Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini tashkil etish to‘g‘risida
24.09.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Respublikamizda kuchli maktabga ega bo‘lgan hamda Olimpiya o‘yinlari va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan sport kurashini olimpiya sport turlaridan biri sifatida yanada keng rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni erkin va yunon-rum kurashi bilan muntazam shug‘ullanishga faol jalb etish, ularning sport mahoratini oshirish hamda trener kadrlarning salohiyatini rivojlantirish, shu asosda mamlakatimiz terma jamoalari uchun ishonchli zaxirani shakllantirish borasida zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining Toshkent shahrida Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi idoraviy sport kompleksiga tegishli binolar va inshootlarning bir qismi negizida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha yosh iste’dodli kurashchilarni tanlab olish va tayyorlash bilan shug‘ullanadigan o‘z internatiga ega bo‘lgan sport-sog‘lomlashtirish muassasasi sifatida tashkil qilinadi;

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining umumiy kontingenti 60 nafar o‘quvchini tashkil qiladi, ular turar joy, to‘rt mahal ovqat, sport ekipirovkasi hamda maxsus kiyim-bosh, sport uskunalari va anjomlari bilan ta’minlanadilar.

3. Quyidagilar Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

zarur bo‘lgan taqdirda sport kurashi bo‘yicha xorijiy trenerlar va mutaxassislarni taklif qilgan holda, kurashchilarni sport kurashi sohasidagi eng yangi ilmiy-metodik tavsiyanomalar asosida tayyorlash bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini yuqori darajada tashkil qilish;

nazariy tayyorgarlik va texnik-taktik ko‘nikmalarni takomillashtirish, o‘quvchilarning professional qobiliyatini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy sport kurashini rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda O‘zbekiston terma jamoalarini tayyorlash darajasini oshirish;

Birlashgan kurash usullari xalqaro federatsiyasi (FILA) trenerlarini o‘qitish dasturlaridan foydalangan holda, Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi trenerlarining malakasini tizimli asosda oshirib borish;

o‘quvchi-kurashchilar va trenerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun tajriba almashish borasida sport kurashi bo‘yicha xorijiy maktablar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

Davlat byudjeti mablag‘lari;

Sport kurashlari assotsiatsiyasi mablag‘lari;

homiylar mablag‘lari va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri hokimligi bir oy muddatda Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasida joylashgan sport kompleksining tegishli binolari va inshootlarini, boshqa mulklarini, “Dinamo” stadionini Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining balansiga belgilangan tartibda bepul o‘tkazilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining tuzilmasini va maktabga o‘quvchilarni tanlov asosida qabul qilish tartibini;

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi o‘quvchilarining yashab turishi uchun jihozlar, oziq-ovqat, shuningdek, sport ekipirovkasi va kiyim-bosh bilan ta’minlash normativlarini;

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi uchun o‘quv-mashg‘ulot, sport va xo‘jalik uskunalari, jihozlar, zamonaviy kompyuter texnikasi, texnik hamda transport vositalari, shuningdek, boshqa mulklarning zarur ro‘yxatini;

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi uchun o‘quv-mashg‘ulot korpusining qurilishini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda:

bir oy muddatda belgilangan tartibda Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining Nizomi tasdiqlanishini, shuningdek, uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishini, o‘quv xonalarining zarur o‘quv-metodik adabiyotlar bilan jihozlanishini;

ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha yosh kurashchilarni tayyorlash dasturi tasdiqlanishini;

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi o‘quvchilari tayyorgarligining sifati muntazam ravishda monitoring qilib borilishi va zarur hollarda tayyorgarlik jarayoniga tegishli tuzatishlar kiritilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasiga:

Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga tizimli asosda tashkiliy va o‘quv-metodik yordam ko‘rsatish hamda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;

ikki oy muddatda Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini kerakli o‘quv-mashq va sport uskunalari, mebel va anjomlar, zamonaviy kompyuter texnikasi, texnik va transport vositalari hamda boshqa mol-mulk bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini homiylar bilan birgalikda amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, Birlashgan kurash usullari xalqaro federatsiyasi trenerlarini o‘qitish dasturlaridan foydalangan holda, Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi trenerlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining o‘quv-mashg‘ulot jarayoniga Federatsiyaning kadrlar va o‘quv-metodik salohiyati jalb etilishini ta’minlash tavsiya qilinsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qarorga muvofiq, 2013-yildan boshlab har yili, Davlat byudjeti parametrlarida Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini tashkil qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish hamda uning joriy ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin;

3 ta xizmat avtotransporti, shu jumladan, bitta avtobus ta’minoti uchun limit belgilasin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2012-yil 24-sentabr

                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati