O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida
06.04.2011

O‘zbekiston Respublikasi o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan buyuk tarixiy sana – 1 sentabr xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutadigan, har yili eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida katta shodu xurramlik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ayyomdir. Bu yil Vatanimiz mamlakatimiz istiqlolining shonli sanasini – milliy mustaqilligimizning yigirma yilligini baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan kutib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tarixan qisqa bir davrda avvalo el-yurtimizning xohish-irodasi, kuch-qudrati, mashaqqatli va bunyodkorona mehnati evaziga jahon xaritasida yangi, o‘z kuchi va salohiyatiga tayangan, bugun taraqqiyot yo‘lidan barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan mustaqil, suveren O‘zbekiston davlatining paydo bo‘lishi, hech shubhasiz, xalqimizning tarixiy g‘alabasidir.

Ayniqsa, mamlakatimizda demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqtisodiyotimizni bozor munosabatlariga o‘tkazish va rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olish yo‘lida erishgan marralarimiz jahon ahlini haqli ravishda hayratda qoldirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda o‘tgan davr mobaynida qo‘lga kiritgan yutuq va natijalarimizni, mamlakatimizning salohiyati va qudrati, uning xalqaro maydonda nufuzi tobora yuksalib borayotgani, tub islohotlarimizning mohiyati va ahamiyatini aholining keng qatlamlariga yanada chuqurroq ochib berish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish uchun tegishli tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish e’tibor markazida bo‘lishi zarur.

Ayni shu vazifalarni inobatga olgan holda va bayram tadbirlarini vatandoshlarimiz, xususan, yosh avlod qalbida chuqur taassurot qoldiradigan yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligiga bag‘ishlab ishlab chiqilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi 1-ilovaga, Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tomoshasi dasturini tayyorlash bo‘yicha ijodiy guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Bayramni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tayyorgarlik ishlari va tadbirlarni “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” degan shior ostida tashkil etish maqsadga muvofiq deb topilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi (SH.Mirziyoyev) tomonidan:

- komissiya yig‘ilishlarida dasturda belgilangan chora-tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar rahbarlarining hisoboti muntazam ravishda eshitib borilsin;
- bayram tantanalari arafasida foydalanishga topshiriladigan ishlab chiqarish, ijtimoiy-madaniy obyektlarni o‘z vaqtida ishga tushirish choralari ko‘rilsin;
- mamlakatimiz yoshlari – umumiy o‘rta ta’lim, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mo‘ljallangan alohida tadbirlar rejasi amalga oshirilsin;
- o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Barkamol avlod” sport o‘yinlarini (Termiz shahrida), mamlakatimiz yoshlari ishtirokida “Biz – yigirma yoshdamiz” forumini, mehnat va o‘quv jamoalari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” musobaqalari va marafonini yuqori saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilsin;
- an’anaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini, yosh ijrochilar o‘rtasida “Nihol”, iste’dodli yoshlar o‘rtasida “Kelajak ovozi”, jurnalistika sohasida “Eng ulug‘, eng aziz”, “Oltin qalam”, “Ozod yurt to‘lqinlari”, zamonaviy san’at va folklor ijodiyoti sohasida “Navqiron O‘zbekiston”, “Asrlar sadosi” respublika tanlovlarini, shuningdek, yangitdan tashkil etilayotgan “Istiqlol tarix ko‘zgusida” (mustaqillik tarixini yoritishga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy va ilmiy-ommabop ishlar uchun), “Vatan uchun yashaylik” (nasriy va she’riy yo‘nalishdagi eng yaxshi asarlar uchun), “Seni kuylaymiz, zamondosh!” (teatr san’ati sohasidagi eng yaxshi asarlar uchun), “Istiqlol solnomasi” (kino san’ati sohasidagi eng yaxshi asarlar uchun), “Ranglar jilosida – ona diyor” (tasviriy san’at sohasidagi eng yaxshi asarlar uchun) tanlovlarini yuqori darajada o‘tkazish ta’minlansin.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligiga bag‘ishlab tashkil etilayotgan yangi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish tartibi, mukofotlarning miqdori va darajasi, g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash mezonlarini ishlab chiqsin va qabul qilsin.

4. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida mustaqillikning yigirma yillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, jonli muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, adib va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning belgilangan reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari rahbarlariga:

- o‘n kun muddatda bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha hududiy komissiyalarni tuzish hamda ular tomonidan amalga oshiriladigan vazifalarni aniq belgilab berish;
- joylarda yubileyga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ishlab chiqishda yangi ijodiy kuchlarni, iste’dodli yoshlarni keng jalb etish vazifasi yuklatilsin.

Mazkur reja va dasturlardan o‘rin olgan tadbirlarni keng jamoatchilikni jalb etgan holda, barcha yurtdoshlarimizning qalbi va ongiga yetib boradigan, ularning ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan, yangi marralar sari ilhomlantiradigan ta’sirchan shaklda, rasmiyatchilik va balandparvozlik ko‘rinishlaridan xoli tarzda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilsin.

6. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng va muntazam ravishda yoritib borish tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (R.Azimov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning amalga oshirilishi uchun zarur mablag‘larni o‘z vaqtida moliyalashtirishni ta’minlasin.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2011 yil 6 aprel


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati