Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida
22.10.2012

Muborak Qurbon hayitining xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulug‘lash, fuqarolarning hamjihatligi va mehr-oqibatini mustahkamlash, ularning ruhiy va ma’naviy olamini yanada yuksaltirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy bayram – Qurbon hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish haqida"gi 1991-yil 20-iyundagi PF-221-son Farmoniga muvofiq :

1. 2012-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 26-oktabr juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasining murojaatini inobatga olib, 2012-yil 26-oktabr dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.

2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa barcha mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayram tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilsin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 22-oktabr


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati