Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
29.11.2011

Qayd etib o‘tilsinki, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish natijasida respublikada – birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi qishloq vrachlik punktlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlaridan boshlab, murakkab yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarigacha barcha darajalarni qamrab olgan aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tashkiliy tuzilmasi yaratildi.

So‘nggi o‘n yilda davolash-profilaktika muassasalarini modernizatsiya qilish va eng zamonaviy laboratoriya, tashxis va davolash uskunalari bilan jihozlashga 750 million AQSH dollaridan ortiq miqdorda budjet mablag‘lari yo‘naltirildi va imtiyozli kreditlar hamda grantlar jalb qilindi. Mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash sohasiga qilingan xarajatlar 3,6 baravar o‘sdi va bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan qariyb 4,0 foizni, mamlakatning Davlat budjetida esa 15,7 foizdan ortiqni tashkil qilayapti.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 1990 yilga nisbatan o‘rtacha umr ko‘rish 67 yoshdan 73 yoshgacha ortdi, onalar hamda go‘daklarning o‘limi tegishli ravishda 3,1 va 3,2 marotabaga qisqardi. Aholining, ayniqsa sil, gepatit, turli yuqumli xastaliklar bilan umumiy kasallanish darajasi sezilarli ravishda pasaydi.

Shu bilan birga, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, ayniqsa joylarda, tuman va viloyat tibbiyot birlashmalarining moddiy-texnika bazasi holati o‘sib borayotgan zamonaviy talablarga hamon javob bermay kelmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini boshqarish tizimi tubdan takomillashtirilishini taqozo etmoqda, ularda yetakchi xorijiy tibbiyot markazlarining tajribasini, shuningdek, mehnatni tashkil etish va rag‘batlantirishning ilg‘or shakllarini qo‘llash, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash talab qilinmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq aholiga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash, respublika sog‘liqni saqlash tizimida boshqarish va mehnatni tashkil etishning ilg‘or shakl hamda uslublarini joriy etish maqsadida:

1. 2012-2015 yillarda respublika sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

aholiga, ayniqsa qishloq joylarda, yuqori sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishida keng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlash, fuqarolarga kasalliklar profilaktikasi va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha diagnostika hamda ambulatoriya-profilaktika muassasalarining ish samaradorligini tubdan oshirish;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining mavjud quvvatlaridan foydalanish samaradorligini oshirgan, zamonaviy uskunalar bilan, shu jumladan ularni xalqaro moliya institutlari kreditlari va grant mablag‘lari hisobidan jihozlagan holda tuman (shahar) darajasida tibbiyot muassasalari tarmog‘i va o‘rinlar fondini maqbullashtirish hamda tarkibiy qayta qurish;

zamonaviy, xalqaro tajribadan o‘tkazilgan tashkiliy va moliyaviy menejment usullarini tatbiq etib respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash va doimiy ravishda qayta jihozlab borish;

tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati samaradorligini, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda eng yangi tashxis va davolash uskunalari bilan qayta jihozlash, zamonaviy mobil tibbiy uskuna va aloqa vositalari bilan butlangan maxsus avtotransport bilan qo‘shimcha jihozlash;

ona va bola salomatligini muhofaza qilish Milliy modeliga muvofiq onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, perinatal, skrining markazlari, tug‘ruqqa ko‘maklashish hamda pediatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash;

aholini virusli va yuqumli kasalliklardan muhofaza qilishning profilaktik tadbirlarini kuchaytirish hamda ishonchliligini oshirish, onkologik va sil kasalligiga qarshi xizmatlar muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, profilaktika ishlarining, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolashning samarali tizimini shakllantirish;

zamonaviy tashxis va davolash uskunalariga, yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ega xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish va litsenziya berishni yanada takomillashtirish, ularga nisbatan tasdiqlangan davolash standartlariga muvofiq ravishda aholiga sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish talablarini oshirish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 18 iyuldagi R-3676-sonli farmoyishi bilan tuzilgan Komissiyaning:

2012-2015 yillarda 1- va 2-ilovalarga muvofiq budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan sog‘liqni saqlash tizimi statsionar muassasalari tarmog‘i va o‘rinlar fondini maqbullashtirish to‘g‘risidagi;

2012-2014 yillar mobaynida olis qishloq aholi punktlarida qishloq aholisi uchun birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanishni ta’minlaydigan qo‘shimcha 102 ta qishloq vrachlik punktlarini 3-ilovaga muvofiq barpo etish to‘g‘risidagi;

100 ta tuman tibbiyot birlashmalarini 93 million AQSH dollari miqdoridagi “Salomatlik-3” loyihasini Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirish doirasida zamonaviy laboratoriya, tashxis va davolash uskunalari bilan jihozlanadigan tuman tibbiyot muassasalarining tashxis, statsionar va ko‘makchi bo‘linmalarini bir hududda ixcham joylashtirish asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi;

KfV bankining 27 million yevro miqdoridagi imtiyozli kreditlari va grant mablag‘lari hisobiga jihozlanadigan barcha viloyatlar va Nukus shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarining binolarini, shuningdek, umumiy qiymati 13 million yevro miqdorida jalb etiladigan imtiyozli kreditlar va Germaniya hukumatining grant mablag‘lari hisobiga jihozlanadigan kattalar uchun mo‘ljallangan 5 ta tibbiyot markazlarining binolarini rekonstruksiya qilish haqidagi;

2012-2013 yillarda 4-ilovaga muvofiq respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini bosqichma-bosqich aksiyalashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini aksiyalashtirish quyidagi shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari aksiyalarining 51 foizini davlatda saqlab qolgan holda, davlat ulushi bo‘yicha tegishli bo‘lgan dividendlarni 2020 yilni ham o‘z ichiga olgan davrda birinchi navbatda ixtisoslashtirilgan markazlarni to‘liq jihozlash va qayta jihozlash uchun zamonaviy tibbiyot uskunalarini xarid qilishga yo‘naltirish;

aksiyalarning 49 foizini ixtisoslashtirilgan markazlarning mehnat jamoalariga (ulushni tasarruf qilish va taqsimlash huquqisiz) foydalanish uchun berib, ular bo‘yicha tegishli bo‘lgan dividendlarni ixtisoslashtirilgan markaz faoliyatining pirovard moliyaviy natijalarida xodimlarning mehnat ishtiroki koeffitsiyentiga qarab ularni (shu jumladan, markazlarning rahbarlar tarkibi uchun 10 foizgacha) moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish;

respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari Kengashlarining tarkibiga Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalarning vakillarini kiritgan holda ularning zimmasiga markazlar faoliyati strategiyasini shakllantirishda faol qatnashish, Kengash tomonidan tasdiqlanadigan biznes-rejalar bajarilishini nazorat qilish, budjet hamda budjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanilishi ustidan monitoringni amalga oshirish vazifalarini yuklash.

4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan viloyat va tuman bo‘g‘inidagi 46 ta sog‘liqni saqlash muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi to‘la moliyalashtirishga o‘tkazish, shuningdek, 57 ta tibbiyot muassasalarining umumiy xarajatlarini moliyalashtirishda budjetdan tashqari mablag‘lar salmog‘ini oshirish haqidagi takliflari 5- va 6-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2012-2015 yillarda Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash dasturlarini shakllantirish chog‘ida qishloq vrachlik punktlarini, tuman tibbiyot birlashmalari hamda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, shu jumladan bolalar tibbiyot markazlarining binolarini rekonstruksiya qilish va qurish uchun kapital mablag‘larning zarur limitlarini nazarda tutsin.

6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

2012-2015 yillarga mo‘ljallangan dasturiy chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlagan holda, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining, kechiktirib bo‘lmaydigan va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari, onkologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, silga qarshi muassasalarni eng avvalo, xalqaro moliya institutlari hamda donorlarning grantlari va imtiyozli kreditlari hisobiga tubdan qayta jihozlash bo‘yicha moliyalashtirishning aniq manbalari va ularni amalga oshirish muddatlarini ko‘rsatib o‘tsin;

xususiy tibbiyot muassasalariga litsenziyalar beriladigan tibbiy faoliyat ixtisoslashuv turlarining yangilangan ro‘yxatini, undan odamlarning, ayniqsa bolalarning hayoti va salomatligi uchun yuqori darajadagi xatar bilan bog‘liq turlarini chiqarib tashlab, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari uchun litsenziya talablari va shartlarini hamda ularga rioya etilishi uchun javobgarlikni kuchaytirgan holda Tibbiy faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida yangi tahrirdagi nizomni tasdiqlasin.

2012 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xususiy tibbiyot muassasalarining litsenziya talablari va shartlariga rioya etishlari xususida o‘tkazayotgan tekshiruvlari nazorat qiluvchi idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi va uning hududiy komissiyalari bilan qo‘shimcha ravishda kelishilmagan holda amalga oshiriladigan Nazorat idoralarining nazorat funksiyalari ro‘yxatiga kiritilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda 2012 yilning 1 martiga qadar viloyatlarning tibbiy tashxis markazlarini, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini, kechiktirib bo‘lmaydigan va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari va onkologiya xizmati hamda sil kasaliga qarshi muassasalarni zarur asbob-uskuna va anjomlar bilan jihozlash uchun xalqaro moliya tashkilotlari hamda donor mamlakatlarning imtiyozli kreditlari va grantlarini jalb etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflarni kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012-2015 yillarda tuman tibbiyot birlashmalarining tarmog‘i va o‘rinlar fondini maqbullashtirish, shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash muassasalari umumiy xarajatlarini moliyalashtirishda budjetdan tashqari mablag‘lar salmog‘ini bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish bo‘yicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan jadvallarga rioya etilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatsin, bo‘shaydigan mablag‘larni sog‘liqni saqlash muassasalarining anjomlar, sarflanadigan materiallar, reaktiv va dori-darmonlar bilan ta’minlanishini yaxshilashga maqsadli yo‘naltirilishini nazarda tutsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 19 sentabrdagi PF-3923-sonli “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida” Farmonida berilgan soliq va bojxona imtiyozlari 2018 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilsin, bojxona imtiyozlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan olib kelinadigan tibbiyot uskunalariga, butlovchi buyumlarga, tibbiyot uskunalarining ehtiyot qismlari va sarflanadigan materiallariga nisbatan joriy etilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2011 yil 28 noyabr

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati