Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risida
10.11.2010

Qayd etib o‘tilsinki, Kadrlar tayyorlash milliy dasturini va maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish natijasida respublikada xalqaro standartlarga mos keladigan uzluksiz majburiy umumiy hamda o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining 12 yillik tizimi vujudga keltirildi. 1536 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, amalda barcha umumta’lim maktablari, ta’lim muassasalari qoshidagi 1817 ta sport zallari namunaviy loyihalar asosida barpo etildi, mukammal rekonstruksiya qilindi hamda zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, mebel va o‘quv asbob-anjomlari bilan jihozlandi.

Ta’lim muassasalarining barpo etilgan moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va muttasil yangilab borishni ta’minlash, ularni tizimli asosda eng zamonaviy kompyuter texnikasi, o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va asbob-anjomlar bilan qayta jihozlashni, shuningdek, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya tizimlarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2011 yil 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Maktab ta’limi jamg‘armasini tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

  • Jamg‘armaga kelib tushayotgan mablag‘larni keyinchalik ulardan ta’lim muassasalari – umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini jihozlash (to‘liq jihozlash) maqsadida foydalanish uchun jamlash;
  • ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, shu jumladan, zarur hollarda o‘quv korpuslarini o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish;
  • zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, tasdiqlangan normativlardan kelib chiqib, ta’lim muassasalarini eng yangi o‘quv-laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, kompyuter texnikasi hamda axborot-kommunikatsiya ta’lim texnologiyalarining boshqa elementlari bilan, shuningdek, o‘quv mebeli va asbob-anjomlari bilan tizimli qayta jihozlash hamda to‘liq jihozlashni moliyalashtirish.

3. Belgilab qo‘yilsinki, tugatilayotgan budjetdan tashqari Maktab ta’limi jamg‘armasining barcha aktiv va passivlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armaga topshiriladi.

4. Quyidagilar Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha budjetdan tashqari jamg‘armaning daromadlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan Jamg‘armaga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy ajratmalarni to‘lashdan tushadigan mablag‘lar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining budjetdan tashqari mablag‘lari;
  • xalqaro moliya institutlari hamda boshqa xorijiy donorlarning grantlari va imtiyozli kreditlari (qarzlari);
  • xayriya qiluvchilar – yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining mablag‘lari;
  • Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

5. Belgilansinki, Jamg‘armani boshqarish bo‘yicha Kengash Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.

Quyidagilar:

  • Jamg‘armani boshqarish bo‘yicha Kengash tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini 4 nafarga ko‘paytirgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining markaziy apparati tarkibida boshqaruv xodimlari soni 7 nafardan iborat Jamg‘arma Ijroiya direksiyasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Quyidagilar:

  • hududiy moliya boshqarmalarining tuzilmasida moliya organlari bo‘yicha belgilangan boshqaruv xodimlari soni doirasida 2 nafar xodimdan iborat Jamg‘arma mablag‘larini hisobga olish, ulardan foydalanishni tahlil va monitoring qilish sho‘basi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparatining belgilangan xodimlar soni doirasida 3 nafar xodimdan iborat Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat sho‘basi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligining operatsion boshqarmasi tuzilmasida 2 nafar xodimdan iborat hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘yicha G‘aznachilik boshqarmalarining operatsion bo‘limlarida moliya organlari uchun belgilangan xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida 1 nafar xodimdan iborat sho‘ba;
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tuzilmalarida boshqaruv xodimlari soni markaziy apparatlarda 3 nafardan iborat bo‘lgan ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash (to‘liq jihozlash)ning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirish va monitoring qilish guruhlari hamda ularning hududiy boshqarmalarida mazkur tuzilmalarning belgilangan boshqaruv xodimlari soni doirasida 2 nafardan iborat tegishli sho‘balar tashkil qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining tuzilmasiga tuman (shahar) moliya bo‘limlaridagi tegishli lavozimlarni qisqartirish hisobiga ta’lim muassasalari binolarining texnik holati, infratuzilmasi va jihozlanishi masalalari bo‘yicha 1 nafardan mutaxassis (muhandis) lavozimini kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasining mablag‘laridan, ayniqsa, ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va anjomlar bilan to‘liq jihozlash bo‘yicha aniq maqsadni ko‘zlab va oqilona foydalanish ustidan tizimli asosda doimiy monitoring olib borsin.

8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ishtirokida hududlar bo‘yicha ta’lim muassasalarini rekonstrutsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashga oid takliflarni shakllantiradilar hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini tasdiqlash uchun belgilangan muddatdan uch oy oldin mana shu takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga kiritadilar;
  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga kelib tushadigan mablag‘lar doirasida Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash Dasturining uzil-kesil parametrlarini shakllantiradilar hamda uni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining loyihasi kiritiladigan muddatlarda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar;
  • Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash Dasturi har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturiga mustaqil bo‘lim sifatida kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda ikki hafta muddatda Jamg‘arma to‘g‘risidagi Nizomni hamda Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning har yilgi Dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Tartibini tayyorlasin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Quyidagilar:

  • Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi vazifasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati zimmasiga;
  • ta’lim muassasalarini jihozlash (to‘liq jihozlash) bo‘yicha buyurtmachi vazifasi, berilgan vakolatlar doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi zimmasiga yuklansin.

10. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, boshqa ommaviy axborot vositalari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlarni, ta’lim muassasalarining barpo etilgan moddiy-texnika bazasi negizida zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan o‘quv jarayonida foydalanishning ijobiy tajribasini keng yoritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomni, ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning har yilgi Dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Tartibini, shuningdek, ta’lim standartlarining talablarini hisobga olgan holda, umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, mebel va anjomlar bilan jihozlashning yangilangan normativlarini tasdiqlasin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2010 yil 10 noyabr


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati