Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
30.12.2009

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda pensiya ta’minoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan o‘z vaqtida moliyalashtirish hamda ularni to‘liq hajmda to‘lash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya ta’minotiga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining viloyatlar, shaharlar va tumanlarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

Belgilab qo‘yilsinki, 2010 yilning 1 yanvaridan boshlab pensiyalar, shuningdek, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash, moliyalashtirish, ularning to‘lanishini hisobga olish va monitoringini yuritish Pensiya jamg‘armasining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

2. Quyidagilar belgilansin:

  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmalari fuqarolarning pensiya ta’minoti va tibbiy-mehnat ekspertizasi masalalarining butun kompleksi uchun mas’ul bo‘lgan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimiga kiruvchi funksiyalar hamda tegishli tuzilmalarni topshirish hisobiga tashkil etiladi;
  • Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmalarini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining topshiriladigan tuzilmalari shtat soni o‘rta hisobda
    20 foiz qisqaradi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi zimmasiga qo‘shimcha ravishda quyidagi asosiy vazifalar va funksiyalar yuklansin:

  • fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil qilish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pensiyalar hamda boshqa to‘lovlarning miqdorlari qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
  • pensiyalar hamda boshqa to‘lovlarni to‘liq hajmda moliyalashtirish va to‘lanishini tashkil qilish, ular bo‘yicha hisob va hisobotni yuritish;
  • pensiyalar tayinlanishi va qayta hisoblab chiqilishini tizimli asosda doimiy tahlil qilish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan qat’iyan maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
  • mehnat mayibligi yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik bo‘yicha tayinlangan pensiyalarni to‘lashga mablag‘larni da’volar bo‘yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil qilish;
  • tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmati faoliyatini tashkil etish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga:

  • fuqarolarning pensiya ta’minoti sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
  • budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari va xarajatlarining mutanosibligini ta’minlash;
  • budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni, xususan pensiyalar hamda boshqa tegishli to‘lovlarni tayinlash va to‘lashda o‘rnatilgan qoidalarni qo‘llanish qismida ularning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha vazifalar yuklansin.

5. Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi tarkibida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalarida tegishli bo‘limlar tashkil qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi zimmasiga:

  • yangi tayinlangan pensiya va nafaqalarning hisoblab chiqilishi, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar qo‘llanilishi to‘g‘riligini, shu jumladan fuqarolarning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildida birlamchi hujjatlarning to‘liqligi va ishonarliligini tekshirish yo‘li bilan yoppasiga tekshiruvlarni amalga oshirish;
  • mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar tomonidan ishlovchi pensionerlarga pensiyalar hamda nafaqalarning hisoblab yozilishi va to‘lanishi to‘g‘riligini reja asosida tekshirib turish;
  • fuqarolarga pensiya va nafaqalar, shu jumladan bank va pochta muassasalari tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishining tizimli monitoringini olib borish, qoidabuzarliklar aniqlanganda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rish;
  • tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan berilgan tekshiruv hujjatlari va xulosalarni, zarurat tug‘ilganda, mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda takroriy ekspertizalarni o‘tkazish yuzasidan qo‘shimcha vazifalar yuklansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda taqdim etsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,
2009 yil 30 dekabr


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati