Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida
26.07.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.

Xalqimiz uchun mehr-shafqat, saxovat va muruvvat, qanoat va shukronalik ramzi bo‘lgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat,o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, el-yurtimizga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2011 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1 avgust kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va urf-odatlarimizga mos ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda muqaddas Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, yaxshilik, ma’naviy poklik fazilatlarini e’zozlash, yurtimizda dinu diyonatimizni tiklash, vijdon erkinligini ta’minlash, aziz-avliyolarimiz, buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ularning muqaddas qadamjolarini obod qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlarimizni targ‘ib etish, azal-azaldan ushbu muborak oyda amalga oshirib kelinadigan yordam va ko‘makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish bo‘yicha olib boriladigan ishlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2011 yil 26 iyul.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati