Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
09.07.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalar fuqarolar yig‘inlarining rahbarlari va xodimlari mehnatini ularning yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatli ishlarni amalga oshirishga, oila institutini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashga, jamiyatda barqarorlik va totuvlikni ta’minlashga qo‘shgan hissasini e’tiborga olgan holda yanada rag‘batlantirish maqsadida:

1. 2012-yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilarining mehnatini rag‘batlantirish to‘g‘risida” 1997-yil 13 maydagi PF-1778-son Farmonining mehnat haqi bo‘yicha Yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq rag‘batlantirish koeffitsiyenti sifatida maoshlarga 20 foizli ustama haq o‘rnatilishini nazarda tutuvchi 1-bandining amal qilishi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari lavozimlariga hamda “Mahalla posboni” rahbarlariga nisbatan joriy etilsin.

2. 2012-yilning 1 avgustidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshlariga alohida mehnat sharoitlari uchun 12 foiz miqdorida oylik ustama haq o‘rnatilsin.

3. 2012-yilning 1 avgustidan boshlab tarkibida mahallalar tashkil qilinmagan shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolarining o‘zini o‘zi boshqarish organlari diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarining lavozim maoshlari mehnat haqi Yagona tarif setkasi bo‘yicha bir razryad oshirilsin.

4. Ushbu Farmonda ko‘zda tutilgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 9 iyul


                o`zb   рус   eng
Bugun: 20.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati