O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida
13.06.2013

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Xalqimiz shu yil 1-sentabr kuni O‘zbekiston davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik to‘yini katta tantana, shodu xurramlik bilan keng nishonlaydi.

Biz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lmish Mustaqillik bayramini markazda va joylarda har tomonlama chuqur tayyorgarlik bilan kutib olish mamlakatimizda ezgu an’anaga aylanib qolgan.

Haqiqatan ham, umummilliy bayramimiz bo‘lgan bu qutlug‘ sana haqida so‘z borar ekan, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan yo‘limizni, amalga oshirgan ishlarimizni xolisona sarhisob qilib, bugungi yutuq va marralarga avvalo qanday og‘ir va mashaqqatli mehnat evaziga erishganimizni yana va yana bir bor ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazishimiz tabiiydir.

Mustaqillik bayramining yigirma ikki yilligini yuksak saviyada, munosib tarzda nishonlash maqsadida:

1. Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika va hududiy komissiyalar Mustaqillik bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda uyushqoqlik bilan, ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan, “Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!” degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.

2. Dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

mustaqillik – bu avvalo huquq ekanini, faqat mustaqillik orqaligina shaxs o‘z qadr-qimmati, or-nomusi va g‘ururini anglashi, istiqlol yurtimizda yashayotgan, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashning asosiy omili ekanini keng ochib berish;

xalqimiz o‘tgan davrda turli sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘zining mustahkam irodasi, qat’iyat va matonati, istiqlol g‘oyalariga sadoqatini namoyon etib, jahon maydonida munosib hurmat-e’tibor qozonganini chuqur tahlillar orqali ko‘rsatish;

O‘zbekistonning o‘ziga xos va o‘ziga mos taraqqiyot yo‘li – o‘zbek modelining mamlakatimiz uchun hal qiluvchi bir paytda eng to‘g‘ri, eng oqilona yo‘l sifatida tanlanganini, o‘tgan yillar davomida bu yo‘l yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har bir oila, butun jamiyatimiz hayotida sinovdan o‘tib, amalda har tomonlama o‘zini oqlagani va bugungi kunda amaliy natijasini berayotganini aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan tashviqot-targ‘ibot ishlari, jonli suhbat va muloqotlarning asosiy yo‘nalishi deb qabul qilish;

mamlakatimizda mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab belgilab olingan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan, odamlarimiz qalbidagi ezgu orzu-intilishlarni yaqqol ifoda etgan olijanob da’vat xalqimizni huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida safarbar etgani, yurtdoshlarimizning yuragiga chuqur kirib borgani istiqlol yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning hayotbaxsh manbai bo‘lib kelayotganiga alohida e’tibor qaratish;

mustaqillikka erishish arafasida va istiqlolning dastlabki yillarida, mamlakatimiz keskin ijtimoiy muammolar girdobida qolib ketgan tahlikali bir paytda mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar mohiyatini teran aks ettirish. Jumladan, g‘oyat og‘ir ayni o‘sha sharoitda aholiga qo‘shimcha tomorqa yerlari ajratish haqidagi farmon va qarorlar qabul qilingani, shu asosda O‘zbekiston bo‘yicha 2,5 million oilaga hammasi bo‘lib 700 ming gektar sug‘oriladigan yer tomorqa sifatida xususiy mulk qilib berilgani qishloqlarimizda ijtimoiy muammolarni yechish, aytish mumkinki, jar yoqasida turgan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishda ulkan tarixiy qadam bo‘lganini chuqur ochib berish. Ana shunday o‘zgarishlar tufayli odamlar dunyoda adolat va haqiqat borligiga, mustaqillik har qaysi oila, butun xalqimiz uchun hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan bebaho ne’mat ekaniga chin dildan ishonch hosil qilgani va shu kabi boshqa misollarda mustaqillik degan buyuk tarixiy hodisaning qadr-qimmati va ahamiyati haqida fikr yuritish;

mustaqilligimizning iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan eng muhim strategik dasturlar, jumladan, O‘zbekistonning g‘alla mustaqilligi, yoqilg‘i-energetika, transport-kommunikatsiya sohasidagi mustaqilligini ta’minlash, iqtisodiyotimizning yetakchi sohalarini modernizatsiya qilish, ilg‘or texnika va texnologiyalar bilan qurollantirish, eng zamonaviy korxonalarni barpo etish, kichik biznes va tadbirkorlik, fermerlik harakatini bugungi talablar asosida rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan tom ma’nodagi ulkan ishlarning mazmun-mohiyatini keng tahlil qilish;

istiqlol yillarida boy tariximiz, bebaho merosimiz, dinu diyonatimiz, ko‘hna urf-odat va an’analarimizning qayta tiklangani, istiqlol davri Vatanimiz uchun chinakam ma’naviy tiklanish va yuksalish davri bo‘lganini ifoda etish;

yurtimizda mustaqil davlat barpo etish, hech kimdan kam bo‘lmaydigan hayot darajasiga erishish, O‘zbekistonimizni dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarishdek ulug‘ maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yib, bu marralarning naqadar buyuk va mas’uliyatli ekanini o‘zimizga chuqur tasavvur qilgan holda, ana shunday yuksak ufqlar sari dadil borayotganimizning eng asosiy omil va mezonlarini keng yoritish. Bunda, avvalo, o‘z qadr-qimmatini chuqur anglagan, mustaqil va erkin fikrlaydigan, betakror milliy qadriyatlarimiz, bebaho madaniy merosimizning munosib vorislari bo‘lish bilan birga, dunyo ilmu fani yutuqlarini puxta o‘zlashtirib, zamon bilan hamohang bo‘lib yashashga, manaman degan davlatlardagi tengdoshlari bilan bemalol bellashuvga tayyor bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi istiqlol yillarida O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini aks ettirish. Qanday og‘ir bo‘lmasin, ana shu buyuk maqsadni amalga oshirish uchun barcha kuch-qudratimiz va imkoniyatlarimizni safarbar etganimiz, shu yo‘lda ahamiyatini baholashning o‘zi qiyin bo‘lgan ishlarimizning amaliy natijalarini ko‘rsatish. Bugungi kunda bu yutuqlar hayotimizda, mamlakatimiz taraqqiyotida, o‘zgalarning havasini tortayotgan barqaror o‘sish sur’atlarida yaqqol namoyon bo‘layotgani, kamol topayotgan farzandlarimiz hayotimizning asosiy, hal qiluvchi kuchi sifatida maydonga chiqayotganini ta’sirchan misollarda ifoda etish.

Yuqorida zikr etilgan fikrlarni bundan o‘n olti yil avval qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va uning uzviy davomi bo‘lgan Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi va boshqa muhim ijtimoiy dasturlar tahlili orqali mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligiga yetkazish;

davlatimiz tomonidan mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab aholi, birinchi navbatda yoshlarimizning jismonan baquvvat, ma’naviy jihatdan yetuk avlod bo‘lib ulg‘ayishiga berilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol tasdig‘i sifatida mamlakatimizda davlat byudjeti xarajatlar qismining 60 foizga yaqini ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalari rivojiga yo‘naltirilayotgani dunyo tajribasida kamdan-kam uchrashini, O‘zbekiston ayni shu sohalarda jahonda yetakchi o‘rinlarni egallab borayotgani nufuzli xalqaro ekspert va tahlil markazlari tomonidan e’tirof etilayotganiga alohida ahamiyat qaratish;

istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimiz aholisining 50 foizdan ziyodini tashkil etadigan xotin-qizlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ayol zotini e’zozlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila va jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilishga qaratilgan qaror va dasturlarning amaliy natijalarini ko‘rsatib berish. Shular qatorida oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayniqsa, qiz bolalarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda munosib o‘rin olishi uchun amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarimizning mohiyati va ahamiyati, bu boradagi siyosatning bugungi kunda izchil davom ettirilayotganini targ‘ibot-tashviqot ishlarining bosh mavzusi sifatida belgilash;

mamlakatimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yildan-yilga ochilib, tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotgani, jumladan, aholimizning asosiy qismi yashaydigan qishloq joylarda munosib turmush sharoitini yaratish, ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha maxsus davlat dasturlari joriy etilayotgani, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida shahar sharoitidan kam bo‘lmagan zamonaviy uy-joy massivlari kompleks barpo etilayotganini xalqimiz hayotini yanada farovon qilishga qaratilgan ishlarning amaliy namoyoni sifatida qabul qilish;

erishgan barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi, ishga, hayotga munosabati butunlay o‘zgarib, daxldorlik tuyg‘usi, o‘z kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib borayotgani, muxtasar aytganda, mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday yuksak marralarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasining negizida avvalambor odamlarimizning o‘sib borayotgan siyosiy, huquqiy, madaniy saviyasi va ijtimoiy faolligi mujassam ekanini aks ettirish;

hozirgi kunda bizning qanday shiddatli va notinch zamonda yashayotganimizni inobatga olgan holda, tinch va osoyishta hayot uchun kurashish, kerak bo‘lsa, fidoyilik ko‘rsatib, doimo ogoh, sezgir va ma’naviy uyg‘oq bo‘lib yashash, eng katta boyligimiz bo‘lmish yurtimizdagi millatlar va fuqarolararo ahillik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrash va mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarning ma’no-mazmunini ochib berish;

ayni mana shunday o‘ta murakkab va tahlikali bir sharoitda dunyoning turli mintaqalari, yaqin va uzoq hududlarida, yon-atrofimizda qarama-qarshilik o‘choqlari kuchayib, bir so‘z bilan aytganda, xavf-xatar tobora o‘sib borayotgan bir vaziyatda O‘zbekistonning xalqaro maydonda olib borayotgan tashqi siyosatini, uning mamlakatimizning milliy manfaatlariga javob beradigan strategik ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab olish bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lishi tabiiydir. Shu maqsadda 2012-yil sentabr oyida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunda belgilab berilgan asosiy prinsiplar, ya’ni:

O‘zbekistonning turli harbiy siyosiy bloklardan uzoq bo‘lishi haqida;

o‘zining suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga ega bo‘lishi va o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida;

ochiq, izchil va faol tashqi siyosat olib borishi haqida aniq-ravshan bayon etganini keng ommaga yetkazish;

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch va osuda hayotimizni himoya qilishning mustahkam tayanchi bo‘lib kelayotganini, harbiy xizmatning yoshlarimiz uchun haqiqiy mardlik, chiniqish va toblanish maktabiga aylangani, xalq va armiya – bir tanu bir jon ekanini hayotiy misollarda keng targ‘ib etish.

3. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida jonli muloqot va suhbatlar, uchrashuvlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda:

Mustaqillik bayramining yigirma ikki yilligini munosib nishonlash uchun joylarda hududiy komissiyalar tuzish, respublika dasturida belgilab berilgan asosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish;

bayram munosabati bilan xalqimizga xos bo‘lgan urf-odat va an’analarga munosib ravishda shahar va qishloqlar, mahalla va guzarlar, ko‘p qavatli uylar atrofida obodonlashtirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirilsin.

Mazkur reja va dasturlardan o‘rin olgan tadbirlarni rasmiyatchilik va balandparvozlik holatlariga yo‘l qo‘ymasdan, keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda, odamlarning qalbi va ongiga yetib boradigan, ularning kayfiyatini ko‘taradigan, yangi marralar sari ilhomlantiradigan xalqchil va ta’sirchan ruhda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilsin.

5. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida dasturda belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiqlar, musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin. Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin.

8. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan birgalikda avgust oyining oxirida mamlakatimiz mustaqilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin.

9. Madaniyat va sport ishlari vazirligi “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va Bastakorlar uyushmasi bilan birgalikda yosh ijrochilar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda g‘oliblar ijrosidagi konsert dasturini avgust oyining birinchi yarmida yuqori darajada tashkil etsin.

10. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jaliklar, jamg‘armalar hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

11. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2013-yil 12-iyun.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 24.09.2019
Qidirish
© 2008 - 2019 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati