O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutini tashkil etish to‘g‘risida
04.06.2012

Madaniyat va san’at sohasida teatr, kino, televideniye, xalq ijodiyotini rivojlantirish borasidagi zamonaviy talablarga, xalqimizning tobora ortib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlariga javob beradigan yuksak malakali mutaxassislarni tayyorlash darajasi hamda sifatini takomillashtirish va tubdan oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarida yaratilgan mavjud moddiy-texnik bazadan yanada samarali foydalanish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 9 aprelda qabul qilingan 237-f-sonli farmoyishi asosida tashkil etilgan Komissiya hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent Davlat madaniyat instituti va O‘zbekiston Davlat san’at instituti negizida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti shartnoma va majburiyatlar bo‘yicha sobiq Toshkent Davlat madaniyat instituti hamda O‘zbekiston Davlat san’at institutining huquqiy vorisi hisoblanadi.

2. Quyidagi yo‘nalishlar O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining eng muhim vazifalari etib belgilansin:

madaniyat, teatr san’ati, kino va televideniye sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan, xalq ijodiyoti an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirishga qodir, badiiy ijodning zamonaviy metodlari, innovatsion texnika va texnologiyalarni puxta egallagan yuksak malakali mutaxassislarni tayyorlash;

madaniy-ma’naviy boylikni asrab-avaylash va ko‘paytirish, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi asosida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan milliy teatr maktabi va badiiy ijod mahoratini rivojlantirish;

o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, ilg‘or pedagogika, innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron axborot resurslari, jumladan, Internetdan keng foydalangan holda, ta’lim jarayonining yuqori darajada olib borilishini ta’minlash;

yoshlarni vatanparvarlik va milliy g‘oyaga sadoqat ruhida, ma’naviy yuksak va har tomonlama barkamol rivojlangan, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan shaxslar etib tarbiyalash;

madaniyat va san’at sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

3. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining 46 nafar shtat birligi doirasidagi boshqaruv xodimlarining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 9 aprelda qabul qilingan 237-f-sonli farmoyishiga binoan tashkil etilgan Komissiyaning O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan quyidagi takliflari ma’qullansin:

“Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish” yo‘nalishini Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga kiritgan holda, ushbu yo‘nalish bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash;
“Madaniyat va san’at sohasi menejmenti” va “Ommaviy tadbirlar rejissurasi” yo‘nalishlari bo‘yicha yangi magistratura mutaxassisliklarini joriy etish.

5. 2012/2013 o‘quv yillarida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutiga qabul kvotalari 2-ilovaga muvofiq, bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha – 297 nafar, jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 96 nafar hamda to‘lov-shartnoma asosida – 201 nafar; magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 40 nafar, jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 11 nafar, to‘lov-shartnoma asosida – 29 nafar etib belgilansin.

6. Toshkent Axborot texnologiyalari universitetiga “Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash vazifasi yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 7 mayda imzolangan PQ-1751-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent Axborot texnologiyalari universitetiga 2012/2013 o‘quv yillarida ushbu ta’lim yo‘nalishida qabul kvotasi bakalavrlar tayyorlash uchun – 60 nafar, magistrlar tayyorlash uchun esa – 6 nafar etib belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2012/2013 o‘quv yillari uchun qabul bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqsin va “Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha yuksak malakali kadrlar tayyorlashni Toshkent Davlat madaniyat institutining ushbu yo‘nalishda ta’lim olayotgan ikkinchi-to‘rtinchi kurs bakalavr va magistrlari mazkur universitetga o‘tkazilishini hisobga olgan holda tashkil etsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 9 aprelda qabul qilingan 237-f-sonli farmoyishi asosida tuzilgan Komissiyaga O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutini Toshkent Davlat madaniyat instituti hamda O‘zbekiston Davlat san’at instituti negizida tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.

Komissiya (R.Azimov):

bir hafta muddatda Toshkent Davlat madaniyat instituti hamda O‘zbekiston Davlat san’at instituti negizida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin;

yangi tashkil etilayotgan Institutga yuksak malakali kadrlarni tanlov asosida, jumladan, Toshkent Davlat madaniyat instituti hamda O‘zbekiston Davlat san’at institutining rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilari tarkibini qonunda belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazish orqali saralab olishni ta’minlasin;

yangi o‘quv yili boshlangunga qadar yangi tashkil etilayotgan Institutning takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlariga qat’iy mos keladigan, madaniyat va san’atni rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beradigan mutlaqo yangi o‘quv rejalari hamda dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

8. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutini asosiy turdagi o‘quv-laboratoriya, sahna va kompyuter jihozlari, shuningdek, mebel hamda inventarlar bilan jihozlash chora-tadbirlarini belgilasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining ta’minoti, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda jihozlash uchun zarur mablag‘lar ajratsin va bu ishlarni kelgusi yillarda ham ko‘zda tutsin.

10. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Yalang‘och dahasi, 127a uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Davlat mulkini boshqarish qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Davlat san’at institutining bo‘shayotgan binolarini Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti balansiga o‘tkazsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 21 iyuldagi “Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san’at instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-128-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 26 iyuldagi “Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san’at institutining nomini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 154-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni taqdim etsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 4 iyun


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati