Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
28.07.2010

“Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, yoshlarni, avvalambor kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Belgilansinki, mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan respublikaning kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning o‘rtacha yillik soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan normativdan ko‘pi bilan 20 foiz oshirilgan hollarda, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladi.

Bunda xodimlar sonining oshirilishiga O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining o‘qishni yakunlagan kunidan boshlab 3 yildan ortiq vaqt o‘tmagan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

3. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 
2010 yil 28 iyul


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati