Tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
12.05.2011

“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda tadbirkorlik faoliyatini keng rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish va xarajatlarini kamaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligining 2011 yil 1 iyundan xodimlarining yillik o‘rtacha soni 50 kishidan 100 kishigacha ko‘paytiriladigan kichik korxonalarning faoliyat turlari ro‘yxatini 1-ilovaga muvofiq kengaytirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. 2011 yil 1 iyundan quyidagicha tartib belgilansin:

yangi tashkil qilinayotgan mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar ustav fondi (ustav kapitali)ning eng kam hajmi davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun hujjatlar taqdim etilgan sanada qonunchilikda belgilangan eng kam ish haqi miqdorining qirq baravaridan kam bo‘lmasligi kerak;

tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ularning arizasiga ko‘ra namunaviy ta’sis hujjatlari asosida amalga oshirilishi mumkin;

tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha tegishli inspeksiyalarda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lanadigan davlat boji stavkasi eng kam ish haqi miqdorining bir baravariga tengdir;

tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda notarial tarzda tasdiqlangan ta’sis hujjatlarini taqdim etish haqidagi talab bekor qilinadi, xorijiy investitsiyali korxonalar va chet el sarmoyasi ishtirokidagi boshqa korxonalar bundan mustasno.

3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan namunaviy ta’sis hujjatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi 2011 yilning 1 iyunidan muassislar yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning elektron buyurtmasiga ko‘ra internet tarmog‘i orqali firmali nomlarning markazlashgan ma’lumotlar bazasida xo‘jalik yurituvchi subyektning firmali nomlanishini zaxira qilib qo‘yish amaliyotini joriy etsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Milliy axborot agentligi va Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari va aholi o‘rtasida mazkur qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning mazmunini, mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada jadal rivojlantirishdagi ularning ahamiyatini ochib beruvchi keng ko‘lamli tushuntirish ishlari amalga oshirilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflar kiritsin.

8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2011 yil 12 may


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati