Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida
19.07.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Qayd etilsinki, keyingi yillarda O‘zbekistonda bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, raqobatni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish yo‘lidan izchil olg‘a siljish borasida keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi.

2011-2015 yillar davrida O‘zbekiston iqtisodiyotida islohotlar miqyosini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish doirasida faqatgina so‘nggi yilning o‘zida tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish, xususiy mulk ustuvorligini ta’minlash va uning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatiga davlat va nazorat qiluvchi idoralar aralashuvini kamaytirishga oid aniq chora-tadbirlar ro‘yobga chiqarildi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining davlat, huquqni muhofaza etuvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili qonun darajasida joriy etildi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish, ularni muhandislik- kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, eksport tovarlarini bojxonada rasmiylashtirish tartib-taomillari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi. Kichik biznes sub’ektlarida ular ro‘yxatga olingan paytdan boshlab uch yil mobaynida soliqqa oid rejali tekshirishlar o‘tkazilishini taqiqlovchi tartib joriy etildi. Davlat tomonidan xarid qilishning yangi yanada takomillashtirilgan, ochiq va oshkora mexanizmi o‘rnatilganki, bunda kichik biznes sub’ektlariga afzallik beriladi. Barcha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishning elektron tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish boshlandi.

Respublika va mintaqalar bo‘yicha iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish ko‘lamlarini, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini shakllantirish darajasini har chorakda baholash ko‘rsatkichlari tizimi joriy etilgan.

Natijada, 2000-yil bilan taqqoslaganda kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31 foizdan 54 foizgacha ko‘paydi, ushbu sohada mehnat bilan band bo‘lganlar soni shu davr ichida 2 barobardan ko‘proq oshdi va iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat bilan band bo‘lganlarning 75,1 foizidan ko‘prog‘i uning ulushiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi vaqtda yalpi ichki mahsulotning 82,5 foizi, sanoat mahsulotining 91 foizi va qishloq xo‘jaligining deyarli barcha mahsuloti nodavlat sektorida ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, ishbilarmonlik muhitining hozirgi holati, biznesni yuritish shart-sharoitlari erkin bozor iqtisodiyoti talablari va tamoyillariga, umum qabul qilingan xalqaro me’yor va standartlarga hali to‘liq darajada mos kelayotgani yo‘q. Tadbirkorlik faoliyatini ortiqcha reglamentlar bilan cheklab qo‘yish hollari hali ham bartaraf etilmagan, iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida katta, serxarajat, nooshkora ma’muriy tartib-taomillar hamon amal qilib kelmoqda, byurokratik to‘siq va g‘ovlarga barham berilmagan.

Hozirgi xalqaro amaliyotda qabul qilinganidek, reglamentga soluvchi tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, arzonlashtirish va qisqartirish, davlat va nazorat qiluvchi organlar bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bevosita muloqotsiz elektron shakllarini hamma joyda keng tatbiq etish talab qilinadi.

Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, korxonalarning faoliyati bilan bog‘liq tartib-taomillarning barcha turlarini qisqartirish, soddalashtirish va ochiq-oydinlik darajasini oshirish, biznesni yuritish shart-sharoitlarini baholash mezonlarining jahon amaliyotida hamma tomonidan qabul qilingan tizimini joriy etish va shu asosda mamlakatimiz ishbilarmonlik va investitsiya muhiti darajasining xalqaro reytingini yanada oshirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Markaziy banki tomonidan manfaatdor idoralar va tuzilmalar bilan birgalikda Jahon banki hamda uning bo‘linmasi bo‘lgan Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan qabul qilingan “Biznesni yuritish” hisobotini shakllantirish metodikasiga muvofiq ishbilarmonlik muhiti holatini omillar asosida tahlil qilish hamda mamlakat reytingini belgilab beradigan baholash mezonlari va ko‘rsatkichlarini tatbiq etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.

2. Quyidagilar bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishning g‘oyat muhim vazifalari etib belgilansin:

tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, byurokratik g‘ovlarni tugatib borish, ro‘yxatga olish va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish hamda soddalashtirish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini, hisob-kitob va hisobot tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan qonun hujjatlarini mukammallashtirish evaziga mamlakatda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish uchun yanada qulayroq shart-sharoitlarni yaratish, xususiy mulkchilikning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi hissasini oshirish;

biznesni yuritish shart-sharoitlarini baholashning jahon amaliyotida umum qabul qilingan xalqaro mezonlarini keng joriy etish hamda yetakchi xalqaro moliyaviy-iqtisodiy va reyting tashkilotlarining yuqori baho ko‘rsatkichlariga erishish;

ichki bozorda raqobatni yanada chuqurlashtirish, mulkchilik va faoliyatni tashkil qilish shakllaridan qat’i nazar, barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun biznesni yuritishda teng sharoitlar yaratish, bozor tamoyillari asosida moddiy-xomashyo va kredit resurslaridan foydalanishga, davlat xaridlarida hamda mahsulotlarni sotish va pudrat ishlarini amalga oshirish borasidagi tanlov savdolarida ishtirok etishga keng imkoniyatlar yaratib berish;

statistik, moliyaviy va soliq hisobotlarini taqdim etishda, soliqlar va majburiy to‘lovlarni to‘lashda, ro‘yxatga olish va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirishda, yer maydonlarini ajratish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlashda davlat, nazorat qiluvchi organlar bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi bevosita muloqotni, byurokratik sansalorlik va korrupsiyani istisno etuvchi elektron tizimga, shu jumladan Internet tarmog‘iga keng miqyosda o‘tishni ta’minlash.

3. 2012-yil 1 avgustdan boshlab, 1-ilovaga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan aniq me’yor va chora-tadbirlar joriy qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasining komplekslari, 1-ilovada ko‘rsatilgan mas’ul ijrochilar – vazirliklar va idoralarning rahbarlari 2012-yilning 1 avgustigacha bo‘lgan muddatda me’yoriy-huquqiy hujjatlarni Farmonning ushbu bandiga muvofiq holga keltirsinlar.

4. Qonunchilikni takomillashtirish va ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilashga hamda tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 2013-2014 yillarda joriy etiladigan kompleks chora-tadbirlar Dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mas’ul ijrochilar – vazirliklar, idoralar, banklar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Dasturda nazarda tutilgan aniq chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar. Tegishli vazirliklar, idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari zimmasiga chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

Vazirlar Mahkamasi 2-ilovada nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan qattiq tizimli nazorat o‘rnatsin, ularning ijrosini har chorakda o‘z majlislarida ko‘rib chiqsin va chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

5. 2013-yilning 1 yanvaridan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida quyidagi tartib-taomillarni o‘z xohishlariga ko‘ra elektron shaklda amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladilar:

bank hisobvaraqlariga masofadan turib xizmat ko‘rsatish tizimi, shu jumladan “Internet-banking” tizimi orqali soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy banki, tijorat banklari;

yuklarni bojxonada rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarlarni deklaratsiya qilish – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi;

“bir oyna” tamoyili bo‘yicha yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqlarini ro‘yxatga olish – O‘zbekiston Respublikasi “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi;

tadbirkorlik sub’ektlarining da’vo arizalari va iltimosnomalarini xo‘jalik sudlariga berish – O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik tuzilmalariga xizmat ko‘rsatishning elektron shakllari va tizimlarini joriy etishda yuqorida ko‘rsatilgan sud va davlat boshqaruvi organlariga, tijorat banklariga amaliy yordam ko‘rsatsin.

Tijorat banklariga, to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshiruvchi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lov miqdorini kamida 20 foizga kamaytirish tavsiya etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va xususiy tadbirkorlik uchun yanada keng erkinlik berish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari muntazam ravishda o‘tkazilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Markaziy banki hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin.

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 18 iyul


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati