilishi ta’minlanadi.

3. Quyidagilar Andijon shahridagi futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • zarur hollarda futbol bo‘yicha xorijiy murabbiylar va mutaxassislarni taklif qilgan holda futbol sohasida eng yangi ilmiy-metodik tavsiyalar asosida yosh futbolchilarni tayyorlash borasida o‘quv-mashq jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish;
  • o‘quvchilarning nazariy tayyorgarligi va texnik-taktik ko‘nikmalarini takomillashtirish, professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy futbolni rivojlantirish xalqaro talablariga muvofiq holda O‘zbekiston yoshlar (o‘smirlar) terma jamoalarini tayyorlash darajasini oshirish;
  • Xalqaro futbol federatsiyasi trenerlarini o‘qitish dasturlaridan foydalangan holda futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat trenerlari malakasini tizimli asosda oshirishni ta’minlash;
  • o‘quvchi-futbolchilar va trenerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun xorijiy futbol maktablari, akademiyalari va klublari bilan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish.

4. Belgilansinki, Andijon shahridagi futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatini moliyalash quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

  • Davlat budjeti mablag‘lari;
  • O‘zbekiston Futbol federatsiyasi mablag‘lari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Andijon viloyati hokimligi, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bir oy muddatda “Sho‘rbuloq sport sog‘lomlashtirish” mas’uliyati cheklangan jamiyati sport majmuasining yer maydoni, bino va inshootlari, boshqa mol-mulki belgilangan tartibda futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat balansiga bepul berilishini ta’minlasinlar.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:

  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilarini yashash uchun anjomlar, oziq-ovqat, shuningdek, sport ekipirovkasi va formasi bilan ta’minlash normativlarini;
  • zarur bo‘lgan o‘quv-mashq, sport va xo‘jalik uskunalari, anjomlar, zamonaviy kompyuter texnikasi, texnika va transport vositalari, shuningdek, futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat uchun boshqa mol-mulklar ro‘yxatini tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda:

  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ustavi, maktabning tuzilmasi, o‘quvchilarni tanlab olish tartibi belgilangan tartibda tasdiqlanishini, shuningdek, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;
  • 2010-2011 o‘quv yili boshlangunga qadar – yosh futbolchilarni tayyorlashning ilg‘or xalqaro tajribasini hisobga oladigan o‘quvchilar tayyorlash dasturi tasdiqlanishini;
  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning yuqori malakali mutaxassislar bilan butlanishini, zarur o‘quv-metodik adabiyotlar tanlab olingan holda o‘quv xonalari jihozlanishini;
  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchilarini tayyorlash sifati ustidan muntazam monitoring olib borilishini, zarurat bo‘lganda ularni tayyorlash jarayoniga tegishli tuzatishlar kiritilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi:

  • futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tizimli asosda tashkiliy va o‘quv-metodik yordam, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda ko‘mak bersin;
  • 2010-2011 o‘quv yili boshlangunga qadar o‘z mablag‘lari hamda homiylarning jalb etiladigan mablag‘lari hisobidan futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatni belgilangan tartibda zarur o‘quv-mashq va sport uskunalari, mebel va anjomlar, zamonaviy kompyuter texnikasi, texnika va transport vositalari, shuningdek, boshqa mol-mulk bilan jihozlanishini ta’minlasin;
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2010 yilning IV choragida Xalqaro futbol federatsiyasi trenerlarini o‘qitish dasturlaridan foydalangan holda futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internat trenerlarining malakasini oshirish kurslari tashkil etilishini, shuningdek, Federatsiyaning kadr va ilmiy-metodik salohiyati futbol bo‘yicha Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning o‘quv-mashq jarayoniga jalb etilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2010 yilgi Davlat budjeti parametrlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin, 2011 yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida ushbu qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarga ta’lim uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida zarur mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2010-2015 yillarda Andijon viloyati turar-joy massivlari uchun kommunal infratuzilmani ildam rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2010 yil 18 iyundagi PQ-1355-son qarorining 9-bandi, shuningdek, qarorga 1-ilovaning I bo‘limi 15-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 12 avgust


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati