“Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”
25.08.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.

Muborak Ramazon hayitining xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulug‘lash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ro‘za hayitni dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida” 1992 yil 27 martdagi PF-368-son Farmoniga muvofiq:

1. 2011 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 31 avgustga to‘g‘ri kelishi haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasining murojaatini inobatga olib, 2011 yil 31 avgust dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.

2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2011 yil 25 avgust


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati