Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
24.07.2012

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Ta’kidlansinki, O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ta’lim tizimining barcha turlarini, jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadli keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirishning umummilliy davlat dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish natijasida ta’lim jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oluvchi, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalaridan iborat, yuqori talablarga javob beruvchi uzluksiz ta’limning yaxlit tizimi yaratildi.

Oliy ta’limning zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yaratildi. Stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutlari joriy qilindi, ularni moddiy rag‘batlantirish sharoitlari sezilarli darajada yaxshilandi.

Shuning bilan birga, amaldagi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarning mantiqiy davomi sifatida tubdan isloh qilish ob’ektiv zaruriyati bugungi kunda yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning amaldagi ikki bosqichli tizimi (fan nomzodi va fan doktori) iqtisodiy rivojlangan demokratik mamlakatlarda qabul qilingan oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning zamonaviy, xalqaro tan olingan talablariga mos kelmaydi.

Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish va fan nomzodi ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplomni olish ko‘p hollarda fan va ilmiy-texnikaviy rivojlanish manfaatlaridan yiroq birdan-bir maqsad bo‘lib qolgan hamda dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilishning turli bosqichlarida suiiste’molchilik holatlariga olib kelmoqda.

Bugungi kunda amal qilayotgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi ta’lim jarayoni bakalavriat va magistratura standartlariga o‘tkazilgandan so‘ng nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish mohiyatan ortiqcha ekanligini ko‘rsatmoqda hamda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri dissertatsiyani himoya qilishni nazarda tutuvchi oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimini joriy qilish zarurligini taqozo etmoqda.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, ilg‘or jahon tajribasi va ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning xalqaro standartlarini hisobga olgan holda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, shuningdek, dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – OAK), Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mavjud bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralarning 2013-yilning 1 yanvaridan boshlab:

umum qabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimini joriy qilish;

stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini bekor qilish, unda ta’lim olayotgan shaxslarni oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimining yangi talablariga muvofiq, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va dissertatsiya tadqiqotlari mavzularini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

fan doktori ilmiy darajasi “magistr” darajasi bilan oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida ilmiy izlanishlar natijalariga ko‘ra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan shaxslarga tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tomonidan beriladi;

katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga “magistr” darajasi bo‘lgan, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat stajiga (2-yildan kam bo‘lmagan), shuningdek, fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ma’lum bir ilmiy natijalarni qo‘lga kiritgan (ilmiy maqolalar nashr etish, ilmiy anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlarida ishtirok etish va boshqalar) shaxslar qabul qilinadi;

o‘rnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, “bakalavr” yoki “magistr” darajasi bilan oliy ma’lumotga, 3-yildan kam bo‘lmagan amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum bir ilmiy yutuqlarga (ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) ega bo‘lgan shaxslarga ham doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi.

3. Amalda mavjud bo‘lgan normativ hujjatlar talablariga muvofiq ilmiy darajalar berish bo‘yicha mavjud ixtisoslashgan kengashlarga 2012-yilning oxiriga qadar 2012-yil 1 iyulgacha OAK veb-saytida dissertatsiya ishlari himoyalari haqida e’lon qilingan tadqiqotchilarga fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajalarini berish bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishga ruxsat berilsin.

4. Quyidagilar:

fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan barcha shaxslar uchun tegishli imtiyozlar va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘rnatilgan moliyaviy to‘lovlar miqdori;

professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini berish saqlab qolinsin.

Bunda, attestatsiya ishlari ko‘rib chiqish uchun 2012-yilning 1 iyuligacha OAKga taqdim etilgan shaxslarga ilmiy unvonlar amalda mavjud bo‘lgan huquqiy-me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiq berilishi belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Fanlar akademiyasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar:

ikki oy muddatda, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha fan yo‘nalishlari va ixtisosliklar shifrlarining yangi ro‘yxatini o‘rnatilgan tartibda tasdiqlasinlar;

2012-yilning 1 noyabrigacha ilmiy darajalar berish bo‘yicha amaldagi ixtisoslashgan kengashlarni chuqur tahlil qilib, fan yo‘nalishlari va ixtisosliklarning yangi ro‘yxatini hisobga olgan holda mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tuzishga oid tegishli qaror qabul qilsinlar;

2012-yilning 1 noyabrigacha fan doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha ilmiy kengash to‘g‘risidagi Nizom va fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilsin va tasdiqlansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddat ichida mazkur Farmonning ijrosi bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tegishli Hukumat qarorini qabul qilsin:

umum qabul qilingan xalqaro standartlarga muvofiq “magistr” darajasini berish bo‘yicha dissertatsiya ishi mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan yangi mezonlar va talablar ishlab chiqish;

xalqaro tajribani hisobga olgan holda, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni tashkil etish, doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini olish uchun qo‘yiladigan yangi talablar ishlab chiqish va tasdiqlash, himoya qilinayotgan dissertatsiyalar, ularning ilmiy va amaliy ahamiyati haqida ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilish amaliyotini joriy etish;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, ortiqcha byurokratik jarayonlarni yo‘qotish, yangi talablarni hisobga olgan holda uning tuzilmasini optimallashtirish va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish.

7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ikki oy muddat ichida talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatga layoqatini aniqlash bo‘yicha test o‘tkazishni nazarda tutgan holda, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlari ilmiy mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish talablarini kuchaytirish maqsadida amaldagi barcha me’yorlarni qayta ko‘rib chiqsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi H.A.Muhiddinov zimmasiga yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 24 iyul


                o`zb   рус   eng
Bugun: 14.10.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati