Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida
17.07.2012

El-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saxovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2012-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 20 iyul kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg‘un va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e’zozlash, mamlakatimizda muqaddas dinimizni tiklash, vijdon erkinligini ta’minlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, ularning muqaddas qadamjolarini obod etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarimizni targ‘ib etish, ushbu qutlug‘ oyda amalga oshirib kelinadigan xayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha olib boriladigan ishlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 17 iyul


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati