O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
05.01.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 23 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF – 4117- sonli Farmoniga muvofiq hamda zamonaviy xalqaro standartlar va talablarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish, berish va almashtirish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

  • O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
  • O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarining biometrik harakatlanish hujjati to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 26 fevralda qabul qilingan PF – 2240-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma 2015 yil 31 dekabrgacha haqiqiyligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xo‘jayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (M.Hazratqulov) ommaviy axborot vositalarida (matbuot, televideniye, radioeshittirish) fuqarolar o‘rtasida mazkur Farmonning asosiy qoidalarini keng targ‘ib qilish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlar tayyorlashni ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (E.G‘aniyev) belgilangan tartibda xorijiy davlatlar hukumatlarini, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotini va Xalqaro standartlashtirish tashkilotini O‘zbekistonda milliy pasport tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 9 dekabrda qabul qilingan PF – 3358-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Respublika davlat boshqaruvi organlari ro‘yxatining V bo‘limi quyidagi mazmundagi 7-band bilan to‘ldirilsin:

“7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi”.

6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (B.Matlyubov) Adliya vazirligi (R.Muhitdinov) va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqqan holda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 
2011 yil 5 yanvar


                o`zb   рус   eng
Bugun: 15.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati