Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
09.08.2013

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish, ularga zamonaviy, chet el bozorlarida raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishda va uni eksportga chiqarishda zarur huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam ko‘rsatish, mamlakatimizning eksport qiluvchi tadbirkorlarini tashqi bozor kon’yunkturasi o‘zgarishlari xavf-xatarlaridan ishonchli himoya qilishni ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida respublika mintaqalarida hududiy filiallari bo‘lgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Quyidagilar Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblansin:

talab-ehtiyojga bo‘lgan joriy va istiqboldagi kon’yunkturani o‘rganish yuzasidan tashqi bozorlarning chuqur marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda mamlakatimizning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotni eksport qilish uchun potensial imkoniyatlarni aniqlash;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning assortimenti va turlarini tizimli asosda tahlil qilish, ularning tashqi bozorlardagi raqobatdoshlik darajasini aniqlash, tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirish, buning asosida eksportga ishlab chiqarilayotgan mahsulotning jahon va mintaqaviy bozorlardagi talab-ehtiyojga mos kelishini ta’minlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda, ehtimol tutilgan xaridorlarni izlashda, shartnomalarni tayyorlash va tuzishda, eksport operatsiyalarini amalga oshirishda, eksport qiluvchilarni ehtimol tutilgan xavf-xatarlardan ishonchli himoya qilishda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi bo‘yicha talab etiladigan zarur litsenziyalar, sertifikatlar hamda boshqa ruxsatnoma va yig‘imlarni olish va to‘lashda yuridik, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatish;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining chet ellardagi tender savdolaridagi ishtirokini kengaytirishga, shuningdek, yarmarkalar, “davra stollari” va boshqalarni tashkil etish yo‘li bilan mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari bilan xorijiy xaridorlarning muloqotlarini tashkil etishga ko‘maklashish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi nodavlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi;

Jamg‘arma faqat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari hamda fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatadi va yordam beradi;

Jamg‘arma Kengashi Jamg‘armani boshqarish yuqori organi hisoblanadi, ijro etuvchi direksiya Jamg‘armaning ijrochi organi va uning mablag‘larini tasarruf etuvchi hisoblanadi;

Jamg‘arma mablag‘larining boshlang‘ich miqdori 5,0 milliard so‘mni tashkil etadi, buning 2,5 milliard so‘mi davlat byudjeti mablag‘laridan beriladigan biryo‘la badal hisobiga, qolgan qismi esa muassislar – kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, shuningdek, boshqa tijorat banklari, moliyaviy institutlar va donorlarning ixtiyoriy badallari hisobiga shakllantiriladi;

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga tashqi iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq yuridik, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatishdan xalqaro amaliyotda umumqabul qilingan miqdorlarda – shartnoma qiymatining 3 foizigacha bo‘lgan komission ajratmalar tarzida olingan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Jamg‘arma mablag‘larining manbalari hisoblanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Jamg‘arma tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklariga:

eksportga mo‘ljallangan mahsulotning mamlakatimiz brendlarini rivojlantirish, eksportga yetkazib berishni olg‘a siljitish, jumladan, xorijiy mamlakatlarning qonunchiligiga muvofiq zarur litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining xalqaro tender savdolarida ishtirok etishi bilan bog‘liq ro‘yxatdan o‘tish yig‘imlari hamda boshqa to‘lovlarni to‘lash;

eksport shartnomalarini tuzgan, yangi bozorlarga chiqish va yangi mahsulot turlarini eksport qilishni ta’minlagan holda chet ellardagi ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish uchun beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, jumladan uning hududiy filiallari 2019-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar, yig‘imlar, boj hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinsin, yagona ijtimoiy to‘lov bundan mustasno.

6. Belgilab qo‘yilsinki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tovarlar va xizmatlarni oldindan haqini to‘lamasdan, akkreditiv ochmasdan yoki o‘rnatilgan tartibda berilgan eksport shartnomasining sug‘urtasi bo‘yicha polis mavjud bo‘lganida 180 kun mobaynida mablag‘ kelib tushishi yoki orqaga qaytarish muddati kafolatisiz xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga egadirlar.

7. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Jamg‘arma muassislarining tashkiliy yig‘ilishini o‘tkazish, uning nizomini tasdiqlash hamda Jamg‘arma Kengashini shakllantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Jamg‘arma Kengashi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin;

Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi va uning hududiy filiallari tuzilmasini tasdiqlasin, Jamg‘armani marketing, tashqi savdo operatsiyalari va xalqaro huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, belgilangan tartibda, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

8. Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasini Toshkent shahar, G‘.G‘ulom ko‘chasi, 1-uyda joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin, uni zarur texnika, asbob-uskunalar va aloqa turlari bilan jihozlash ko‘zda tutilsin.

Jamg‘arma Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda ikki oy muddatda Jamg‘armaning hududiy filiallari shakllantirilishi va joylashtirilishini ta’minlasin.

Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasini va uning hududiy filiallarini joylashtirish ijara haqi undirilmasdan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2013-yil 8-avgust

                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati