Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida
15.11.2010

Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:

1. 2010 yilning 1 dekabridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 baravar oshirilsin.

2. 2010 yilning 1 dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

  • ish haqi – oyiga 49 735 so‘m;
  • yoshga doir pensiyalar – oyiga 97 285 so‘m;
  • yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich (nulinchi) razrad – oyiga 49 735 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 97 285 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 59 690 so‘m miqdorida belgilansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2010 yilning 1 dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki, 2010 yilning 1 dekabridan boshlab barcha turdagi pensiyalarning o‘rtacha 1,1 baravar oshirilishi ularning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qayta hisoblab chiqilishini inobatga olgan holda amalga oshiriladi, bunda 1991 yilning 1 yanvarigacha va undan keyingi yillarda tayinlangan pensiyalarning miqdori tenglashtirilishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi o‘n kun muddatda pensiyalarni qayta hisoblash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda barcha turdagi pensiyalarni oshirishning aniq miqdorlarini belgilasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasin.

6. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar respublika Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2010 yilning 1 dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 9 iyuldagi PF-4224-sonli Farmoni (8-bandi istisno qilingan holda) 2010 yilning 1 dekabridan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 
2010 yil 15 noyabr


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati