“Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”
04.11.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:

1. 2011 yilning 1 dekabridan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 baravar oshirilsin.

2. 2011 yilning 1 dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi – oyiga 62 920 so‘m;

yoshga doir pensiyalar – oyiga 123 060 so‘m;

yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich (nulinchi) razrad – oyiga 62 920 so‘m;

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 123 060 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 75 510 so‘m mikdorida belgilansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek, pensiyalar, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2011 yilning 1 dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, budjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar hamda budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasin.

5. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq sarf- xarajatlar respublika Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2011 yilning 1 dekabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 7 iyuldagi PF-4332-sonli Farmoni (6-bandi istisno qilingan holda) 2011 yilning 1 dekabridan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri SH.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2011 yil, 3 noyabr.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 29.03.2020
Qidirish
© 2008 - 2020 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati